“Hissiyot kuchayganda, aql chekinadi” - Mubashshir Ahmad domla qoraqalpoq xalqini bosiqlikka chaqirdi

O‘zbekiston 00:41 / 03.07.2022 17357

Mubashshir Ahmad domla Qoraqalpog‘istondagi vaziyat yuzasidan Kun.uz’ga o‘zining fikr-mulohazalarini ma’lum qildi.

“Mazkur holatda bizdan ko‘ra ko‘proq ma’lumotlar hukumatga yaxshi ma’lum. Shu sababli xalqimizni shaxsiy fikrlar bildirmay turishga da’vat qildim. Chunki biror noto‘g‘ri harakat sabab vaziyat salbiy tomonga burilib ketishi mumkinligini anglagan holda birinchilardan bo‘lib o‘zim shaxsiy mulohazalarni bildirmaslikka amal qildim.

Prezident Mirziyoyevning Nukusga tashrifi va Qoraqalpog‘iston aholisi bildirayotgan fikr va mulohazalarni o‘rgangan holda, O‘zbekiston Konstitutsiyasining 70-75-moddalarini amaldagi tahrirda o‘zgarishsiz qoldirish haqidagi fikri tinchlik yo‘lidagi shaxdam qadam bo‘ldi, deb hisoblayman.

Bizga hozircha masalaning bir tomoni ko‘rinib turibdi. Qolaversa, biz mustaqillik, suverenitet bilan bog‘liq oldingi to‘lqinni ko‘rganmiz. O‘zbekiston mustaqillikka erishish arafasidagi chiqishlarni kuzatganmiz. Bu paytda odamlar his-tuyg‘uga juda urg‘u berib yuborishadi. His-tuyg‘u kuchayganda aql chekinadi. Shuning uchun ushbu masalada prezident qanday qaror qabul qilsa, qo‘llab-quvvatlash tarafdoriman. Davlat rahbarining yuqoridagi qarori bu voqealarga yechim bo‘ladi, deb umid qilamiz va buni Allohdan so‘rab qolamiz.

Qoraqalpog‘istonlik birodarlarimizni avvalboshdanoq bosiq bo‘lishga chaqirgandim. Endi nafaqat bosiq, balki hushyor bo‘lishlarini ham so‘rab qolaman. Ya’ni tashqi kuchlarning ta’siriga tushib qolmasliklarini xohlardim.

Sababi, Orol dengizi qurib borgani sari bu o‘lkada kattagina ekologik muammolar paydo bo‘ldi. Bundan tashqari, ko‘plab iqtisodiy-ijtimoiy masalalarda ham yechimini kutayotgan muammolar mavjud. O‘sha ma’noda ularning mustaqillik talab qilishlari juda ko‘p yo‘qotishlarga olib kelishi mumkin.

Qolaversa, shu vaqtga qadar o‘zbeklardan hech qanday yomonlik ko‘rishmagan, ularga yomon ko‘z bilan qaralmagan. Ishonamanki, bundan keyin ham shu siyosat davom etadi – o‘zbeklar yaxshi do‘st, insonparvar va mehmondo‘st millatdir. Shu ma’noda qoraqalpoq do‘stlarimiz o‘zbeklardan o‘zlarini olib qochmasliklarini, aksincha, yanada jipslashishlarini so‘ragan bo‘lardim. Chunki bundan boshqa har qanday yechim izlash qoraqalpoq xalqining vaziyatini yana og‘irlashtiradi, deb bilaman.

Bizning qoraqalpoq eli bilan dinimiz bir, tilimiz bir, qarashlarimiz ham bir. Shunday ekan, har qanday chaqiriqlarga ergashmasdan, o‘zlarining ham, bizning ham rahbarlarimizning gaplariga itoat qilishlarini so‘rab qolaman” deydi Mubashshir Ahmad.

Ko‘proq yangiliklar: