Rossiyadagi inflatsiyaning O‘zbekistondagi inflatsiyaga ta’siri ma’lum qilindi

Iqtisodiyot 15:47 / 02.08.2022 30884

Qayd etilishicha, Rossiya O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlaridan biri hisoblanadi. O‘zbekiston tashqi savdosi qariyb 18 foizi Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi. Rossiyadagi inflatsiya natijasida Rossiyadan import qilinadigan tovarlar va xizmatlar narxi qimmatlashishi O‘zbekistondagi inflatsiya darajasiga ta’sir ko‘rsatadi.

2021 yilda O‘zbekistonda inflatsiya darajasi 10 foizni tashkil qilgan. Bunda Rossiyada inflatsiya darajasi (2021 yilda 6,7 foiz) O‘zbekistonda inflatsiya 0,78 foiz bandga oshishiga sabab bo‘lgan. Rossiyadan import qilinadigan xomashyo tovari narxlar o‘sishi O‘zbekistondagi ishlab chiqarish xarajatlari 0,6 foiz bandga oshishiga olib kelgan.

Bildirilishicha, Turkiyadan farqli ravishda (Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda turk lirasi devalvatsiyasi 60,4 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda), bu yil rubl qadri zaiflashishi (devalvatsiyasi) emas, balki mustahkamlanishi kutilmoqda. Yil davomida rublning AQSh dollariga nisbatan kursi 74,29 rubldan 60,20 rublgacha mustahkamlandi. Bunday sharoitda Rossiyadagi inflatsiya darajasi O‘zbekistonda narxlar barqarorligiga Turkiyadagi narxlar ko‘tarilishiga qaraganda ko‘proq bosim ko‘rsatadi.

2022 yilda Rossiyada rubl qadri 28,4 foizga ortishi hamda inflatsiya darajasi 21,3 foizga yetishi kutilayotgani hisobga olinsa, Rossiya tovarlari jahon bozoriga 69,41 foiz qimmatroq chiqishi mumkin (Turkiyada - 1,8 foiz). Buning oqibatida 2022 yilda Rossiyada narxlar oshishi O‘zbekistonga ta’siri 6 foiz punktigacha yetishi mumkin. Bu xavfning sababi, shuningdek, O‘zbekiston umumiy importida Rossiya ulushi (2021 yilda 21,4 foiz) Turkiya ulushiga (6,7 foiz) qaraganda ancha yuqori ekani bilan bog‘liq.

Ta’kidlanishicha, bu omil inflatsiyani tezlashtirishdan tashqari, Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi tashqi savdo balansiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, muvozanatlashmagan to‘lov balansini yanada kuchaytirishi ehtimoldan yiroq emas. Bu milliy valuta barqarorligiga qo‘shimcha ta’sirni yuzaga keltiradi.

2021 yilda O‘zbekiston Rossiyadan umumiy qiymati 5,46 milliard AQSh dollariga teng mahsulot import qilgan. Bu 2021 yil kursi bo‘yicha 402,5 milliard rublga teng. Import hajmi va tarkibi o‘zgarishsiz qolishi taxmin qilinsa, bugungi kunda mazkur import 8 mlrd AQSh dollariga aylanadi. Eksport o‘zgarmasdan qolsa, savdo balansi yomonlashishi mumkin.

2022 yil 1-yarim yillik yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonning Rossiyadan importi 2,85 mlrd dollarni tashkil etgan bo‘lsa, eksport hajmi 1,22 mlrd dollarga yetdi (defitsit - 1,63 mlrd dollar).

Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyada narxlar oshishi tufayli O‘zbekistonda tannarx inflatsiyasi o‘sishi birinchi navbatda Rossiyadan xomashyo va oraliq mahsulotlarni import qiluvchilarga ta’sir qiladi. Kompaniyalar ushbu hisob-kitoblardan yanada maqbulroq qisqa va o‘rta muddatli qarorlarni qabul qilishda foydalanishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: