XVJ 2022 yilda global YaIM o‘sishi prognozini 3,2 foizgacha pasaytirdi

Iqtisodiyot 08:57 / 27.07.2022 14193

Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ) hisob-kitoblariga ko‘ra, Xitoy va AQSh iqtisodiyoti o‘sishining sezilarli darajada sekinlashishi butun dunyo bo‘ylab yalpi ichki mahsulot (YaIM) o‘sishining pasayishiga olib kelmoqda. Xalqaro valuta jamg‘armasi joriy yil uchun global iqtisodiy o‘sish prognozini 3,2 foizgacha pasaytirdi, bu haqda xalqaro tashkilot 26 iyul, seshanba kuni Vashingtonda e’lon qildi. Aprel oyida XVJ ekspertlari jahon iqtisodiyoti 3,6 foizga o‘sishini kutgan edi. Endi esa uning rivojlanish istiqbollari yanada salbiy bo‘lishi mumkin, deb ogohlantirdi XVJ.

XVJ Germaniya uchun ham iqtisodiy o‘sish prognozini sezilarli darajada pasaytirdi. Joriy yil uchun u Germaniyaning iqtisodiy o‘sishi atigi 1,2 foizni tashkil etishini kutmoqda - aprel oyida tahlilchilar 2,1 foizni bashorat qilgan edi. Germaniya uchun yangilangan o‘sish prognozi keyingi yil uchun ham sezilarli darajada yomonlashdi - 1,9 foizdan 0,8 foizgacha.

«Pandemiya ta’siridan zaiflashgan global iqtisodiyotga yana bir nechta zarbalar tushdi», deb tushuntirdi XVJ. Avvalo, Ukrainadagi urush global iqtisodiy o‘sishga ta’sir qildi. Rossiyaning qo‘shni davlatga bostirib kirishi energiya va oziq-ovqat narxlarining oshishiga olib keldi, bu esa inflatsiyaning ko‘tarilishiga turtki berdi, deya ta’kidlaydi ekspertlar.

XVJ bosh iqtisodchisi Per-Olive Gurinshaning so‘zlariga ko‘ra, aprel oyida XVJ ogohlantirgan ko‘plab xatarlar amalga oshdi. Yaqinda dunyo «global tanazzul yoqasiga kelib qolishi mumkin - oxirgisidan atigi ikki yil o‘tib», deya ogohlantirdi u.

Jahon YaIM o‘sishi prognozining yomonlashuvi uchta yirik iqtisodiyot – AQSh, Xitoy va Yevrohududdagi sekinlashuvni aks ettiradi. Bu jahon iqtisodiyoti uchun «jiddiy oqibatlarga» olib keladi, dedi ekspert.

XVJning kelgusi yil uchun prognozi ham juda yomonlashgan: tashkilot tahlilchilari 2023 yil uchun global YaIM o‘sishi bo‘yicha o‘z taxminlarini 0,7 punktga 2,9 foizga qisqartirdi. Asosiy sabab yuqori inflatsiyadir. Tashkilot Rossiya gazini yetkazib berish butunlay to‘xtatilsa, inflatsiya yanada oshishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Inflatsiyaga qarshi kurash «kutilganidan ham ko‘proq» narsani talab qilishi mumkin, deya ogohlantirdi XVJ. Retsessiya xavfi keyingi yil uchun ayniqsa yuqori. Xususan, butun dunyo bo‘ylab asosiy foiz stavkalarining ko‘tarilishi tufayli yuqori qarzga ega bo‘lgan mamlakatlar yanada og‘ir vaziyatga tushib qoladi.

Ko‘proq yangiliklar: