«NATOni tarqatib yuboring»: Madridda alyans sammitiga qarshi namoyishlar o‘tkazilmoqda

Jahon 09:07 / 27.06.2022 30373

Madridda «NATOni tarqatib yuborish» va AQShning Ispaniyadagi harbiy bazalarini yopish talabi bilan o‘tkazilgan namoyishda bir necha ming kishi qatnashdi. Miting 26 iyun, yakshanba kuni, NATO sammiti oldidan o‘tkazildi.

Namoyish ishtirokchilari shahar markazi bo‘ylab harakatlandi – Atocha stansiyasidan Ispaniya maydonigacha. Transparantlardan birida «NATOga – yo‘q, urushlarga – yo‘q, tinchlik uchun» degan yozuv bo‘lgan. Yig‘ilganlar Ispaniyaning harbiy xarajatlarni oshirishiga qarshi chiqdi. Shu bilan birga, Dpa agentligiga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainadagi urushi bilan bog‘liq deyarli hech qanday tanqid bo‘lmagan.

Ispaniyaning ABC gazetasi xabariga ko‘ra, mitingga Ispaniya Kommunistik partiyasi (PCE) bosh kotibi va 2030 yilgacha bo‘lgan kun tartibi bo‘yicha davlat kotibi Enrike Santyagoning kelgani shov-shuv keltirib chiqargan. 

Shu bilan birga, ABC ma’lumotiga ko‘ra, siyosatchining mitingda ishtirok etishi ko‘p jihatdan ramziy ma’noga ega bo‘ldi. U namoyishga tadbir boshlanganidan keyin qo‘shildi, faqat suratga tushish uchun PCE boshida turdi va miting tugashidan ancha oldin ketib qoldi. 

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, namoyishda 2200 ga yaqin odam qatnashdi, tashkilotchilar esa 30 mingga yaqin kishi ishtirok etganini aytmoqda.

Aksiyada politsiyaning katta kontingenti navbatchilik qildi, biroq tadbir tinch o‘tdi. Sammit kunlarining biriga yana bir namoyish rejalashtirilgan edi, ammo rasmiylar xavfsizlik nuqtayi nazaridan uni bekor qilishga qaror qildi. 

NATO sammitida alyans yangilangan Strategik konsepsiyani va Yevropada qo‘shimcha kuchlarni joylashtirishni e’lon qilishi kutilmoqda, degandi avvalroq AQSh ma’muriyatining yuqori martabali vakili. Uning so‘zlariga ko‘ra, alyansning yangi strategiyasida Rossiya NATO uchun eng jiddiy va bevosita tahdid sifatida ko‘rsatiladi. 

Sammit arafasida Boltiqbo‘yi davlatlari Latviya, Litva va Estoniyani Rossiyaning potensial bosqinidan himoya qilish strategiyasini yangilashga chaqirdi. Hozir ittifoq ushbu mamlakatlarning Rossiya tomonidan bosib olinishi va ularni 180 kun ichida ozod qilish ssenariysidan kelib chiqmoqda. Estoniya bosh vaziri Kaya Kallas avvalroq Ukrainaga bostirib kirish bunday strategiyaning ahamiyatsizligini ko‘rsatganini ma’lum qilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: