Germaniyada aholi iste’mol kayfiyati rekord darajada pastga tushib ketdi 

Jahon 14:06 / 28.06.2022 11909

Ukrainadagi urush va yuqori narxlar Germaniyada iste’molchilar kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. GfK marketing tadqiqotlari agentligining 28 iyun, seshanba kuni ma’lum qilishicha, iyul oyida tegishli indeks yana 1,2 punktga - 27,4 gacha pasayadi va shu tariqa, 1991 yilda kuzatuvlar boshlanganidan beri eng past ko‘rsatkich qayd etiladi. «Ayniqsa, hozirda qariyb sakkiz foizni tashkil etayotgan hayot kechirish qiymatining oshishi iste’molchi kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda», - deydi GfK eksperti Rolf Byurkl.

Iste’molchi kayfiyati darajasining pasayishi so‘nggi yetti oyda beshinchi marta kuzatilmoqda. «Iste’molchilar hali ham Germaniya iqtisodiyotining retsessiyaga tushib qolish xavfini ko‘rmoqda», deyiladi GfK’ning iqtisodiy prognozlarida. Ukrainadagi urush tufayli uzilgan ta’minot zanjirlari muammolari Germaniyada ishlab chiqarishga jiddiy to‘siqlar tug‘dirmoqda. Bundan tashqari, yuqori inflatsiya iqtisodiy o‘sishning muhim ustuni sifatida shaxsiy iste’molning kamayishiga tahdid solyapti. 
 
Iste’molchilar katta hajmdagi xaridlarni amalga oshirishga kamroq tayyor. Xarid qilishga moyillik minus 13,7 punktga tushdi. Pastroq qiymat oxirgi marta 2008 yil oktabr oyida, moliyaviy-iqtisodiy inqiroz paytida kuzatilgan. «Agar xususiy uy xo‘jaliklari energiya va oziq-ovqatga ko‘proq mablag‘ sarflasa, ularning moliyaviy resurslari kamroq bo‘ladi. Ayniqsa, katta xaridlar uchun», - deya tushuntirdi ekspertlar. 

Ko‘proq yangiliklar: