AQSh «Rostex» va unga aloqador kompaniyalarga qarshi sanksiyalar kiritdi

Jahon 09:33 / 29.06.2022 5896

AQSh Moliya vazirligi «Putinning urush mashinasi», ya’ni Rossiya harbiy sanoati bilan bog‘liq bo‘lgan 70 ta tashkilot hamda 29 kishiga nisbatan sanksiyalar joriy qildi. Bu haqda 28 iyun, seshanba kuni idora saytida e’lon qilingan bayonotda aytilgan.

«Rostex» davlat korporatsiyasi, shuningdek, uning ulushi 50 foizdan ortiq bo‘lgan barcha shuba korxonalariga sanksiyalar joriy etildi. AQSh Moliya vazirligi korporatsiyani Rossiyaning «mudofaa, sanoat, texnologik va ishlab chiqarish sanoatining poydevori» deb atadi. «Rostex» boshqaruv apparati turli sohalardagi 800 dan ortiq tashkilotlarni o‘z ichiga oladi, deya ta’kidlaydi AQSh Moliya vazirligi. 

Korporatsiyaga qarshi sanksiyalar, jumladan, «Rossiyaning Ukrainaga havo hujumini davom ettirish qobiliyatini» zaiflashtirishga qaratilgan. «Rostex», uning shuba va bo‘linmalari «Rossiya harbiylarining samolyotlar va tegishli jihozlarni sotib olish, ularga texnik xizmat ko‘rsatish va almashtirish qobiliyati uchun juda muhim», deb yozadi idora «Rostex» tarkibiga kiruvchi «Birlashgan aviatsiya korporatsiyasi» (BAK) haqida. 

«Kamaz» va BAK shu’ba korxonalari ham sanksiyalar ostida qoldi: Moliya vazirligi «Rossiyaning yetakchi ishlab chiqaruvchisi, strategik bombardimonchi samolyotlar va uzoq masofali samolyotlar ishlab chiqaruvchisi» deb ataydigan «Tupolev» korxonasi, qiruvchi samolyotlarni ishlab chiqaruvchi «Irkut», «Beriyev nomidagi Taganrog aviatsiya ilmiy-texnika majmuasi», «Texnodinamika» AJ, fuqaroviy va harbiy samolyotlar, jumladan, Il-76 og‘ir transport samolyotlarini ishlab chiqaruvchi «S.V.Ilyushin nomidagi aviatsiya majmuasi» hamda boshqa korxonalar shular jumlasidan.

AQSh Moliya vazirligi sanksiyalar ostida qolgan kompaniyalar, shuningdek, «Rostex» shuba korxonalarining barcha sheriklariga joriy yilning 11 avgustiga qadar ular bilan barcha operatsiyalarni to‘xtatishni topshirdi. 

Sobiq mudofaa vaziri Anatoliy Serdyukov va uning yaqinlari, shuningdek, Mudofaa vazirligining sobiq xodimi Yevgeniya Vasilevaga nisbatan sanksiyalar joriy etildi. 2012 yilning noyabrida Serdyukov Mudofaa vazirligiga qarashli «Oboronservis» kompaniyasidagi mablag‘larni o‘zlashtirish mojarosi tufayli ishdan bo‘shatildi. Bu ish bo‘yicha «Oboronservis» direktorlar kengashi a’zosi Yevgeniya Vasileva ham sudlandi. U, OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Serdyukov bilan yaqin munosabatda bo‘lgan.

«Rostex» kompaniyasining maxsus topshiriqlar bo‘yicha direktori, «Apostol» pr-agentligi asoschisi Vasiliy Brovko va uning rafiqasi, teleboshlovchi va «Gazprom-Media» bosh direktori o‘rinbosari Tina Kandelaki ham sanksiyalar ostida qoldi. Ulardan tashqari, «Donbass ko‘ngillilari ittifoqi» (DKI) bilan aloqador 17 kishiga nisbatan ham sanksiyalar qo‘llanildi. 2015 yilda tashkil etilgan tashkilot Donbass faxriylariga rasman ijtimoiy va moliyaviy yordam ko‘rsatadi. «Meduza» xabar berishicha, DKI urushda qatnashish uchun yollanma askarlarni ham jalb qilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: