Britaniya Ukrainaga 1 mlrd funtlik yangi harbiy yordam paketini tasdiqladi

Jahon 18:00 / 01.07.2022 13743

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaga «Rossiyaning artilleriya qismlari borasidagi ustunligini yo‘qqa chiqarish» uchun zamonaviy qurollar tizimlari o‘ta zarur.

Hozirgi transh Britaniya Ukrainaga ko‘rsatgan harbiy yordami hajmini amalda ikki barobarga oshiradi. Bungacha London Ukrainaga jami 1,3 mlrd funt sterling miqdoridagi qurol-yarog‘ jo‘natgandi.

Shuningdek, urush boshidan buyon Buyuk Britaniya Ukrainaga 1,5 mlrd funt miqdorida gumanitar va iqtisodiy ko‘mak ko‘rsatgan.

Bunga qadar Ukrainaga Britaniyadan asosan tankka qarshi raketalar yetkazib berilayotgandi. Bu safar esa, hukumatdagilarning ma’lum qilishicha, gap nisbatan og‘irroq qurollar haqida ketmoqda.

Mudofaadagi transformatsiya

Yangi harbiy transh haqida e’lon qilarkan, britan hukumati bu Ukrainaga nafaqat mardonavor himoyalanish, balki Rossiya tomonidan bosib olingan hududlarni qaytarib olish uchun ham yordam berishdagi ilk qadam ekanini qayd etgan.

Ammo bunday yordam yetarli bo‘ladimi, degan savol ochiq qolmoqda.

«Rossiya hamon har kuni milliardlarni olmoqda va ularni urushga sarflamoqda. Bizda bir necha milliard dollarlik defitsit bor, bizda buni yopish uchun neft va gaz yo‘q», degan Zelenskiy NATOning Madriddagi sammitida.

Britaniya tashqi ishlar vaziri Liz Trassning qayd etishicha, Ukraina nafaqat o‘zi uchun, balki «barchamiz uchun» ham kurashmoqda.

«Biz Ukrainaga ularga pand bermasligimiz haqida aniq aytdik. Biz ularni uzoq muddatli istiqbolda ham har tomonlama va imkonimiz yetgunicha qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz», deya ishonch bilan gapirgan Trass xonim.

O‘z navbatida, Boris Jonson «Putinning beshafqatligi Yevropa xavfsizligiga tahdid solishda davom etayotgani»ni aytgan.

«Putin o‘zi xohlagan va umid qilgan narsasiga erisha olmadi, shuning uchun bu urushning ma’nosizligi barchaga ayon bo‘lib bormoqda, uning ukrain xalqiga hujumlari esa tobora vahshiylashib bormoqda», degan Jonson.

Britaniya bosh vaziri britanlarning harbiy yordami «Ukraina mudofaasidagi vaziyatni transformatsiya qilishi»ga ishonch bildirgan.

BBC’ning mudofaa masalalari bo‘yicha muxbiri Jonatan Bilning fikricha, britanlar yordamining vaziyatni o‘zgartiruvchi roli haqidagi bayonot biroz bo‘rttirilgan.

Madriddagi sammitda Boris Jonson Britaniya mudofaa uchun xarajatlarni YaIMning 2,5 foizigacha oshirishini ma’lum qildi.
Foto: Getty Images

Buyuk Britaniya chindan ham Ukrainaga birinchilardan bo‘lib harbiy yordam ko‘rsatishni boshlagan davlatlardan edi va bunday yordam hajmi borasida AQShdan keyingi ikkinchi o‘rinda turadi.

Ammo Britaniya ajratayotgan yordam hajmini AQShning yordami bilan taqqoslab bo‘lmaydi. Yaqinda AQSh Ukrainaga 40 mlrd dollarlik navbatdagi harbiy yordam paketini ma’qulladi. Buyuk Britaniyaning harbiy yordami hajmi esa, yangi transh bilan birgalikda 2,5 mlrd dollarni tashkil etadi.

Ancha kichik davlatlar, masalan, Estoniyaning Ukrainani qo‘llab-quvvatlashdagi xarajatlari hajmi, mutanosib olganda Britaniyanikidan ko‘proq chiqadi.

Shu bilan birga, Ukraina qurol-yarog‘ga, masalan, yuzlab baravar o‘t ochish reaktiv tizimlariga muhtojligini aytib kelmoqda. AQSh, Buyuk Britaniya va Germaniya hozircha bunday tizimlardan o‘nga yaqinini jo‘natishni va’da qilishgan.

«Ukraina qurolli kuchlari hamon ma’lum darajada sovetlar davriga mansub eskirgan qurollarga qaram bo‘lib qolmoqda, G‘arb qurollari yetkazilishi esa asta va bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Britaniya ham qurollarning bir qismini uchinchi davlatlardan sotib olib yuborishiga to‘g‘ri kelmoqda, bu o‘zidagi qurollar kam qolayotganidan dalolat», deya qayd etgan Jonatan Bil.

Buyuk Britaniya har 120 kunda 10 minggacha ukrain harbiylarini tayyorlashga tayyorligini bildirgan. Foto: Getty Images

Britaniya Ukrainaga qanday qurollar yetkazib beradi?

Britaniya hukumatida ta’kidlanishicha, britaniyaliklarning yangi yordami «murakkab havo hujumidan mudofaa tizimlari», dronlar, radioelektron kurash vositalari va «minglab hayotiy zarur jihozlar» uchun to‘lov qilishga yo‘naltiriladi.

Iyun oyi boshida Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Ben Uolles yuqori aniqlikdagi M31A1 snaryadlari bilan M270 baravar o‘t ochish reatik tizimlari jo‘natilishini tasdiqlagandi. Ukrain harbiylari bunday qurollardan foydalanishni o‘rganish uchun Britaniyada o‘qitilmoqda.

Hukumat bunday tizimlardan qancha yuborilishiga aniqlik kiritmagan, ammo BBC ma’lumotiga ko‘ra, dastlabki partiyada uch dona M270 bo‘ladi.

Bundan tashqari, Britaniya Ukrainaga 5 ming dona so‘nggi avloddagi tankka qarshi yengil qurollar - NLAW raketa tizimlarini jo‘natadi. Ukrain harbiylarini bunday qurollardan foydalanishga o‘rgatishga nisbatan qisqa vaqt ketadi, bu esa urush sharoitida Ukraina qurolli kuchlari uchun muhimdir.

Ko‘proq yangiliklar: