YeOIIga kirish yanada xavfli bo‘lib qoldi, JSTga a’zolikni tezlashtirish kerak - iqtisodchilar

Iqtisodiyot 15:37 / 05.07.2022 33458

O‘zbekiston – global savdo zanjirlariga eng kam integratsiyalashgan davlatlardan biri. Toshkentdagi ko‘plab tovarlarning narxlari dunyoning manaman degan shaharlaridagi narxlarni ham ortda qoldirishiga sabablardan biri ham shu.

Savdodagi to‘siqlarni kamaytirish va xalqaro savdo-sotiq tizimiga ko‘proq qo‘shilish uchun O‘zbekiston 1994 yilda Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishga ariza bergan. O‘tgan oy O‘zbekistonning JSTga a’zoligi bo‘yicha ishchi guruhning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Xo‘sh, dunyoning 164ta davlati, xususan Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston ham qo‘shilgan bu JST qanday tashkilot o‘zi? Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan ham hamkorlik qilayotgan rasmiy Toshkent Ukrainadagi urush, Rossiya va Belarusga qarshi sanksiyalar fonida nimalarni inobatga olishi kerak?

Biz shu kabi savollar bilan iqtisodchilar Valijon To‘raqulov va Mirkomil Xolboyevga yuzlandik.

JST qanday tashkilot? Unga a’zo davlatlar qanday majburiyatlarni bo‘yniga oladi va qanday imkoniyatlarga ega bo‘ladi?

Valijon To‘raqulov:

12LPWGAFwK4yjy9AWV5FhhyIspPeE08B.jpg (1280×720)
Valijon To‘raqulov

— Jahon savdo tashkiloti a’zo davlatlardagi savdo tizimini erkinlashtiruvchi va tartibga solib turuvchi xalqaro tashkilot hisoblanadi. Unga a’zo bo‘layotgan davlat o‘zaro imzolanadigan shartnomalar asosida o‘zining bojxona tariflarini pasaytirishga majbur bo‘ladi. Masalan, O‘zbekiston tashkilotga a’zo bo‘lib kirmoqchi bo‘lsa, avtomobil olib kirish uchun o‘rnatilgan bojlarni kelishuvga muvofiq bosqichma-bosqich ravishda pasaytirishi kerak bo‘ladi. Xususan, hozir 30 foizlik boj bo‘ladigan bo‘lsa, JSTga a’zo davlatlar O‘zbekiston oldiga ushbu ko‘rsatkichni 10 foizgacha pasaytirish majburiyatini qo‘yishi mumkin.

O‘z navbatida, O‘zbekistonga ham boshqa mamlakatlar bozorlariga erkin kirish imkoniyati taqdim qilinadi va o‘z bozorini ochish talab etiladi. Aynan a’zo davlatlarning o‘z bo‘yniga olgan majburiyatlarini nazorat qilib borish JSTning asosiy vazifasi hisoblanadi.

Qaysidir davlat bergan va’dasini bajarmasa, bu masala Nizolarni hal qilish qo‘mitasida ko‘rib chiqiladi va ushbu davlatga qarshi sanksiyalar ham kiritilishi mumkin. Umuman olganda, JSTga a’zo bo‘layotgan davlat bojxona tariflarini belgilangan muddat ichida bosqichma-bosqich pasaytirishga majbur.

Bundan tashqari, savdo erkinligiga xalal beruvchi notarif to‘siqlar (turli xil litsenziyalar, utilizatsiya to‘lovlari, karantin qoidalari va b.) ham olib tashlanishi kerak.

Shuningdek, tashkilot alohida davlatlar oldiga besh yillik yoki o‘n yillik davr mobaynida bozor iqtisodiyotiga o‘tish, xususiylashtirishni tezlashtirishga oid shartlar ham qo‘yishi mumkin. Menimcha, hozirda O‘zbekiston bilan shu masalalarda muzokara jarayoni o‘tkazilyapti. Ba’zi birovlar o‘ylayotgandek, a’zo bo‘lganimiz zahoti bojlarni 5 foizga tushirib qo‘ymaymiz. Bu asta-sekinlik bilan amalga oshiriladi. Bu davr mobaynida mahalliy ishlab chiqaruvchilarimiz ham raqobat muhitiga tayyorlab boriladi. Bunda nafaqat O‘zbekistonga yangi mahsulotlar kirib keladi, balki o‘zbek mahsulotlari uchun ham past tariflarda ko‘plab yangi bozorlar ochiladi. Mamlakatdagi investitsiyaviy muhit jozibadorligi ortadi.

Mirkomil Xolboyev:

Mirkomil Xolboyev

JSTning shakllanishi Ikkinchi jahon urushidan keyingi davrga to‘g‘ri keladi. Urush tugagach, global miqyosda savdoni erkinlashtirishga ehtiyoj sezila boshlanadi va bu 1947 yilda xalqaro bitim – GATT imzolanishiga olib keladi. Mamlakatlar o‘ziga xos belgilar nuqtayi nazaridan kelib chiqqan holda, savdo siyosatini belgilay boshlaydi. 1995 yil 1 yanvarda imzolangan kelishuv bilan, GATT asosida Jahon savdo tashkiloti tuziladi.

Agar biror davlat JSTga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirsa, qolgan barcha a’zo davlatlar qo‘llab-quvvatlasagina, tashkilotga qabul qilinishi mumkin. Shu jihatdan, qo‘shilishni istagan davlat boshqa mamlakatlar bilan yakka va umumiy tartibda muzokaralar olib borishi kerak. O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lganidan keyin tashqi savdosi qanchalik erkin bo‘lishi ham alohida davlatlar bilan olib boriladigan muzokaralarga bog‘liq.

Masalan, Janubiy Koreya, Xitoy, Turkiya, Rossiya, Qozog‘iston kabi manfaatlarimiz to‘qnash keladigan mamlakatlar bilan muzokaralar qizg‘in tusda kechadi, chunki ular o‘zlarining ishlab chiqaruvchilari va eksportyorlariga ko‘proq imkoniyatlar berilishiga harakat qiladi. Janubiy Amerika yoki Afrikadagi ba’zi mamlakatlar uchun O‘zbekistonning statusi va tashqi savdosining ochiqlik darajasi deyarli muhim ahamiyatga ega emas. Shu jihatdan, bu mamlakatlar bilan muzokaralar oson hal bo‘ladi.

O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lsa, umumiy qabul qilingan qoidalar bo‘yicha tashqi savdo siyosatini amalga oshirishga o‘tadi va xalqaro hamjamiyat oldidagi hisobdorligi ortadi.

JSTga qo‘shilish O‘zbekistonga nima beradi? A’zolik tashqi savdo erkinlashishiga qanchalik ta’sir qilishi mumkin?

Valijon To‘raqulov:

— Xo‘p, to‘g‘ridan to‘g‘ri JSTga a’zolik O‘zbekistonga nima beradi deyiladigan bo‘lsa, eng katta narsa bu – ishonch. JSTga a’zo davlatga investorlar kirib kelishi qisqa muddatli davrda sezilarli darajada oshadi, chunki sarmoyadorlarda: “Endi O‘zbekiston istalgan paytda o‘z qonunchiligini o‘zgartirib qo‘ya olmaydi” degan qarash paydo bo‘ladi. Sababi, a’zo bo‘lishdan oldin O‘zbekiston 164ta davlat va JST oldida majburiyatlarni bo‘yniga olgan bo‘ladi va tashqi savdo siyosatini birdaniga keskin o‘zgartira olmaydi. Aynan mana shu “ishonch tamg‘asi” investitsiyalar kirib kelishiga rag‘bat yaratadi.

Davlat rahbarining o‘zi tomonidan investorlarga kafolat berilayotgan bo‘lsa-da, ularning bozorimizga kirib kelishi biz kutganchalik bo‘lmayapti. Aynan JSTga kirish ortga qaytmasligimizga, islohotlarni yana davom ettirishimizga kafolat vazifasini ham bajaradi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston tomonining ham investor sifatida boshqa bozorlarga kirishi ancha osonlashadi, chunki o‘rtada o‘zaro shartnomalar paydo bo‘ladi. Mahsulot eksport qilishimiz uchun yangi bozorlar yuzaga keladi.

Mirkomil Xolboyev:

JSTga a’zo bo‘lish O‘zbekiston tashqi savdosini qay darajada erkinlashtirishi olib borilayotgan muzokara jarayonlariga bog‘liq. Ammo ko‘p mamlakatlar JSTga kirayotganida preferensiyalar va ba’zi istisno holatlarni saqlab qolishga, o‘zining ichki ishlab chiqaruvchilarini nisbatan uzoqroq vaqt davomida himoya qilib turishga harakat qiladi. Shu jihatdan, qisqa muddatli davrda tashkilotga qo‘shilishimiz tashqi savdoni keskin darajada erkinlashtirmasa-da, uzoq muddatli davrda o‘zining ijobiy samarasini beradi.

Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi yoki Jahon savdo tashkiloti? Qay biri O‘zbekiston uchun muhimroq?

Valijon To‘raqulov:

— MDH mamlakatlari uchun oldin Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish, YeOIIga kirishdan ko‘ra, anchayin foydaliroq. Chunki dastlab 164ta davlat bilan savdo shartnomalari tuzib olinsa, keyinchalik YeOIIga a’zo 5ta davlat bilan kelishib olish oson bo‘ladi.

Bundan tashqari, JSTga a’zo bo‘lishda qo‘yilgan shartlar, to‘g‘ridan to‘g‘ri YeOII tarkibidagi mamlakatlar tomonidan ham tan olinishi kerak. Agar teskarisi qilinib, avval YeOIIga a’zo bo‘linsa, keyin 164ta davlat bilan hisoblashishga majbur bo‘lamiz. Shuning uchun ham, O‘zbekiston JSTga a’zo sifatida qabul qilinsa, keyinchalik YeOIIga a’zo bo‘lishni xohlasa ham, qo‘lida bir qancha richaglari bo‘ladi.

Mirkomil Xolboyev:

— Har ikkala tashkilotga qo‘shilish ham nazariy jihatdan tashqi savdomiz erkinlashishiga olib keladi. Ammo bu yerda ba’zi fundamental farqlar bor: JSTga a’zo bo‘lsak, tashqi savdo siyosatidagi mustaqillikni saqlab qolamiz. Bizda bir qancha vaqtdan keyin, tashqi savdoni yanada erkinlashtirish imkoniyati mavjud bo‘ladi.

Qisqa muddatli davrda YeOIIga a’zo bo‘lish JSTga a’zo bo‘lishimizga qaraganda ham tashqi savdomizni ko‘proq erkinlashtirishi mumkin. Chunki yuqorida ta’kidlab o‘tganimdek, JSTga kirgan mamlakatlar ma’lum muddat imtiyozlarni saqlab qolishga harakat qiladi, YeOIIda esa savdo siyosati shakllanib ulgurgan, O‘zbekiston qo‘shilishi bilan o‘rnatilgan barcha qoidalarni qabul qilishga majbur bo‘ladi.

Ko‘pchilik YeOIIga a’zo bo‘lishimiz bilan, Rossiya va Qozog‘istondan import keskin oshib ketishi haqida fikr bildiradi. Ammo bir narsaga e’tibor qaratishimiz kerak, YeOIIga a’zo mamlakatlarning deyarli barchasi bilan hozirda ham erkin savdo shartnomasiga egamiz.

Agar hozir YeOIIga kirsak, tashqi savdo siyosatimizni mustaqil belgilashdan voz kechib bo‘lgan bo‘lamiz. Nazariy jihatdan, kelajakda tariflarni erkinlashtirishni xohlasak ham, buni mustaqil o‘zimiz amalga oshira olmaymiz.

YeOIIga a’zo bo‘ldik ham deylik. Ma’lumki, bir qancha mamlakat, xususan Turkiya, Janubiy Koreya bilan erkin savdo hududini vujudga keltirish bo‘yicha muzokaralar olib boryapmiz. Agar biz YeOIIga kirsak, alohida mamlakatlar bilan erkin savdo hududini vujudga keltirishga haqqimiz bo‘lmaydi.

Xo‘sh, qaysi bir tashkilotga kirish O‘zbekiston uchun muhimroq? Boya aytib o‘tganimdek, JSTga kirsak, tashqi savdo siyosatimizdagi mustaqillikni saqlab qolamiz, YeOIIga a’zo bo‘lsak, bu boradagi o‘zgarishlarni mustaqil tarzda emas, balki boshqalar bilan kollektiv holda hal qilishimizga to‘g‘ri keladi. Shu sababli ham birinchi o‘rinda JSTga kirishimiz har tomonlama manfaatli va foydali bo‘ladi.

Hozirgi geosiyosiy beqaror vaziyatda YeOIIga a’zo bo‘lish qanchalik to‘g‘ri qaror bo‘ladi, deb hisoblaysiz?

Valijon To‘raqulov:

— Ukraina bilan urush fonida YeOIIning ikkita eng muhim a’zosi Rossiya va Belarus og‘ir sanksiyalarga duchor bo‘ldi. Bu ushbu tashkilotga qattiq zarba berilganini anglatadi. Rossiya xalqaro hamjamiyat oldida o‘z mavqeyini yo‘qotib bo‘ldi, shu nuqtayi nazardan keyingi davrda qaysi mamlakat Rossiya bilan yaqinlashishga harakat qilsa, ushbu mamlakat ehtimoliy duch kelishi mumkin bo‘lgan xatarlarni ham o‘z bo‘yniga olishiga to‘g‘ri keladi.

Shuning uchun hozirgi noaniq vaziyatda imkoni boricha YeOIIga a’zo bo‘lmay turilgani ma’qul. Biz uchun ustuvor vazifa JSTga kirish bo‘lishi kerak.

Ta’kidlab o‘tish kerakki, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston ham JSTga a’zo. Ushbu mamlakatlar bilan tashqi savdo aloqalarimizni, YeOIIga kirmasdan turib ham, JST shartlari asosida bemalol erkinlashtirishimiz mumkin. Shu sababli ham hozirgi noaniq sharoitda JSTga a’zo bo‘lishga urg‘u berishimiz kerak.

Mirkomil Xolboyev:

Umuman olganda, Ukrainadagi harbiy harakatlardan oldin ham YeOIIga kirish bo‘yicha xavotirlar bor edi. Urush boshlanishi bu xavotirlarni yanada ko‘paytirdi va keskinlashtirdi. Shu paytgacha ham YeOII doirasida umumqabul qilingan qoidalardan ko‘ra, alohida davlatlarning xohish-istaklari ustuvor ahamiyatga ega bo‘lishini bir necha marta guvohi bo‘lganmiz. Hozirgi vaziyat esa Rossiya bilan bitta ittifoqda bo‘lishimiz uzoq muddatli davrda qimmatga tushishi mumkinligini isbotladi.

Fikrimcha, ayni paytda tashkilotga kirish masalasini to‘xtatib turish kerak. G‘arb davlatlari Rossiyaga nisbatan sanksiyalar miqdorini oshirishda davom etmoqda va bu sanksiyalarning Rossiya bilan bir savdo ittifoqidagi mamlakatlarga ham joriy qilinish ehtimoli mavjud. Bu O‘zbekiston uchun tashkilotga kirishning badali juda ham og‘ir bo‘lishini anglatadi.

Biz uchun eng optimal pozitsiya – hozir tashkilotda qaysi maqomda bo‘lsak, shu ko‘rinishda hamkorlikni davom ettirish hisoblanadi. O‘zbekiston imkon qadar alohida davlatlar bilan erkin savdo shartnomalarini imzolab olishi va JSTga kirishni tezlashtirishi kerak.

Doston Ahrorov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: