Germaniya kansleri Shols Kaliningrad atrofidagi inqirozni yumshatishga chaqirdi

Jahon 09:23 / 01.07.2022 10437

Germaniya kansleri Olaf Shols Rossiya tovarlarining Litva orqali Kaliningrad oblastiga tranziti bilan bog‘liq mojaroni bartaraf etishga chaqirdi. «Zarur asosli shart-sharoitlarni yaratish Yevropa ittifoqiga bog‘liq. Muammoni hal qilishda, albatta, gap Rossiyaning ikki qismi o‘rtasida tovarlar tranziti haqida ketayotganini hisobga olish kerak. O‘ylaymanki, barcha tomonlar keskinlikni pasaytirish dinamikasini o‘rnatishdan juda manfaatdor», dedi u 30 iyun, payshanba kuni Madriddagi NATO sammiti yakunida.

Iyun oyi o‘rtalarida Litva Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi munosabati bilan G‘arb tomonidan Rossiya Federatsiyasiga nisbatan joriy qilingan sanksiyalardan kelib chiqib, bir qator tovarlarning Kaliningrad oblastiga temiryo‘l orqali tranzitini taqiqlagan edi. Rossiya bu cheklovlarni noqonuniy deb atadi va javob choralari bilan tahdid qildi.

Olaf Shols jurnalistning savoliga javob berar ekan, alyansning sharqiy qanotida NATO qo‘shinlarini kuchaytirish rejalashtirilganiga qaramay, 1997 yilda qabul qilingan «NATO-Rossiya» asosiy akti o‘z kuchida qolayotganini ta’kidladi. NATO ushbu hujjat doirasida sharqiy qanotda «muhim jangovar bo‘linmalarni» doimiy ravishda joylashtirishdan voz kechishga va’da bergan. 

«Bu shartnoma mavjud, u bekor qilinmagan. Bu to‘g‘ri, chunki biz uni har safar ochganimizda Rossiya o‘ziga qanday majburiyatlarni olganini o‘qib chiqishimiz mumkin, boshqacha qilib aytganda, chegaralar daxlsiz, ularni kuch bilan qayta tuzish mumkin emas, davlatlarning suvereniteti va hududiy yaxlitligi shubha ostiga olinmaydi», - deya tushuntirdi Olaf Shols. 

Ko‘proq yangiliklar: