Jizzaxda piyodani urib yuborgan haydovchi qochib ketdi. 71 yoshli jabrlanuvchi vafot etdi

Jamiyat 17:48 / 28.07.2022 9455

Jizzax viloyati IIB axborot xizmatining xabar berishicha, 2022 yil 23 iyul kuni soat 21:00larda A-376 Qo‘qon-Jizzax avtomobil yo‘lining Sharof Rashidov tumani G‘ozg‘ontepa mahallasi hududidan o‘tgan 292-kilometrida odam o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.

Noma’lum haydovchi piyodani urib yuborib, unga yordam ko‘rsatmasdan hodisa joyidan qochib ketgan. Oqibatda, Sharof Rashidov tumani Baxt mahallasida yashovchi 71 yoshli fuqaro og‘ir tan jarohatlari olib voqea yuz bergan joyda vafot etgan.

Holat yuzasidan Sharof Rashidov tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, haydovchiga nisbatan qidiruv e’lon qilingan.

Olib borilgan tezkor qidiruv ishlari davomida ushbu jinoyatni Zomin tumani Guliston mahallasida yashovchi fuqaro Damas mashinasi bilan sodir etgani aniqlangan. Gumonlanuvchi protsessual tarzda ushlanib, vaqtincha saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan.

Avvalroq, Jizzax viloyati G‘allaorol tumanida ham haydovchilardan biri piyodani urib qochib ketgan va oqibatda 69 yoshli jabrlanuvchi voqea joyida vafot etgandi.

Ko‘proq yangiliklar: