Muhammad Ali O‘zbekistonda. Afsonaviy bokschi tashrifining tafsilotlari fotosuratlarda

Jahon 14:03 / 02.07.2022 50642
Muhammad Ali Samarqandda (1978 y. Foto: uzbekjourneys.com)

Muhammad Alining «tug‘ilishi»

Muhammad Ali nomi (Islomni qabul qilishidan oldin - Kassius Kley) Amerikaning «Islom millati» tashkiloti bilan chambarchas bog‘liq. Bu tashkilot afro-amerikaliklarning siyosiy va diniy harakati bo‘lib, an’anaviy Islomdan farq qiladigan o‘z qadriyatlariga tayangan. Tashkilotning asosiy maqsadi Qo‘shma Shtatlar va butun dunyoda qora tanlilarning ma’naviy, ijtimoiy va iqtisodiy ahvolini yaxshilash bo‘lgan.

Muhammad Ali 1964 yilda ushbu tashkilotga rasman a’zo bo‘ladi. Kassius Kley nomidan voz kechib, Muhammad Ali ismini oladi. Dastlab uning yangi ismi bir necha jurnalist tomonidan tan olingan. Bunga javoban Ali oldingi ismi «qullarga xos» bo‘lganini aytgan, «uni men tanlamadim, bunday ismni xohlamayman», degan.

Alining urushga qarshi pozitsiyasi

1966 yilda Ali Vetnam urushida qatnashayotgan AQSh Qurolli Kuchlari safiga chaqirilishi kerak edi. Ammo bokschi armiyada xizmat qilishdan bosh tortadi. «Bu urush diniy e’tiqodimga zid, unda qatnashmayman», deydi u. Ali hatto Qurolli Kuchlar safidagi xo‘jalik ishlarida qatnashishni ham istamagan. Chaqiruv kengashiga yozgan maktubida u diniy qarashlari tufayli harbiy xizmatdan voz kechishini bildirgan.

1967 yilda Nyu-York shtatining Atletika komissiyasi harbiy xizmatni o‘tashdan bosh tortgani uchun uning boks litsenziyasini to‘xtatib qo‘yadi. Ushbu amaliyot boshqa barcha shtatlarda ham qo‘llaniladi. Natijada, Ali 4 yil davomida rasmiy janglarni o‘tkazmagan. Hatto xorijdagi musobaqalarda ham ishtirok etish huquqidan mahrum bo‘lgan.

Shu yili Ali harbiy xizmatni o‘tamasa, jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkinligi haqida rasman ogohlantiriladi. Biroq baribir o‘z fikridan qaytmaydi. Oqibatda, uning ustidan jinoyat ishi ochiladi.

1967 yil 19 iyunda sud bo‘lib o‘tadi. To‘qqiz soatlik mahkamadan so‘ng, hakamlar hay’ati Alini aybdor deb e’lon qiladi. U 5 yillik qamoqqa mahkum qilinadi va 10 ming dollar jarimaga tortiladi.

Ammo Alining advokatlari hukm ustidan apellyatsiya berishadi. Sud mahkamalari davom etar ekan, u ozodlikda qoladi. 1971 yil 28 iyunda AQSh Oliy sudi Alining ishi bo‘yicha yangi hukmni chiqaradi. Bokschi o‘z diniy qarashlari tufayli harbiy xizmatdan bosh tortishga haqli deb topiladi. Ali oqlanadi va barcha huquqlari tiklanadi. Uning yana dunyo bo‘ylab sayohat qilishiga va musobaqalarda ishtirok etishiga yo‘l ochiladi. 1972 yilda Muhammad Ali Makkaga haj qiladi.

Muhammad Ali Sovet Ittifoqida

Muhammad Ali Sovet Ittifoqining Qo‘shma Shtatlardagi elchisi Anatoliy Dobrinin bilan do‘stona munosabatda bo‘lgan. Aynan elchi uni Moskvaga taklif qilgan edi.

1978 yil 12 iyunda Muhammad Ali rafiqasi Veronika Porshe, murabbiyi, menejyeri, advokati va boshqa shaxslar hamrohligida Moskvaga boradi.

Muhammad Ali Moskvadagi Qizil maydonda (spors.ru)

U aeroportdayoq siyosatdan yiroq ekanini, faqat mamlakatni tomosha qilish va odamlar bilan tanishish, shuningdek, har doim ajoyib formada bo‘lgan sovet bokschilarini tayyorlash sirlarini o‘rganish maqsadida kelganini aytadi.

Ali Kreml atrofida ertalabki mashg‘ulotni bajaradi, biroz yuguradi. Bu bilan hammani taajjubga soladi. Kun bo‘yi shaharning diqqatga sazovor joylarini tomosha qiladi. Jismoniy madaniyat instituti talabalari bilan uchrashadi, boks kafedrasida bo‘ladi, hatto galstuk, ko‘ylak, shim va tuflida bo‘lsa-da, qo‘lqoplarni kiyib ringga ko‘tariladi. Kechqurun Tsirkni tomosha qiladi.

Muhammad Ali O‘zbekistonda

15 iyun kuni amerikalik mehmonlar Toshkentga kelishadi. Ali va uning hamrohlarini O‘zbekistonning Islom tarixi va madaniyati markazi sifatidagi o‘rni alohida qiziqtirar edi. Safar dasturidan O‘zbekistonning bosh shahri bilan bir qatorda Samarqand va Buxoroga borish ham joy olgan edi.

O‘sha kunlarning xronologiyasi haqida ma’lumotlar kam. Ammo Toshkentdagi ayrim voqealar haqida ishonch bilan aytish mumkin. Jumladan, Ali Respublika sport qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida ishtirok etadi. Hamrohlari bilan shahar bo‘ylab sayr qiladi. Lenin muzeyini, shuningdek, 1966 yildagi dahshatli zilzilada qurbon bo‘lganlar xotirasiga bag‘ishlab barpo etilgan «Jasorat» monumentini tomosha qiladi, mashhur o‘zbek bokschisi Rufat Risqiyev bilan uchrashadi.

Muhammad Ali rafiqasi Veronika Porshe bilan O‘zbekistonda (uzbekjourneys.com)

Jurnalist Xurshid Do‘stmuhammad o‘zbek amaldorlari tomonidan tashkil etilgan tadbirlar Alida qiziqish uyg‘otmaganini yozadi.

«Alining kelishi munosabati bilan tashkil etilgan matbuot anjumanida O‘zbekiston SSR Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi raisi Mirza Ibrohimov o‘zbek sportchilari erishayotgan yutuqlar haqida gapirdi. Muhammad Ali uning gapiga e’tibor bermay, dasturxonga qo‘yilgan uzumlarni yeb o‘tirdi», — deydi u.

Ali Lenin muzeyiga tashrif buyurganida ham xuddi shunday zerikkan. «U ekskursovod gaplariga quloq solmadi, ko‘pincha undan 10 metr narida turardi», — deb qo‘shimcha qildi Do‘stmuhammad.

Ali xuddi Moskvadagidek boks zalida bo‘ladi. O‘zbekiston SSR Oliy Soveti Prezidiumida qabul qilinadi. Toshkent kanallaridan birida qarmoq bilan baliq tutadi. Bularning barchasi kinolavhalarda tasvirlangan.

Muhammad Ali Toshkent anhorlaridan birida baliq tutmoqda (spors.ru)

Muhammad Ali sharqona mehmondo‘stlik bilan kutib olingan. Uni barcha joyda to‘kin-sochin dasturxon kutib turardi. Aliga O‘zbekistonda yetishtirilgan mevalar, ayniqsa gilos juda yoqqan. Buni sezgan mezbonlar uni ho‘l mevalar bilan doimiy ta’minlashga harakat qilishgan. Ali Moskvaga qaytib borganida Toshkentdan 4 kg ortiqcha vaznni olib kelganini hazilomuz ohangda gapirgan.

17 iyun kuni amerikalik mehmonlar Samarqandga borishadi. Ular o‘rta asr me’morchiligi yodgorligi Shohi Zinda majmuasini tomosha qilishadi. Bozor va masjid atrofida sayr qilishadi. Ali diniy ulamolar bilan uchrashib, masjidda namoz o‘qiydi. Unga zarbof to‘n kiydiriladi.

Muhammad Ali Samarqand masjidlaridan birida namoz o‘qimoqda (uzbekjourneys.com)

18 iyunda Ali hamrohlari bilan Moskvaga qaytadi. Rejadan joy olgan Buxoro sayohati vaqt tig‘izligi bois bekor qilinadi.  

SSSR poytaxtiga qaytgach, Ali og‘ir vazn toifadagi bokschilar bilan ko‘rgazmali janglarda ishtirok etadi. KPSS Markaziy Komiteti Bosh kotibi Leonid Brejnev bilan uchrashadi. Undan «Malaya Zemlya» nomli kitob va soatni sovg‘a sifatida qabul qilib oladi.

Muhammad Ali Bosh kotib Leonid Brejnev qabulida (spors.ru)

21 iyun kuni Ali va uning hamrohlari Aeroflot reysi bilan Nyu-Yorkka uchib ketishadi.

Muhammad Alining O‘zbekistonga tashrifiga guvoh bo‘lganlar uning g‘ayrioddiy, kutilmagan xatti-harakatlaridan hayron bo‘lishgan. Uning atrofidagi rasmiylar mehmonnavozlik, hurmat-ehtiromga, rasmiyatchilikka jiddiy e’tibor berishgan bir paytda, amerikalik bokschi o‘zini juda erkin tutgan, ko‘p hazillashgan, hatto bir holatda ko‘chada ketayotgan baquvvat yigit bilan boks tushishga uringan.

Muhammad Ali 2016 yilda 74 yoshida vafot etgan. O‘zining qadrdon shahri Luisvilda dafn qilingan.

Nurmuhammad Said tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: