O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan kompaniya AQSh sanksiyalariga uchradi. Kompaniya Rossiyaga harbiy yordam berishda ayblangan

Iqtisodiyot 13:40 / 29.06.2022 36982

AQSh Savdo vazirligi to‘qqiz mamlakatning 36 kompaniyasini Rossiya harbiy va mudofaa sanoatini qo‘llab-quvvatlagani uchun sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi.

«Qora ro‘yxat»dan Xitoyning 25 kompaniyasi, shuningdek, Rossiya, BAA, Litva, Pokiston, Singapur, Buyuk Britaniya, Vetnam va O‘zbekistonda joylashgan kompaniyalar ham o‘rin olgan.

Sanksiyalar ro‘yxatiga tushgan O‘zbekistondagi kompaniyaning nomi Promcomplektlogistic bo‘lib, Toshkent shahrida xususiy korxona sifatida ro‘yxatdan o‘tgan. Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, korxonaning 100 foiz ulushi Oleg Grabilinga tegishli hisoblanadi.

AQSh Davlat departamentiga ko‘ra, Promcomplektlogistic joriy yilning 3 mart kuni sanksiyaga uchragan va Rossiya mudofaa sanoati ta’minotchisi bo‘lgan «Radioavtomatika» kompaniyasi bilan hamkorlik qiladi.

Qayd etilishicha, Promcomplektlogistic «Radioavtomatika»ga qarshi qo‘llangan sanksiyalarni chetlab o‘tgan holda, Rossiyaga elektronik qismlar, xususan mikrosxemalar yetkazib bergan.

AQSh Savdo vazirligi xulosasiga ko‘ra, «qora ro‘yxat»ga tushgan kompaniyalar sanksiyalar ostida qolgan Rossiya tashkilotlari bilan tovarlar yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzishda davom etmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: