Rossiya tashqi qarzlar bo‘yicha 100 yil ichida birinchi marta defoltga uchradi - Bloomberg

Jahon 07:51 / 27.06.2022 26186

Bloomberg agentligining 27 iyun, dushanba kuni xabar berishicha, 27 iyunga o‘tar kechasi Rossiya 1918 yildan buyon birinchi marta tashqi qarz bo‘yicha defoltga uchradi, chunki davlat obligatsiyalari bo‘yicha muddati o‘tgan qariyb 100 million dollarlik to‘lovlarni to‘lash bo‘yicha imtiyozli davr tugadi.

Defolt haqida hech qanday rasmiy e’lon bo‘lmaydi. Bu odatda xalqaro reyting agentliklari tomonidan amalga oshiriladi, biroq ularning barchasi Rossiyadagi faoliyatini to‘xtatib qo‘ygan, deb ta’kidlaydi Bloomberg. Shu bilan birga, obligatsiyalar egalari bunday e’lon qilishlari mumkin edi, ammo ular hali ham pullarining to‘liq yoki hech bo‘lmaganda bir qismini qaytarish imkoniyatlari qanday ekanligini baholashga harakat qilmoqdalar, deb yozadi agentlik. Kreditorlar tomonidan defolt e’lon qilinishi uchun obligatsiya egalarining to‘rtdan bir qismi rozi bo‘lishi kerak.

Bu bolsheviklar chor tuzumi qarzlaridan voz kechgan 1918 yildan beri Rossiyaning tashqi qarzi bo‘yicha birinchi defoltidir, deb yozadi Bloomberg. 

Aprel oyida AQSh Moliya vazirligi vaqtinchalik litsenziyani yangilamadi, u esa sanksiyalardan istisno qilib, Rossiya obligatsiyalari egalariga Rossiyadan to‘lovlarni olish imkonini bergandi. Ushbu litsenziyaning amal qilish muddati 25 mayda tugadi. 27 may oqshomida Rossiya yevroobligatsiyalari egalari deyarli 100 million dollarlik kupon to‘lovlarini olmagan, shundan so‘ng ushbu to‘lovlar bo‘yicha defolt e’lon qilinguncha 30 kunlik ortga hisoblash boshlandi. 

Sanksiyalar tufayli Britaniyaning Citibank’i Rossiya bo‘yicha to‘lov agenti sifatida ishlashdan bosh tortdi. Oxir-oqibat Moliya vazirligi ushbu funksiyalarni Milliy hisob-kitob depozitariysiga o‘tkazdi, hisob raqamiga mablag‘larni kiritdi va barcha majburiyatlarni bajarganligini e’lon qildi. Keyinchalik depozitariy Yevropa ittifoqi sanksiyalarining oltinchi paketiga kiritildi. Kreml bu qarorni Bryusselning Rossiyani «sun’iy defolt»ga undashga urinishi deb atadi. 22 iyun kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiyaning xorijiy valutadagi tashqi qarzi bo‘yicha majburiyatlarni bajarishning vaqtinchalik tartibi to‘g‘risidagi farmonni imzoladi, u bunday to‘lovlarni rublda amalga oshirishni nazarda tutadi. 

Rossiya moliya vaziri Anton Siluanov o‘tgan hafta Rossiya davlat tashqi qarziga xizmat ko‘rsatishga sun’iy to‘siqlar yaratish davlatga «defolt» belgisini ilib qo‘yish uchun zarur ekanligini aytdi. «Lekin tushunadigan odam bu defolt emasligini tushunadi. Rostini aytsam, bu butun vaziyat farsga o‘xshaydi», dedi Siluanov. 

Loomis Sayles & Company LP’ning suveren davlatlar bo‘yicha katta tahlilchisi Hasan Malik Bloomberg agentligiga bergan intervyusida: «Bu juda kam uchraydigan holat, ya’ni, boshqa hukumat mamlakatni to‘lash uchun mablag‘lari bo‘lsa-da, defolt e’lon qilishga majburlamoqda». 
 
Bloomberg «defolt hodisasini» Rossiya iqtisodiyoti va «kuchli inflatsiya va so‘nggi yillardagi eng yomon iqtisodiy tanazzulni boshdan kechirayotgan» ruslar uchun uchun ramziy ma’noga ega deb atadi. «Bu mamlakatning iqtisodiy, moliyaviy va siyosiy jihatdan tez yakkalab qolishining dahshatli belgisidir», deyiladi agentlik ma’lumotida. 

Ko‘proq yangiliklar: