Polsha Belarus bilan chegarada devor qurilishini yakunladi

Jahon 08:37 / 01.07.2022 12894

Polsha qo‘shni Belarus bilan chegarada devor qurilishini yakunladi. Bu haqda 30 iyun, payshanba kuni Polsha ichki ishlar vaziri Mariush Kaminskiy ma’lum qildi. «Biz o‘rnatgan to‘siq Lukashenkoning dahshatli diktaturasidan ajratib turadi», dedi Kaminskiy Kuznitsa chegara hududida. To‘siq konstruksiyasining balandligi 5,5 metrni tashkil qiladi. Uning qurilishiga qariyb 350 million yevro sarflangan. Uzunligi 186 kilometrni tashkil etadi - Polsha-Belarus chegarasining yarmidan biroz kamroq.

Polsha Ichki ishlar vazirligi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Belarus hududidan kuzatilgan muhojirlar oqimi «kattaroq ssenariyning bir qismi, butun mintaqa, butun Markaziy va Sharqiy Yevropani beqarorlashtirish ssenariysi» edi. «Bu Ukraina bilan urushga tayyorgarlik edi», - deya qo‘shimcha qildi vazir.

Varshava hukumati chegaradagi muhojirlarni Belarusga qaytarishni osonlashtirish uchun avvalroq milliy qonunchilikni o‘zgartirgan edi. Huquq himoyachilari ushbu tuzatishlarni tanqid qilib, ular xalqaro huquqqa zid ekanligini, chunki muhtojlarning boshpana so‘rashiga to‘sqinlik qilayotganini ta’kidladilar.

«Polsha odamlarning Yevropa ittifoqiga qochishiga devorlar va qonunchilikdagi o‘zgarishlar orqali to‘sqinlik qilar ekan, himoya izlayotganlar Belarus hukmdori Lukashenkoning adolatsiz rejimiga duchor bo‘lishadi», deya ma’lum qildi Pro Asyl tashkiloti. «Polsha chegarasini kesib o‘tishga muvaffaq bo‘lganlar avtomatik ravishda qamoqqa tushishadi», deya qo‘shimcha qildi huquq himoyachilari.

Polsha 2021 yilda Yaqin Sharqdan muhojirlar oqimi keskin oshganidan keyin Belarus bilan chegarada devor qurishga qaror qildi. Minsk bu odamlarni Yevropa ittifoqiga keyinchalik jo‘natish maqsadida mamlakatga kiritgan. Polsha ichki ishlar vazirining ta’kidlashicha, to‘siq bir necha himoya chizig‘idan iborat bo‘lib, zamonaviy elektron qurilmalar, xususan, harakat datchiklari, shuningdek, kecha-yu kunduz ko‘rish kameralari bilan jihozlanadi. Tepaga tikanli simlarning spirallari biriktiriladi.

Polsha va Yevropa ittifoqining boshqa davlatlari hukumatlari Belarus rahbari Aleksandr Lukashenkoni inqirozli hududlardan qochqinlarni Yevropa ittifoqi tashqi chegarasiga yetkazishni tashkillashtirganlikda aybladi. 2021 yil may oyi oxirida Lukashenko Minsk Belarus orqali Yevropa ittifoqiga kirishga uringan noqonuniy muhojirlarni qo‘lga olishni to‘xtatgani haqida e’lon qildi. 

Shundan so‘ng, Yaqin Sharq mamlakatlaridan Minskka parvozlar soni sezilarli darajada oshdi va Belarus hududidan Yevropa ittifoqiga borishga intilayotgan migrantlar oqimi keskin ko‘paydi. Minskning «gibrid hujumi»ga javoban YeI beshinchi sanksiyalar paketini, jumladan, Yaqin Sharqdan Belarusga migrantlarni tashiydigan aviakompaniyalarga qarshi sanksiyalarni joriy qildi. 

Ko‘proq yangiliklar: