«Putin harbiy mashinasi yuragiga zarba»: dunyo yetakchilari Rossiya oltiniga embargo qo‘yadi

Jahon 19:07 / 27.06.2022 29762

Bavariyada G7 sammitiga yig‘ilgan dunyoning yetakchi demokratik derjavalarining to‘rttasi Rossiya oltini yetkazib berilishini taqiqlash niyati haqida e’lon qildi. London - dunyodagi asosiy oltin savdo markazi hisoblanadi, Rossiya esa o‘tgan yili 15,4 mlrd dollarlik oltin eksport qilgan.

Rossiya oltiniga embargo qo‘yish rejasi haqida sammit arafasida AQSh, Buyuk Britaniya, Yaponiya va Kanada e’lon qilgandi. AQSh prezidenti Jo Bayden bu taqiqqa «yettilik»ning boshqa a’zolari - Germaniya, Fransiya va Italiya ham qo‘shilishiga ishonch bildirgan.

«G7 mamlakatlari birgalikda Rossiyaga o‘nlab milliard dollarlar olib keladigan asosiy eksport mahsulotlaridan biri bo‘lgan Rossiya oltini importini taqiqlayotganimizni e’lon qilamiz», deya yozgandi Bayden Bavariya yerining Elmau qal’asidagi sammit boshlanishi oldidan.

Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson embargo «Putin harbiy mashinasi yuragiga zarba» bo‘lishini aytgan. Britaniya tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, urush boshidan buyon Rossiya oltiniga talab oshgan, chunki rossiyalik oligarxlar o‘z pullarini sanksiyalardan qutqarish umidida oltin quymalarini sotib olishga shoshilgan.

Britaniya hukumati yaqin haftalar ichida parlament orqali Rossiya oltinini taqiqlovchi qonun qabul qilmoqchi.

Taqiq faqat yangi, endi qazib olingan oltinga taalluqli bo‘ladi - avvalroq xalqaro bozorga kirib kelgan rossiyaliklar oltini bilan savdo qilishga nisbatan amal qilmaydi.

Germaniya, Fransiya va YeI nimani o‘ylamoqda?

Oltinga embargo qo‘yish g‘oyasini Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ham qo‘llab-quvvatlagan; Germaniya va Italiyaning bu boradagi bayonotlari uch kunlik sammit davomida yoki uning yakunida bo‘lishi kutilmoqda.

Ammo Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel (YeI rahbariyati an’anaga ko‘ra «yettilik» sammitlarida ishtirok etadi) oltinga embargo qo‘yish borasida ehtiyotkorlik bilan gapirdi. «Oltin masalasiga kelsak, biz ko‘rib chiqishga, o‘rganishga tayyormiz. Iqtisodiyotimizga qandaydir zarar yetkazmasdan Rossiya iqtisodini nishonga olish mumkinmi yoki yo‘qligini ko‘ramiz», degan Mishel.

Bryussel AQShning Rossiyani narxi jiddiy ko‘tarilgan neft sotuvidan tushadigan daromaddan mahrum etish uchun neft narxiga chegara qo‘yish borasidagi g‘oyasiga ham ehtiyotkorlik bilan yondashgan.

Mishelning so‘zlariga ko‘ra, «yettilik» davlatlari yetakchilari tom ma’noda narxlarni cheklamaydigan, ammo amalda cheklovchi mexanizmni muhokama qiladi. Gap Rossiya nefti eksporti partiyalarini sug‘urtalashni cheklash yoki taqiqlash haqida ketmoqda.

Sammit ishtirokchilari Ukraina haqida nimalar deyishdi

 

AP Photo/Markus Schreiber, Pool
  • Uchrashuv mezboni, Germaniya kansleri Olaf Sholsning aytishicha, G‘arb yetakchilarining Ukraina masalasida hamjihatligi G7 ning Rossiya prezidenti Vladimir Putinga yo‘llagan aniq nomasi bo‘ladi.
  • Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson G‘arbni Ukrainani qo‘llab-quvvatlash va bunday ko‘mak o‘z mamlakati uchun qanday oqibatlarga olib kelishi borasida rostgo‘y bo‘lishga chaqirdi.
  • AQSh prezidenti Jo Bayden Rossiya bosqiniga qarshi G7 sifatida ham, NATO sifatida ham birdamlikka chaqirdi va yana bir bor Vladimir Putin G‘arb parchalanishiga umid qilgani, ammo amalda bunga erisha olmaganini ta’kidladi.
  • Jonson va Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Ukrainadagi mojaro kritik bosqichda ekani va «urush borishini o‘zgartirish imkoniyati mavjudligi» borasida yakdil fikr bildirgan.
  • «G7 mamlakatlari bitta maqsadga ega - Rossiya harbiy mashinasini kisloroddan uzish, shu bilan birga o‘z iqtisodiyotimiz haqida qayg‘urish», degan Yevropa kengashi prezidenti Sharl Mishel.

Fransiya, umuman olganda, neft narxiga yuqori chegara belgilash g‘oyasini qo‘llab-quvvatlaydi, ammo buni «yettilik» mamlakatlari emas, eksportchi mamlakatlar joriy etishi kerak deb hisoblaydi. «Agar ishlab chiqaruvchi mamlakatlar tomonidan joriy etilsa, bu chora yanada kuchli bo‘ladi», degan Makronning matbuot xizmati.

Bavariyadagi sammitda «yettilik» mamlakatlari yetakchilari Ukrainaga Rossiya bilan urushda yordam ko‘rsatish, shuningdek, narxlar oshishi va oziq-ovqat tanqisligi sababli ro‘y berayotgan global inqirozni yengish yo‘llarini muhokama qilmoqda.

Sammit boshlanishidan oldin va birinchi majlisdan keyin Germaniya kansleri Olaf Shols, AQSh prezidenti Jo Bayden va boshqa yetakchilar rossiyaliklar yetakchisi Vladimir Putinning G‘arbda bo‘linish yuzaga kelishi to‘g‘risidagi umidi oqlanmagani - G‘arb hamon birdamlik bilan Ukrainani qo‘llab-quvvatlayotganini ta’kidlashgan.

Muddatsiz qo‘llab-quvvatlov

Bloomberg agentligi «yettilik» sammitining yakuniy bayonoti loyihasini qo‘lga kiritgani, unda G7 yetakchilari Ukrainaga Rossiya tajovuziga qarshi turishda qancha kerak bo‘lsa, shuncha yordam berishni va’da qilishi aytilishi haqida xabar tarqatdi. «Biz moliyaviy, gumanitar, harbiy va diplomatik ko‘makni davom ettiramiz va Ukrainani qancha kerak bo‘lsa shuncha qo‘llab-quvvatlaymiz», deya bayonot loyihasidan iqtibos keltiradi Bloomberg.

Agentlikning qayd etishicha, bunday formulirovka muhim, chunki «yettilik» va Yevroittifoqning ayrim davlatlari, xususan Germaniya va Fransiyadagi siyosatchilar urush cho‘zilishi o‘z mamlakatlari iqtisodiyoti va dunyo iqtisodiyotiga qay darajada ta’sir ko‘rsatishi borasida xavotirlarini bildirishgan hamda urushni imkon qadar tezroq tugatishga qarshi emasliklariga ishora qilishgan.

Boshqa mamlakatlar yetakchilari - xususan, Britaniya, Polsha, Boltiqbo‘yi davlatlari rahbarlari urush agar hozir to‘xtatilsa, bu Rossiya va Putinga suveren demokratik davlat hududining bir qismini hech qanday jazosiz egallab olishga ruxsat berilishini anglatadi, Rossiya esa tanaffusdan yangi urushga tayyorlanish uchun foydalanadi.

Shu bilan birga, urushni qachon va qanday sharoitda yakunlash borasida qarorni Ukrainaning o‘zi qabul qilishi kerakligiga barcha qo‘shiladi.

Sammit kommyunikesi loyihasiga ko‘ra, G7 yetakchilari Rossiyadan import bojlari to‘lashdan tushgan mablag‘larni Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun yo‘naltirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

AQSh, Yaponiya va Yangi Zelandiya allaqachon Rossiyaning embargoga tushmagan mahsulotlari uchun boj tariflarini oshirgan. Yevroittifoq Rossiya neftiga embargo qo‘yishni muhokama qilish chog‘ida Rossiyadan neft importining YeI mamlakatlari hozirda voz kecha olmaydigan qismi uchun tariflarni qo‘llash imkoniyatini ko‘rib chiqqandi.

Ko‘proq yangiliklar: