Samarqandda yana «snos» g‘avg‘osi: quruvchi nega ayolning boshiga krujka bilan urdi?

Jamiyat 20:00 / 04.08.2022 35327

Facebook orqali ko‘rish:

YouTube orqali ko‘rish:

Ma’lum bo‘lishicha, mazkur holat Samarqand shahar aeroporti hududidagi dalahovlilarda istiqomat qilib kelayotgan fuqarolarni ko‘chirish jarayonida yuzaga kelgan. Tarqalgan videolarda ikki tomon ham bir-birini kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqoratlagani, kuch ishlatgani aks etgan. Xo‘sh, ayolni tepgan va uning boshiga krujka bilan urgan quruvchilar kim? Ular nega bunday qildi?

Rustam Olimov

Samarqand shahar hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari Rustam Olimovga ko‘ra, aeroport atrofidagi dalahovlilar «snos»ga tushgan va bosh rejaga asosan qurilish tashkilotlari mulk egalari bilan hisob-kitob ishlarini olib bormoqda. Aynan ziddiyat kelib chiqqan hududda «Farovon-Siti» MChJ tomonidan ko‘p qavatli uylar qurilishi ko‘zda tutilgan. Holat uyi buzilishga tushgan Shahlo Soliyeva hamda jamiyat ish yurituvchisi Karim Safarov o‘rtasida sodir bo‘lgan.

Voqea ishtirokchisi bo‘lgan Karim Safarov biz bilan suhbatda nega ayolni tepganini izohladi.

Karim Safarov

Uning aytishicha, Shahlo Soliyevaga 2022 yilning 28 iyun kuni uyning kompensatsiyasi to‘lab berilgan. Oldi-berdi jarayoni tasvirga ham olingan. Biroq ayol to‘y qilishim kerak, deb yana muddat so‘ragan. Aytilgan muddat o‘tib bo‘lgach, Soliyeva bilan murosa qilish uchun Safarov yana o‘sha xonadonga boradi. Karim Safarov ayol uni noo‘rin haqoratlagani, onasi va xotinining sha’niga bo‘lmag‘ur gaplar aytganini ma’lum qildi. 

«Shundan so‘ng miyam qizib ketdi, o‘zimni to‘xtata olmadim. Garchi ayolga qo‘l ko‘tarish noto‘g‘ri bo‘lsa ham aytaman, bunaqa haqoratlarga chidab turish oson emas. Bu voqea men bilan sodir bo‘lganidan afsuslanyapman. Biz ayolning dalahovlisini o‘zi istagan narxda sotib oldik, pulini to‘ladik, u iltimos qilgach, to‘yini o‘tkazib olgunicha kutib turdik ham. Biroq u nega yana hovlidan chiqib ketmagani va bizni haqoratlaganini rosti tushuna olmayman», dedi Safarov.

Ayolning boshiga krujka bilan urgan videodagi yana bir erkak esa Karim Safarovning akasi Rustam Safarov ekan. U ham ukasi va onasining haqoratlanganini qabul qila olmagan.

Biz Shahlo Soliyeva bilan telefon orqali bog‘lanib, uning o‘zidan ham asl vaziyatni eshitmoqchi bo‘ldik. Ayol avvaliga telefonni ko‘tarib, pulni olganini tan oldi. Biz u bilan uchrashib, to‘liq tafsilotni eshitish maqsadimiz borligini bildirdik. U birozdan keyin o‘zi qayta qo‘ng‘iroq qilmoqchiligini aytdi va telefonni o‘chirdi.

Biroq Soliyeva shundan keyin qo‘ng‘iroqlarimizga boshqa javob bermadi. Shu sababli u yashagan Zarafshon mahallasiga borib, qayerga ko‘chib ketgani bilan qiziqdik. Biroq mahalladagilar bizga ayolning yangi yashash manzilini topib berisholmadi.

Qayta-qayta urinishlarimizdan so‘ng telefonni Soliyevaning o‘g‘li ko‘tardi. U onasining holati yaxshi emasligi, qattiq asabiylashganini bildirdi. Bir so‘z bilan aytganda, Soliyeva biz bilan uchrashishni istamadi.

Qo‘limizdagi dalillarga ko‘ra, Soliyeva uyi uchun o‘zi so‘ragan mablag‘ni bir oy avval olgan va xonalarni bo‘shatib bermagan. Qurilish tashkiloti esa atrofdagi barcha turar-noturar joylarning egalari bilan kelishuvga erishib bo‘lgan va Soliyevaning uyi unga muammo bo‘lib turgan. Aynan mana shu jarayonda ikki tomon ham quyushqondan chiqqan.

Biz borganimizda Soliyeva yashagan xonadon buzib bo‘lingan ekan. Uyning materiallarini ham oilaning o‘zi olib ketibdi.

Samarqand viloyat IIB axborot xizmati holat bo‘yicha tergovoldi tekshiruv-surishtiruv ishlari olib borilayotganini ma’lum qildi.

Isomiddin Po‘latov, Kun.uz muxbiri
Tasvirchi va montaj ustasi: Faxriddin Hotamov.

Ko‘proq yangiliklar: