«Vertolyotdan pul sochish» yoxud bazaviy daromad qashshoqlikni kamaytirish usuli sifatida 

Iqtisodiyot 19:34 / 27.06.2022 29991

Belgiyalik faylasuf va iqtisodchi Filipp van Pareys talqiniga ko‘ra, bazaviy daromad (BD) - bu davlat tomonidan uning barcha a’zolariga individual asosda, hech qanday sharsiz va mehnat stajini talab qilmasdan to‘lanadigan puldir. Bunday daromad odamni qashshoqlikka tushib qolishdan saqlashi lozim. 

BD har bir odamga uning shaxsiy daromadi, ijtimoiy mavqeyi, yoshi, ish joyi va boshqalardan qat’i nazar to‘lab beriladi. Mana shu jihati bilan boshqa ijtimoiy to‘lovlardan farq qiladi. Oddiy so‘z bilan tushuntirganda, hukumat qashshoqlik chegarasini pulda belgilab olishi va jamiyatning har bir a’zosiga hech qanday sharsiz bu pulni har oyda to‘lab borishi lozim. Ba’zi OAV buni «vertolyotdan pul sochish» deb ham atagan. 

BD atrofidagi bahs-munozaralar yarim asrdan beri davom etmoqda. Bu g‘oyaning tobora ko‘proq yangi tarafdorlari yoki muxoliflari paydo bo‘lmoqda. Loyihaning iqtisodiyot va jamiyatga qanday ta’sir qilishini aniq ko‘rsatadigan tajribalar o‘tkazilmagan. Ammo mahalliy darajada izlanishlar davom etyapti. 

Bazaviy daromad nega kerak? Uning tarafdorlari qanday asoslarni keltirmoqda?

«Qo‘lingizdagi pul erkinlik qurolidir, siz ishlab topishga intilayotgan pul esa qullik qurolidir», - deb ta’kidlagan edi Jan Jak Russo o‘zining «Tavbalar» kitobida. 

Qaysidir ma’noda, bu keng qamrovli iborada BD tarafdorlarining asosiy argumentlari bor: agar bunday to‘lovlar hammaga berilsa, inson erkinroq, jamiyat esa yanada adolatli bo‘ladi. 

Bugungi kunda ushbu g‘oya ikkita global muammo nuqtayi nazaridan muhokama qilinmoqda. 

Birinchidan, iqtisodiyotni raqamlashtirish va ishlab chiqarishni robotlashtirish ishsizlikning nazoratsiz o‘sishiga olib keladi. Yangi, yuqori samarador texnologiyalarning joriy etib borilishi millionlab odamlarni daromadsiz qoldirishi mumkin. 

Ikkinchidan, bazaviy daromadning joriy etilishi qashshoqlik keskin o‘sishining oldini olishga va ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlardan kelib chiqadigan inqirozli hodisalarini yumshatishga imkon beradi. 

Germaniyaning Volkswagen zavodidagi robotlar (drive2.ru) 

BD bilan mohiyatan o‘xshash loyihalar tarix davomida amalga oshirilgan va hozir ham tatbiq etilmoqda. 

Masalan, XVI asr o‘rtalarida Yevropada iqtisodiyotni feodalizmdan kapitalizmga o‘tkazish jarayoni boshlanganida minglab odamlar ishsiz qoldi. Oqibatda, shahar va qishloqlar qashshoq tilanchilarga to‘lib ketgan. Faqat mahalliy ma’muriyat, cherkov va xayriyachilar aralashuvi bilan kambag‘allarga muntazam va bepul asosda vaqtincha pul yoki boshqacha yordam berish choralari ko‘rilgan. 

BD haqida mulohazalar zamonamizning yanada murakkab muammosi, ya’ni o‘rta sinf daromadlarining pasayishi, iqtisodiy tengsizlikning o‘sishi, aholining qarib borishi bilan bog‘liq. 

BD tarafdorlarining barcha dalillari quyidagi farazlarda umumlashadi: 

- insoniyat yana ijtimoiy adolat va iqtisodiy o‘sish sari harakatlana boshlaydi;

- oila a’zolari ko‘proq erkinlikka ega bo‘ladi, o‘z-o‘zini rivojlantirish, o‘z-o‘zini tarbiyalash, qiziqarli mehnat va boshqalar uchun ko‘proq erkinlik oladi;

- jamiyatning barcha a’zolari asosiy iqtisodiy xavfsizlik bilan ta’minlanadi, bu esa jamiyatda ma’naviy integratsiyaning chuqurlashishiga olib keladi. 

Filipp van Pareys bazaviy daromad tarafdorlari namoyishida (Flickr) 

Bazaviy daromad qanday muammolarni keltirib chiqarishi mumkin? Uning muxoliflari qanday fikrda?

BD skeptiklari uni amalga oshirish imkoniyatini uchta yo‘nalishda tanqid qilishadi: 

- Iqtisodiy, bunday to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyati va maqsadga muvofiqligi tanqid qilinadi.

- Ijtimoiy, bazaviy daromad odamga ko‘proq erkinlik berishi shubha ostiga qo‘yiladi.

- Axloqiy, jamiyat nuqtayi nazaridan bunday to‘lovlarning adolatli ekani shubha ostiga qo‘yiladi. 

Agar biz BD haqida iqtisodiyot nuqtayi nazaridan gapiradigan bo‘lsak, unda ushbu loyihaning eng muhim jihati – xarajatlarni kim ko‘taradi degan savolga kelamiz. Chunki iqtisodchilar tomonidan amalga oshirilgan turli xil hisob-kitoblar shunchaki astronomik raqamlarni beradi. Xo‘sh, iqtisodiyot bunday xarajatlarni ko‘tara oladimi? 

Albatta, bunda xarajatlarni qisman qoplashning turli usullari muhokama qilinmoqda. Masalan, soliqlarni oshirish va davlat xarajatlarini optimallashtirish yoki mavjud ijtimoiy dasturlarni qisqartirish orqali. Biroq, hatto bunday choralar ham barcha xarajatlarni qoplashi dargumon. 

Bundan tashqari, bazaviy daromadning joriy etilishi insonni nafaqat erkinlashtiradi, balki, aksincha, uning davlatga qaramligini nihoyatda oshirishi aniq. Bunday dasturni qisqartirish esa iqtisodiy inqiroz, tabiiy ofat yoki harbiy to‘qnashuv tufayli yuzaga keladigan ulkan siyosiy va ijtimoiy xavflarni vujudga keltirishini aytmasa ham bo‘ladi. 

BD g‘oyasining axloqiy asosi ham savollarni tug‘diradi. Ko‘pchilik fikriga ko‘ra, pulni aholiga shunchaki tarqatish boqibeg‘amlik oloviga yog‘ sepish bilan barobar. Iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Jyeyms Xekman o‘z intervyusida ta’kidlaganidek, imtiyozlar asosida yashayotgan jamoalar qashshoqlikdan qutulishga va jinoyatchilik halqasidan chiqib ketishga urinmaydi, balki bunday tizimni himoya ham qiladi. 

Shuningdek, muxoliflar BD tabiiy axloq me’yorlariga ham zid ekanini ta’kidlaydilar. Iqtisodchi olim Rostislav Kapelyushnikov ta’kidlaganidek: «Tabiiy axloq nuqtayi nazaridan, sog‘lom, mehnatga layoqatli odam boshqalar hisobidan yashamasligi kerak. Boy va o‘ta boylar esa davlatdan hech qanday shaklda pul olmasligi kerak». 

Bazaviy daromad miqdori qancha bo‘lishi kerak? 

BD to‘lovlari iqtisodiyot uchun halokatli bo‘lmasligi va shu bilan birga uni oluvchiga minimal farovonlik darajasini ta’minlashi uchun miqdori qancha bo‘lishi kerak? 

Belgiyalik professorlar va iqtisodchilar, bazaviy daromad tadqiqotchilari Filipp van Pareys va Yannik Vanderborxt «Erkinlik quroli» nomli kitobida ushbu raqamlarni keltirmoqdalar: 

«Har qanday davlat uchun bazaviy daromad miqdorini aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi ichki mahsulotning (YaIM) 25 foiziga to‘g‘ri keladigan qiymatini olishni taklif qilamiz. Agar shunday qilinsa, misol uchun, Amerikada bazaviy daromad 1164 dollarga, Shveytsariyada 1670 dollarga, Buyuk Britaniyada 910 dollarga, Braziliyada 180 dollarga, Hindistonda 33 dollarga, Kongo Demokratik Respublikasida 9,5 dollarga teng bo‘ladi». 

Kongo Demokratik Respublikasida qashshoqlar qo‘nalg‘asi (bigcities.org) 

O‘zbekistonda bazaviy daromad miqdori qancha bo‘lishi mumkin? 

Aholi jon boshiga daromadimiz 2021 yil raqamlarida 1750 dollarga teng. Shu sababli, bu qiymatning 25 foizi yiliga 145 dollar yoki oyiga 12 dollarni tashkil qiladi. Hozirgi kurs bo‘yicha bu taxminan 120 ming so‘mga teng. 

O‘rtacha 4 kishilik o‘zbek oilasi uchun bu har oyda 480 ming so‘mlik yoki yiliga 5 mln 760 ming so‘mlik to‘lovni anglatadi. Kam ta’minlangan odamlar uchun bu ayni muddao, uni dengizdagi qutqarish xalqasiga o‘xshatish mumkin. 

O‘zbekistonda 35 million aholining har biriga 120 ming so‘mdan oylik bazaviy daromadning to‘lanishi hukumatga yiliga 50,4 trillion so‘mga (yoki 5 mlrd dollarga) tushadi. Taqqoslaydigan bo‘lsak, Moliya vazirligi mo‘ljaliga ko‘ra, 2023 yilda O‘zbekiston budjetining daromadi 276,7 trillion so‘m bo‘lishi, xarajati esa 347,2 trillion so‘m bo‘lishi kutilmoqda. 

O‘z o‘rnida aytish joizki, badavlat fuqarolarga bazaviy daromaddan voz kechish imkoni ham beriladi. Oyiga 10 ming dollar topadigan kishilar uchun 120 ming so‘mlik to‘lov ahamiyatsiz. Taqsimlanmay qolgan mablag‘lar loyihaning kam ta’minlangan ishtirokchilariga yo‘naltiriladi. 

Bazaviy daromad davlat tomonidan shaxsning mavjud daromadiga qo‘shimcha to‘lov ekanini yana bir bor eslatib o‘tish joiz. Ya’ni ishchilar maoshini, keksalar va nogironlar pensiyasini, nafaqasini, talabalar stipendiyasini olishda davom etaveradi. BD shaxsning daromadi qancha ekanidan qat’i nazar to‘lanadi.

Yuqoridagi mualliflarning ta’kidlashicha, «Bazaviy daromadning joriy qilinishi davlat tomonidan sifatli ta’lim, sifatli sog‘liqni saqlash va boshqa xizmatlarni moliyalashtirishning bekor qilinishini anglatmaydi». 

Bazaviy daromadning joriy qilinishi bilan bog‘liq loyihalar 

Bunday loyihalar umumdavlat miqyosida hech qayerda joriy qilinmagan. Ammo mahalliy darajada, tor doirada sinovdan o‘tkazilgan. Ularning aksariyati ijobiy natijalarni bergan. Ayrim misollarni ko‘rib chiqamiz. 

Hindiston 

2012-2013 yillarda Madxya-Pradesh shtatidagi qishloqlarda bazaviy daromadni to‘lash bo‘yicha YUNISEF homiyligi ostida tajriba o‘tkazildi. 

Loyiha bo‘yicha, oiladagi katta kishilarga oyiga 300 rupiy, bolalarga 150 rupiy 12 oy davomida to‘landi. 

Hindistonlik qashshoq ayol ko‘chada ovqat tayyorlamoqda (zen.yandex.ru) 

Yakuniy natijalarga ko‘ra, BD oilaning yashashi, sanitariya sharoitlarini yaxshilashga, ovqatlanish, salomatligini tiklash va ta’lim olish jarayoniga kuchli ijobiy ta’sir qilgan. Daromadlarining oshishiga, sermahsul mehnat miqdorining ko‘payishiga, qarzlarning kamayishi va jamg‘ariladigan pul miqdorining oshishiga olib kelgan. 

2017 yilda hukumatning iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Arvind Subramanyan bazaviy daromadni umumdavlat miqyosida joriy qilishni taklif etgan. Bunda har bir kishiga yiliga 7620 rupiy (yoki 113 dollar) to‘lash taklif qilingan. Bu shahar ishchisining eng kam ish haqiga teng miqdor edi. Albatta bu miqdor komfort hayot kechirish uchun yetarli bo‘lmasa-da, qashshoqlik darajasini 22 foizdan 0,5 foizga tushirish imkonini berar edi. Xarajatlar 950 ta ijtimoiy yordam loyihalari mablag‘larini qayta taqsimlash orqali qoplanishi ko‘zda tutilgan edi. 

Kanada 

1970-yillarda hukumat tomonidan Dofin shaharchasida Mincome loyihasi ishga tushirilib, aholiga hech qanday majburiyatsiz pul to‘landi. Tajriba 5 yil davom etdi. 

Uning yakuniga ko‘ra, pul olganlarning aksariyati mehnat faoliyatidan voz kechmagani, faqat yosh yigitlar 40-50 foizga kamroq ishlay boshlagani, lekin shu bilan birga ular ta’lim uchun ko‘proq vaqt sarflanayotgani aniqlangan. Shaharchada volontyorlar, muhtojlarga yordam beruvchilar soni va ijtimoiy faollik oshgan. Sog‘liqni saqlash xarajatlari 10 foizga kamaygan, chunki odamlar o‘z sog‘lig‘iga ko‘proq e’tibor qarata boshlagan. 

Namibiya 

2008-2009 yillarda Omitare va Ochivero qishloqlari aholisiga ijtimoiy-iqtisodiy ahvolidan qat’i nazar oyiga 100 Namibiya dollaridan tarqatilgan. Loyiha BIG Coalition tomonidan amalga oshirilgan. 

Tajriba kambag‘allikka qarshi kurashish, ijtimoiy rivojlanishni rag‘batlantirish va mahalliy iqtisodiy rivojlanishni jadallashtirishda samaradorligini isbotlagan. Ishtirokchilar ichida bolalarning qashshoqlik va to‘yib ovqatlanmaslik darajasi keskin kamaygan. Shu bilan birga maktabga qatnovi va mahalliy klinikadan foydalanish miqdori ko‘paygan. Iqtisodiy faollik sezilarli darajada oshib, jinoyatchilik darajasi pasaygan. 

AQSh 

Qo‘shma shtatlarning Alyaska shtatida 1982 yildan boshlab neft daromadlaridan shakllangan «Alyaska doimiy jamg‘armasi» mablag‘larining bir qismi barcha aholiga teng taqsimlanmoqda. 

Alyaska shtati bazaviy daromadni doimiy asosdan joriy qilgan dunyodagi ilk hudud hisoblanadi. 

Dividendlarning nominal qiymati 1984 yilda bir kishi uchun 331 dollarni tashkil etgan bo‘lsa, yildan yilga oshib, 2015 yilda 2072 dollarga yetgan. To‘lovlarni olish uchun fuqaro Alyaskada kamida 12 oy yashagan bo‘lishi kerak. 

Shveytsariya 

Bazaviy daromadni joriy etish bo‘yicha 2016 yilda referendum o‘tkazilgan. To‘lov miqdori kattalar uchun 2500 Shveytsariya franki (2250 Yevro), bolalar uchun esa 625 frank bo‘lishi rejalashtirilgan edi. 

Hukumat aholini ushbu loyihaga qarshi ovoz berishga chaqirgan va bunday to‘lovlar uchun zarur bo‘lgan 200 milliard frankni yig‘ish uchun soliqlarni oshirish zarurligi haqida ogohlantirdi. Shuningdek, ijtimoiy nafaqalar 55 milliard frankka kamaytirilishi, ya’ni ularning bir qismi bazaviy daromad shakliga aylantirilishi ham nazarda tutilgan edi. 

«Agar daromading haqida kimdir qayg‘ursa, nima qilgan bo‘larding?» - Shveytsariyadagi bazaviy daromad bo‘yicha referendum shiori (Reuters) 

BD tashabbuschilari uni joriy qilishdan maqsad farovonlik darajasini oshirish emas, balki fuqarolarga rivojlanish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar berish ekanini ta’kidlagan edilar. Tashabbus referendumda zarur miqdorda ovoz to‘plamadi, shveysariyaliklarning atigi 23 foizi uni qo‘llab-quvvatladi. 

Bazaviy daromad odamni boqibeg‘am, dangasa qiladimi? 

Bu asosiy savollardan biri. Yo‘q, boqibeg‘am va dangasa qilmaydi. Bazaviy daromad odam qashshoqlikka tushib qolmasligi uchun joriy qilinadi. Uning miqdori juda oz, bu mablag‘lar davlat orttirish uchun yetarli emas. BD orqali uy qurish, mashina yoki shunga o‘xshash hashamatli tovarlarni sotib olish imkonsiz. Buning uchun inson mehnat qilishiga, uning orqasidan daromadini oshirishiga, intilishiga to‘g‘ri keladi. 

Bazaviy daromad siyosiy loyiha sifatida  

Hozirgi kunda bazaviy daromadning mo‘’tadil tarafdorlari va muxoliflari fikri bir joydan chiqqan nuqta ham bor – bunday to‘lovlarni global miqyosda, hatto kelajakda ham joriy qilish imkonsiz. 

Ammo ushbu g‘oyaning ba’zi mexanizmlarini mavjud ijtimoiy dasturlarni takomillashtirish uchun yoki ulardan aholining ma’lum bir qatlamini hisobga olgan holda, manzilli foydalanish mumkin. O‘zbekistonda so‘nggi yillarda bu turli «Temir daftarlar»ni joriy qilish va aholining kam ta’minlangan qatlamiga manzilli moddiy yordam berish orqali qisman amalga oshirilmoqda. Albatta, bunday loyihalarning ijtimoiy-iqtisodiy, qolaversa psixologik natijalari tadqiqotchilar tomonidan o‘rganilishi lozim. 

Bundan tashqari, tabiiy resurslarga boy davlatlar eksport tushumlarining ma’lum qismini aholi o‘rtasida taqsimlash orqali qisman minimal to‘lovlarni joriy etishi mumkin. Alyaska shtati aynan shunday yo‘ldan borganini misol qilib keltirdik. 

Hozirgi kunda bazaviy daromadni joriy qilishga chaqiruvlar turli bahs va munozaralarda, ijtimoiy adolatsizlik va iqtisodiy tengsizlikning kuchayib borayotgani fonida yangramoqda. Ammo g‘oyaning barcha ijobiy va salbiy tomonlari hali sinchkovlik bilan tadqiq qilinmagan. Eng asosiy masala – uni moliyalashtirish uchun qo‘shimcha daromad manbalarini topish bo‘lib qolmoqda. Ammo endi bu tomoni siyosatchilar va iqtisodchilarning qat’iyatiga bog‘liq. 

Nurmuhammad Said

Ko‘proq yangiliklar: