Toshkentda erkak oila a’zolarini pichoqladi. SSV jabrlanuvchilarning holati haqida ma’lumot berdi

Jamiyat 19:00 / 26.07.2022 33958

Toshkent shahri Chilonzor tumanida erkak xotini, farzandi, qaynonasi va qaynopasini pichoqladi.

Uznews.uz xabariga ko‘ra, 21 iyul kuni soat 21:10 atrofida fuqaro D.S. (1989 yilda tug‘ilgan) Chilonzor tumanida joylashgan xonadonda yashab kelayotgan turmush o‘rtog‘i D.S. (1994 yilda tug‘ilgan) bilan oilaviy nizo sababli o‘zaro janjallashgan. U oshxona pichog‘i bilan xotini va farzandi M.A (2015 yilda tug‘ilgan), ushbu xonadonda yashab kelayotgan D.S.ning onasi L.A. hamda opasi N.A.ning turli sohalariga bir necha marta urib, suiqasd qilgan.

Tuman prokuraturasi tomonidan D.S.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 25 (Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish) va 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

SSV matbuot xizmati pichoqlangan to‘rt nafar bemorning ahvoli ijobiy tomonga o‘zgarayotganini ma’lum qildi.

Bemorlar 21 iyul kuni soat 21:10 da Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga «Tez yordam» mashinasida og‘ir ahvolda olib kelingan. Uch bemor jarrohlik stoliga yotqizilgan.

«O‘ta tezkorlik bilan o‘tkazilgan tibbiy tekshiruvlar natijasida birinchi bemor — 1994 yilda tug‘ilgan S.D.ga «Ko‘krak va qorinoldi devori o‘tuvchi qo‘shma kesib-sanchilgan yarasi. O‘ng o‘pka va ingichka ichak jarohati. Chap yelka kesib-sanchilgan ko‘plab yaralari...» tashxisi qo‘yildi. 

Ikkinchi bemor — 1965 yilda tug‘ilgan O.L. «Chap ko‘krak qafasi kesib-sanchilgan yarasi. Chap o‘pka jarohati. Ko‘krak o‘ng qafasi o‘tmas kesib-sanchilgan yarasi. Pnevmogemotoraks. Chap bilak va kaft ko‘plab kesib-sanchilgan yaralari...» tashxisi bilan shoshilinch ravishda jarrohlik stoliga yotqizildi.

Uchinchi bemor — 1990 yilda tug‘ilgan X.N. «Qorinoldi devori o‘tuvchi kesib-sanchilgan yarasi. Jigar chap bo‘lagi va oshqozonosti bezi jarohati. O‘ng qo‘ltik sohasi o‘tmas kesib-sanchilgan yarasi...» diagnozi bilan operatsiyaga olindi.

To‘rtinchi bemor — yetti yoshli M.A.da «Ko‘krak va qorinoldi devori o‘tuvchi qo‘shma kesib-sanchilgan yarasi. Katta charvi eventeratsiyasi. Taloq, ingichka ichak va diafragma jarohati...» aniqlanib, unda bolalar bo‘limida jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi.

Murakkab va yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari bir paytning o‘zida to‘rtta tibbiyot brigadasi tomonidan bajarildi. Amaliyotdan so‘ng ular reanimatsiya bo‘limiga yotqizildi. Kechadan esa barchasi xirurgiya bo‘limiga olindi», deyiladi xabarda.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi direktori Doniyor Alimovning ma’lum qilishicha, ayni paytda to‘rt nafar bemorning ham ahvoli barqaror. Stabillashgan. Ijobiy tarafga o‘zgarish bor.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ularning holatini nazoratga olgan. Bemorlarga markazning eng malakali mutaxassislari tomonidan standart asosida tegishli tibbiy yordam ko‘rsatilyapti.

Ko‘proq yangiliklar: