MRB va AQSh maxsus kuchlarining Ukrainadagi roli haqida ma’lumot berildi

Jahon 12:04 / 27.06.2022 16787

AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya, Kanada, Litva va NATOning boshqa davlatlaridan bo‘lgan razvedka xizmati va maxsus kuchlar bo‘linmalari zobitlarining keng tarmog‘i - «kommandoslar» Kiyevga qurol-yarog‘ yetkazib berishni muvofiqlashtirish, razvedka ma’lumotlarini uzatish va Ukraina harbiylarini tayyorlash bilan shug‘ullanmoqda. Ulardan ba’zilari Ukraina hududida faoliyat yuritadi, deb xabar bermoqda The New York Times gazetasi 25 iyun, shanba kuni nomi oshkor etilmagan suhbatdoshlariga tayanib. 

Ukrainaga yordamni muvofiqlashtirish bo‘yicha katta ish Germaniya, Fransiya va Buyuk Britaniyadagi bazalarda amalga oshirilmoqda, biroq Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB)ning ba’zi xodimlari Kiyevda ham faol bo‘lib, ular AQShdan Ukrainaga «katta miqdordagi» razvedka ma’lumotlarini topshirish bilan band, deb yozadi NYT.

Bundan tashqari, NATOning boshqa davlatlaridan bo‘lgan «kommandoslar» Ukraina hududida ishlash uchun qolgan yoki vaqti-vaqti bilan mamlakatga kelishadi, dedi uch amerikalik rasmiy gazetaga. Gazeta suhbatdoshlariga ko‘ra, bu mutaxassislar Ukraina qo‘shinlari bilan birga oldingi safda emas, balki harbiylarga mamlakat boshqa hududlaridagi shtab-kvartiralardan yoki masofadan turib shifrlangan aloqa orqali maslahat beradi. 

AQSh MRB Ukrainada ishlayotganini rasman tan olmasa-da, bu fakt Rossiya razvedkasiga yaxshi ma’lum, deb yozadi NYT. «Ularning mamlakatda bo‘lishi Ukrainaga yordam berish bo‘yicha yashirin sa’y-harakatlar ko‘lami hamda Vashington va uning ittifoqchilari o‘z zimmasiga olayotgan xavf-xatarlarga ishora qiladi», — deya ta’kidlaydi nashr. 

Rossiya bosqinidan ko‘p o‘tmay, avvalroq Ukraina g‘arbida qo‘shinlarni tayyorlagan AQSh armiyasining 10-maxsus kuchlar guruhi Germaniyada harbiy texnika yetkazib berishni muvofiqlashtirish uchun guruh tuzdi. Yordam ushbu ta’minotni Rossiyadan ehtimoliy raketa zarbalaridan saqlab qolishga qaratilgan, dedi AQSh Mudofaa vazirligi rasmiysi Kristin Vormut. Umuman olganda, Yevropada 20 ga yaqin shunday bo‘linmalar mavjud, deb yozadi NYT. 

AQShning Yevropadagi harbiy yordami yana bir jihati Vashington Kiyevga hadya qilgan ilg‘or artilleriya moslamalaridan foydalanishni o‘rgatishdir. «Bu tizimlarni shunchaki jang maydoniga tashlab bo‘lmaydi», dedi shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi raisi Mark Milli jurnalistlarga. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh harbiy xizmatchilariga HIMARS yalpi o‘t ochish reaktiv tizimlaridan foydalanishni o‘rganish uchun olti-sakkiz hafta vaqt ketadi, Ukraina harbiylari esa ikki haftalik tezlashtirilgan o‘quv dasturidan o‘tadi, dedi u. 

Ko‘proq yangiliklar: