Qozog‘iston AQSh bilan «munosabatlarning yangi bosqichi» boshlanganini e’lon qildi

Jahon 14:10 / 01.07.2022 17285

Qozog‘iston AQSh bilan «munosabatlarning yangi bosqichi»ni yo‘lga qo‘ymoqda. Bu haqda 1 iyul, juma kuni «Qozog‘iston Respublikasi zamonaviy xalqaro munosabatlar tizimida» konferensiyasi chog‘ida mamlakat tashqi ishlar vaziri Muxtor Tleuberdi aytib o‘tdi. «Kengaytirilgan strategik sheriklik bo‘yicha komissiya doirasida muntazam o‘tkazib kelinayotgan oliy darajadagi uchrashuvlar siyosiy va xavfsizlik masalalari, savdo va sarmoyaviy sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikning asosini tashkil etadi», dedi u. Amerika tomoni bu bayonotlarga izoh bermadi. 

Qozog‘iston TIV rahbari Rossiya bilan munosabatlarni ham chetlab o‘tmadi va ularni «konstruktiv» va «dinamik» deb atadi. Rossiya Federatsiyasi Qozog‘istonning muhim strategik hamkori hisoblanadi, dedi Tleuberdi. 

Iyun oyi boshida Qozog‘istonda referendum bo‘lib o‘tdi, unda mamlakatni superprezidentlik respublikasidan parlament uchun muhim rolga ega bo‘lgan prezidentlik respublikasiga aylantirish bo‘yicha konstitutsiyaga kiritilgan tuzatishlar ko‘pchilik ovoz bilan ma’qullandi. Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, saylovchilarning 77,18 foizi prezident taklif qilgan yangiliklarni qo‘llab-quvvatlagan. 

Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev «elboshi» – «el otasi» konstitutsiyaviy maqomini yo‘qotdi. Ekspertlar referendumni amaldagi davlat rahbari Qosim-Jo‘mart To‘qayevning ikkinchi muddatga prezidentlikka nomzodini ko‘rsatishiga tayyorgarlik sifatida baholadi. Shu bilan birga, qator tanqidchilar tuzatishlarning qabul qilinishi Nazarboyev tomonidan qurilgan avtoritar boshqaruv tizimini haqiqatdan ham o‘zgartirishiga shubha qilmoqda. 

Yanvar oyida Qozog‘istonda gaz narxi oshishi munosabati bilan norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi va bu siyosiy inqirozni keltirib chiqardi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ko‘chadagi janglarda 200 dan ortiq kishi halok bo‘lgan. Respublika hukumati iste’foga chiqdi, prezident To‘qayevning iltimosiga ko‘ra bir necha kunga Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti davlatlarining harbiy kontingenti mamlakatga kiritildi. 

Ko‘proq yangiliklar: