«Qancha kerak bo‘lsa, shuncha vaqtgacha yelkama-yelka turamiz» - G7 Ukrainani g‘alabaga qadar qo‘llashni va’da qildi

Jahon 12:18 / 28.06.2022 27898

Dunyoning yetakchi demokratik derjavalari yetakchilari Germaniyadagi sammitda Rossiya bilan urushda Ukrainani qancha kerak bo‘lsa, shuncha qo‘llash va’da qilingan bayonotni qabul qilishdi.

«Biz moliyaviy, gumanitar, harbiy va diplomatik yordam ko‘rsatishda davom etamiz hamda qancha vaqt talab etilsa shuncha vaqt davomida Ukraina bilan yelkama-yelka turamiz», deyiladi AQSh, Germaniya, Yaponiya, Britaniya, Fransiya, Italiya va Kanada rahbarlari bayonotida.

Mufassal va qat’iy tuzilgan bayonotda «yettilik» davlatlari yetakchilari Rossiya va Belarusga sanksiyalar bosimini oshirishni ham va’da qilishgan.

«Biz prezident Putin va uning Belarusdagi sheriklari rejimiga iqtisodiy va siyosiy bosimni saqlab qolish va kuchaytirishda davom etamiz, shu yo‘l bilan Rossiyani Ukrainaga qarshi bosqinchilik urushi olib borish uchun iqtisodiy vositalardan mahrum qilamiz, biz bundan keyin ham har bir bosqichda hamjihatlikda harakatlangan holda qancha kerak bo‘lsa shunga qadar maqsadli sanksiyalarni birgalikda qo‘llashda davom etamiz», deyiladi bayonotda.

«Yettilik» mamlakatlari Rossiya oltiniga embargo qo‘yishga, sanksiyalarni aylanib o‘tishga urinishlarga qarshi kurashishga, Rossiya eksportiga boj tariflarini joriy etishni muvofiqlashtirishga va ushbu tariflardan tushgan mablag‘ni o‘z qonunlarini buzmagan holda Ukrainaga berish masalasini ko‘rib chiqishga va’da berishgan.

Bundan tashqari, G7 mamlakatlari rossiyalik siyosiy muhojirlarga yordam ko‘rsatmoqchi. Bayonotda bu borada qisqacha to‘xtalib o‘tilgan: «Biz ichki qonunlarimiz va talablarimiz asosida Rossiya rejimi ta’qibiga uchragan rossiyaliklarga himoya taqdim etamiz».

«Yettilik» shuningdek Kremldan oziq-ovqat eksporti tiklanishi uchun ukrain portlari blokadasini yechishni talab qilgan. «Biz Rossiyani hech qanday shartlarsiz qishloq xo‘jaligi va transport infratuzilmalariga hujumlarni zudlik bilan to‘xtatishga va Ukraina portlari orqali qishloq xo‘jaligi mahsulotlari erkin o‘tishini ta’minlashga chaqiramiz», deyilgan bayonotda.

Urushni qishga qadar yakunlash

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham sammit ishtirokchilari bilan videoaloqa orqali bog‘langan. U yana bir bor ittifoqchilardan og‘ir qurollar yetkazib berishni tezlatish va hajmini oshirishni so‘ragan - uning so‘zlariga ko‘ra, shunda Ukraina urushni qishga qadar yakunlashi mumkin bo‘ladi.

VOLODYMYR ZELENSKY TELEGRAM

BBC’ning Berlindagi korrespondenti Jyenni Hillning qayd etishicha, bayonotning qat’iy formulirovkasi yetakchi demokratik derjavalar Ukrainani qo‘llash va Rossiyani qoralashda yakdil ekanini, Yevropa yetakchilari ikkilana boshlagani va urushni qanday qilib bo‘lmasin to‘xtatish haqida o‘ylayotgani to‘g‘risidagi xabarlar asossizligini ko‘rsatadi.

«Tvitterda Germaniya kansleri Olaf Sholsning yozishicha, oldinda - murakkab, ammo zarur qarorlar turibdi», deya eslatadi BBC korrespondenti.

Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson BBC bilan suhbatda aytishicha, «erkinlik har qancha qurbonlikka arziydi» va Ukrainani qo‘llab-quvvatlash - G‘arbdagi ittifoqchilar qilayotgan to‘lovdir.

Ko‘proq yangiliklar: