Samarqandda yarim yil davomida aliment undirishni ijro etish ortidan MIB 3782 ta oilani yarashtirdi

Jamiyat 19:07 / 30.07.2022 10568

Unda Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyat boshqarmasi boshlig‘i Mehroj Nasrullayev byuroning viloyat bo‘limi qilgan ishlar to‘g‘risida hisobot berib, matbuot anjumanini onlayn kuzatayotgan fuqarolar hamda jurnalistlarning ayrim savollariga javob berdi.

MIB Samarqand viloyat boshqarmasi boshlig‘i Mehroj Nasrullayev.

Qayd etilishicha, viloyatdagi MIB bo‘limlari tomonidan 2022 yilning 6 oyi mobaynida 3,5 trillion so‘mlik 327 ming 714 ta ijro hujjatlari yuzasidan ijro tadbirlari amalga oshirilgan.

Aliment to‘lovchi qarzdorlardan olti oy mobaynida 59,5 milliard so‘mdan ortiq aliment mablag‘lari undirib berilishi ta’minlangan. Aliment qarzdorligi bo‘yicha to‘lovlarni maxsus fonddan to‘lab berish masalasida berilgan savolga boshqarma boshlig‘i batafsil javob berdi.

M.Nasrullayevning aytishicha, prezident topshirig‘iga ko‘ra, allaqachon muddati o‘tgan aliment qarzdorliklarini yopish uchun 50 milliard so‘mlik fond shakllantirib bo‘lingan. Faqat, ayni vaqtda ushbu fonddan tasarruf etilgan mablag‘larning qaytarilishi masalasiga oydinlik kiritish ustida ish olib borilmoqda.

Bugungi kunda MIB viloyat boshqarmasi organlari ish yurituvidagi aliment va moddiy ta’minot undirish bilan bog‘liq ijro hujjatlari bo‘yicha jami 35 ming 256 nafar aliment to‘lovchi qarzdorlar mavjud.

Joriy yilning 6 oyida ushbu toifadagi ijro hujjatlari bo‘yicha amalga oshirilgan majburiy ijro tadbirlari natijasida aliment to‘lovchi qarzdorlardan jami 59,5 mlrd so‘mdan ortiq aliment pullari undirib berilishi ta’minlangan.

Bunday ijro ishlari bo‘yicha mahalla fuqarolar yig‘inlari va boshqa mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda qarzdor va undiruvchilar o‘rtasida olib borilgan profilaktik suhbatlar va chora-tadbirlar natijasida o‘tgan davrda 3782 ta oila yarashtirilib, ularning tiklanishiga erishilgan.

Aliment undirish bilan bog‘liq ijro ishlari bo‘yicha ishsiz, yordamga muhtoj, og‘ir ahvolga tushib qolgan aliment to‘lovchi qarzdorlarning manzilli ro‘yxati shakllantirilib, mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda ularning bandligini ta’minlash yuzasidan olib borilgan chora-tadbirlar natijasida ushbu toifaga kiruvchi 1212 nafar ishsiz aliment to‘lovchilar ishga joylashtirilib, doimiy bandligi ta’minlangan va aliment undiruvlari ularning ish haqlarining ma’lum miqdoriga qaratildi.

Shuningdek, ushbu davrda aliment qarzdorligini to‘lashdan muntazam ravishda qasddan bo‘yin tovlab kelayotgan 77 nafar qarzdorlar jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Kun.uz muxbirining noqonuniy qurilishlarni buzish borasidagi ijro hujjatlarini amalga oshirishdagi qiyinchiliklar, bu borada alohida bir tizim yaratilishi kerakligi borasidagi savoli yuzasidan boshqarma boshlig‘i o‘z fikrlarini bayon etdi.

Chunonchi, boshqarma boshlig‘i chindan ham bu borada chiqarilayotgan sud qarorlarining ijrosida borasida juda katta muammo borligini ta’kidlab o‘tib, muammoni tizimli hal qilish, zaruriyat tug‘ilsa qonunchilik hujjatlariga o‘zgartirish kiritish borasida takliflar ishlab chiqilayotganini aytib o‘tdi.

Yarim yil davomida qarz va zararlarni undirish xususida kelib tushgan 2060 ta murojaatlarning 967 tasi qanoatlantirilib, 687 nafar fuqarolarning huquqi tiklangan, 1079 tasi bo‘yicha huquqiy tushuntirish berilgan. Bu toifa murojaatlarni ko‘rib chiqish davomida fuqarolarga 12,2 mlrd so‘m zarar va qarzdorliklar undirib berilgan.

Matbuot anjumani yakunida boshqarma boshlig‘i ommaviy axborot vositalari va soha faoliyatini xolisona yoritish va hamkorlik uchun tashakkur bildirib, qonunchilikda belgilangan normalarni aholi o‘rtasida targ‘ib qilishda kelgusida ham birgalikda ishlash zaruriyati borligini qayd etdi.

Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz jurnalisti.

Tasvirchi va montaj ustasi: Jahongir Aliboyev

Ko‘proq yangiliklar: