Marhamat tumanida hokim va IIB boshlig‘i o‘rtasida mushtlashuv yuz bergani haqida xabar tarqaldi. Hokimlik buni rad etdi

Jamiyat 16:59 / 27.07.2022 12683

Ijtimoiy tarmoqlarda «Marhamat tumani hokimi va tuman IIB boshlig‘i mushtlashdi» sarlavhasi ostida xabarlar tarqaldi. Marhamat tumani hokimligi matbuot xizmati ushbu voqea yuzasidan rasmiy munosabat bildirib, voqeani asossiz deb atagan.

«2022 yilning 26 iyul kuni tuman hokimligi binosida tuman sektor rahbarlari birgalikda tumandagi 20 nafardan ortiq fuqaroni qabul qildi. Mazkur qabul davomida ularning murojaatlari tinglanib, 12 fuqaroning murojaatlari ijobiy hal qilingan. Bu jarayonda tuman rahbariyati o‘rtasida hech qanday ziddiyatli holatlar yuzaga kelmagan», deyiladi rasmiy munosabatda. 

Andijonda o‘tgan «Yoshlar forumi 2021» festivali doirasida tashkil etilayotgan sport musobaqalarida Marhamat tuman hokimi Bobur Yo‘ldoshev shaxmatdan master klass o‘tib bergan edi.

Tuman hokimligi axborot xizmatiga ko‘ra, tadbirda aksincha, fuqarolarning muammolari barcha tegishli korxona va tashkilotlar orqali ijobiy hal qilingan, ijtimoiy tarmoqlarda esa mutlaqo haqiqatga to‘g‘ri kelmagan, hech qanday asosga ega bo‘lmagan ma’lumotlar tarqatilgan.

Ushbu voqeadan 40 kuncha muqaddam, iyun oyi o‘rtalarida Marhamat tumanida IIB boshlig‘i va MIB rahbari janjallashib qolgani haqidagi xabarlar tarqalgan, o‘shanda ham tuman hokimligi ushbu voqea yuzasidan rasmiy munosabat bildirgandi.

«Sayyor qabul jarayonida rahbarlar, ayniqsa, tuman IIB boshlig‘i (podpolkovnik Akbar Axunov) hamda Majburiy ijro byurosi tuman bo‘limi boshlig‘i (Umidjon Mirzaabdullayev) o‘zaro suhbatlashish jarayonida balandroq ovozda gaplashganliklari atrofdagilarda boshqacha taassurot uyg‘otgan bo‘lishi mumkin. Aslida, rahbarlar o‘rtasida nizoli holat yo‘q», deyilgan tuman hokimligi munosabatida.

O‘shanda Majburiy ijro byurosi ham mazkur voqea yuzasidan rasmiy munosabat bildirib, «sayyor qabul jarayonida tuman IIB va Byuroning Marhamat tuman bo‘limi boshlig‘i o‘rtasida tushunmovchilik yuzaga kelgani va tadbir yakuniga qadar o‘zaro kelishib olishgan»ini bayon etgan edi.

Avvalroq Marhamat tumanidagi 72-IDUM o‘qituvchilari o‘quvchilarning oliygohlarga kirish ko‘rsatkichi pastligi uchun ota-onalar qarshisida kechirim so‘rashga majbur qilingani sababli tuman XTB mudiri Aliyaxon Abduvohidova hamda 72-IDUM direktori Muqaddamxon Hasanova lavozimidan ozod etilgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: