Rossiya armiyasi maktab bitiruvchilarini ham shartnoma asosida qabul qiladi. Davlat dumasi qonunni o‘zgartirmoqda

Jahon 20:14 / 28.06.2022 12302
Foto: KIRILL KUKHMAR/TASS

Tuzatish endi Rossiyada 18 yoshdan armiya safida shartnoma asosida xizmat qilish imkonini beradi. Ya’ni o‘g‘il bolalar o‘rta maktabni bitiriboq avvaliga armiyaga shartnoma asosida qabul qilinishi, ko‘p o‘tmay hatto urush maydonlariga yuborilishi mumkin.

Taqqoslash uchun, hozir buning uchun avval texnikumni bitirish kerak, u yerdan esa 1-2 yil ichida biror kasbni egallab chiqishadi. May oyida armiya safiga shartnoma asosida qabul qilish bo‘yicha yosh chegarasi yuqoridan ham bekor qilingandi. Ya’ni katta yoshli rossiyaliklarga ham armiya safiga shartnoma asosida qabul qilinish imkoni berilgandi.

«Harbiy xizmatdagi jangovar majburiyatlar» to‘g‘risidagi federal qonunning 34-moddasiga kiritilajak o‘zgarish Davlat dumasi tasdig‘idan keyin kuchga kiradi.

Rossiya armiyasida 18 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan erkaklar shartnoma asosida xizmat qilishi mumkinligi belgilangandi. Xorijiy fuqarolar esa 30 yoshdan boshlab. Rossiya prezidenti oldinroq imzolagan qonunga ko‘ra, endi 50 yoshgacha bo‘lgan erkaklar ham shartnoma asosida xizmat qilishi mumkin.

Yangi tartib esa armiya safiga qo‘shilish bo‘yicha mutaxassislikka oid qo‘yilgan talablarni bekor qiladi. Hozirda Rossiya armiyasiga, shuningdek, FVV hamda Tashqi razvedka xizmatiga o‘rta maxsus bilim yurtlarini tamomlaganlar qabul qilinadi. FSBga esa oliygoh bitiruvchilarigina ishga olinadi. Yangi tartib urush holatidagi Rossiyada ushbu holatlar bo‘yicha talablarni yengillashtiradi.

Rossiya armiyasi urushda qancha askar yo‘qotgani haqida ma’lumot bermay qo‘ygan. Rossiya qurbonlar haqida oxirgi marta mart oyida xabar bergan va o‘shanda 1351 nafar harbiy halok bo‘lgani aytilgandi. Undan keyin uch oy o‘tdi va tinimsiz qurbon berilayotgani sabab Rossiya armiyasiga qo‘shimcha kuchlar kerak bo‘lmoqda. BBC ochiq ma’lumotlarning o‘zi orqali 4 mingdan ortiq rus harbiysi halok bo‘lganini aniqlagan, Ukraina tomoni Rossiyaning qurbonlari 32 mingdan ortiq ekanini aytadi.

Armiyani to‘ldirish uchun yangi manba

Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, chaqiruv olgan maktab bitiruvchilari ichidan 5 foizigina qabul qilinadi. Qolganlar esa tartib bo‘yicha «otsrochka» oladi. Yangi qonun loyihasi ularni shartnoma asosida ishga qabul qilish imkonini beradi.

Qonun loyihasining birinchi o‘qilishida ta’lim bo‘yicha talablar kamaytirilgani haqida hech qanday gap yo‘q edi. Bunday bandni Davlat dumasining Mudofaa qo‘mitasi raisi Andrey Kartapolov kiritgan. Tuzatish «Rossiya armiyasini kadrlar bilan ta’minlash bazasini kengaytirish»ga yo‘naltirilgan. Tuzatish bilan Rossiyadagi 11-sinf bitiruvchilari hech qachon armiyada xizmat qilmagan holda Rossiya qurolli kuchlari safiga shartnoma asosida qabul qilinish imkoniga ega bo‘ladi.

Hozirda faqat o‘rta maxsus bilim yurtlarini tamomlaganlar armiyaga qabul qilinadi. Bu bilim yurtlariga 9-sinf bitiruvchilari qabul qilinadi va ular maktabdagidan ko‘proq o‘qishadi. Tabiiyki, ularning yoshi ham kattaroq bo‘ladi. Shuningdek, hozir rossiyaliklar qurolli kuchlar safiga qabul qilinishi uchun kamida uch oy armiya safida xizmat qilgan bo‘lishi kerak. Bu harbiylikning birlamchi bilimlarini berish uchun o‘tash zarur bo‘lgan muddat hisoblanadi.

Tuzatish mana shu talablarni ham bekor qiladi. Ya’ni rossiyalik maktab bitiruvchisi armiya haqida hech qanday tushunchaga ega bo‘lmasa ham qurolli kuchlar safiga shartnoma asosida qabul qilinishi mumkin.

Frontgacha to‘rt oy

Avvaliga Davlat dumasidagi Mudofaa qo‘mitasi maktab bitiruvchilarini armiya safiga qabul qilinganidan bir oy o‘tib urush maydonlariga yuborishni taklif qilgandi. Iyun oyida e’lon qilingan bu taklif tezda duma saytidan yo‘qolib qolgan va ko‘p o‘tmay tahrirlangan holda qayta joylangandi. Yangi tartib armiyaga qabul qilingan maktab bitiruvchilarini frontga kamiga 4 oy o‘tib yuborishni nazarda tutadi.

Tuzatishga ko‘ra, yangi qabul qilingan askar 4 oy o‘tgach, maxsus kasbni egallashi talab qilinadi. Masalan, askar zirhli texnika haydovchisi, haydovchi-parashyutchi, aloqachi, elektromexaniklik bo‘yicha tayyorgarlikni o‘tab bo‘lgachgina frontga yuborilishi mumkin. Rossiya Mudofaa vazirligi saytida yozilishicha, 11-sinf ma’lumoti bilan armiyaga borganlar granatomyot, minomyot va tank komandiri bo‘lishi mumkin. Lekin bunday yo‘nalishlarga qabul qilinadiganlar 3 oylik armiyada xizmat qilgan va keyin shartnoma asosida qabul qilingan bo‘lishi kerak.

Vazirlik yangi qabul qilingan askarlar bir oy davomida faol jangovar tayyorgarlikdan o‘tishini kafolatlashini ma’lum qilgan. To‘rt hafta davomida quyidagi tayyorgarlik jarayoni o‘tkaziladi: 240 soat amaliy mashg‘ulot, 10 soatgacha trenajyor, 36 soatgacha jismoniy tayyorgarlik, 32 soatgacha taktik tayyorgarlik, 50 soatgacha maxsus tayyorgarlik, 9 marta Kalashnikov avtomatidan otish (200 ta patron), 7 marta granata otish. Bu tezkor tayyorgarlik rejasi, 4 oylik tayyorgarlik jarayoni nimani o‘z ichiga olishi esa noma’lum.

Foto: KIRILL KUKHMAR/TASS

Putinning 2013 yilda chiqargan farmoniga ko‘ra hozirgacha muddatli harbiy xizmatchilarni frontga faqat 4 oylik tayyorgarlik bosqichidan o‘tgach, yuborish belgilangan. Qo‘shimchasiga tayyorgarlikni malakali mutaxassislar olib borishi kerakligi belgilangan. 2022 yil 8 mart kuni Ukrainadagi harakatlarga muddatli harbiy xizmatchilar qatnashmayotgani aytilgandi. Uning gaplaridan ko‘p o‘tmay esa rossiyalik muddatli harbiy xizmatchilar Ukrainada asir tushgani tasvirlangan video chiqdi. Keyinchalik Putin ular Ukrainaga qanday borib qolganini tekshirishni buyurgan.

BBC bilan suhbatlashgan rossiyalik zaxiradagi ofitserning aytishicha, yosh yigitlarni bir oygina tayyorlab urushga yuborish to‘g‘ri ish emas, birlamchi tayyorgarlik uchun bir necha oy talab qilinadi. Uning fikricha, bunday tayyorgarliksiz jang maydoniga borgan askar narigi tomon uchun tayyor o‘ljaga aylanadi.

BBC o‘rgangan harbiy vakantlarning aksarida qabul qilinuvchilarning 9-sinfni bitirgani yetarli deb ko‘rsatilgan. Masalan, 9-sinf ma’lumoti bilan shartnoma asosida razvedkachi, sapyor, pulemyotchi va hatto aviatsion mexanik lavozimlarida ishlash taklif qilingan. Ammo shartnoma bo‘yicha bunday yo‘nalishga qabul qilinadiganlar hech bo‘lmasa uch oylik armiyada xizmat qilgan bo‘lishi kerak.

«Armiya aql bovar qilmas tarzda professionallikdan yiroqlashib bormoqda»

«Tajribasiz yoshlarni armiyaga qabul qilish osonlashtirilganiga qaraganda frontda odam yetishmayapti. Yetmaganiga armiya (Rossiya armiyasi nazarda tutilmoqda) aql bovar qilmas darajada professionallikdan uzoqlashib bormoqda. Qisqasini aytganda, ko‘pchilik shunchaki «to‘plar ostida yem bo‘lish uchun» yuborilmoqda», deydi BBC bilan suhbatda «Fuqaro. Armiya. Huquq» nomli huquqiy faol guruh rahbari Sergey Krivenko.

Uning aytishicha, bu tarzda armiya safini kengaytirish kutilmagan harakat emas, chunki muddatli harbiy xizmatchilarni urushga yuborish urf bo‘lgan holatlardan emas. Uning so‘zlariga ko‘ra to‘rt oylik tayyorgarlikdan keyin harbiylarni frontga yuborish harbiy holatda amalga oshiriladigan tajriba, muddatli harbiy xizmatchilarni jangga maxsus tayyorgarlikdan keyin hozir ham yuborish mumkin.

«Amalda bunday talablarga doim ham rioya qilinmayapti. Bizda hech qanday tayyorgarliksiz urushga yuborishgani haqida ham xabarlar mavjud», deydi Krivenko. Uning fikricha, tajribasiz askarlarni urushga yuborish bo‘yicha qonuniy cheklovlarni ko‘paytirish kerak. Krivenko urushga borish uchun bir yillik armiyada xizmat qilish yetarli emasligi, buning uchun kamida uch yil kerakligini ta’kidlagan.

«Professional deganda faqat tepkini bosa olish tushunilmaydi. Bunday askar harbiy jinoyat nima ekani, tinch aholi vakillarini o‘ldirish mumkin emasligini bilishi kerak. Aks holda Buchada ko‘rgan holatimiz takrorlanaveradi. Haqiqiy professional bu urushni boshlamagan bo‘lardi», deydi suhbatdosh.

Muddatli harbiy xizmatchilar uchun talablar qanday o‘zgardi?

Shartnoma asosida Rossiya qurolli kuchlari safiga qabul qilish bo‘yicha talablar avvalroq ham yumshatilgandi. 2017 yilga qadar armiya tajribasiga ega bo‘lmagan holda shartnoma asosida armiyaga qabul qilinish uchun oliy ta’lim muassasasini bitirganlik talab etilgan. Ya’ni kamida 20 yoshdan oshgan va kasbiy malakaga ega bo‘lgan oliy ma’lumotlilar qabul qilingan.

2017 yil may oyida hukumat tashabbusi bilan qonun o‘zgartirildi. O‘rta maxsus ma’lumotli erkaklar armiya safiga qabul qilinishi mumkin bo‘ldi. Faqat FXX (FSB)ga oliy ma’lumotlilargina qabul qilingan va yangi qonun bu talabni ham bekor qilishi mumkin. Ya’ni kollej va texnikum bitiruvchilari ham FXXga ishga olinishi mumkin.

Bu qonun o‘zgartirilganiga qadar ham 2016 yil Rossiyada 32 ming kishi o‘rta ma’lumot bilan armiyaga chaqiruv olgan. O‘shanda chaqirilganlarning ko‘pchiligi shartnoma asosida armiya safida xizmat qilishga qiziqish bildirgani aytilgan.

Hozirgi islohotlardan maqsad armiyaning talab yuqori bo‘lgan qismlarini kadrlar bilan ta’minlash ekani aytilgan. Ya’ni safdorlar, serjantlar, praporshiklar safini to‘ldirish ko‘zlangan. Rossiya tomoni armiya safini to‘ldirish uchun manfaatli shartlar taklif qilinishini yashirmagan.

Ko‘proq yangiliklar: