Belarusda 6 yilga qamalgan Sofiya Sapega Lukashenkodan afv haqida so‘radi

Jahon 13:29 / 27.06.2022 16102

Belarusda olti yillik qamoq jazosiga hukm qilingan Rossiya fuqarosi Sofiya Sapega afv etishlarini so‘rab ariza berdi. 27 iyun, dushanba kuni «Interfaks» agentligining rossiyalik qiz advokati Anton Gashinskiyga tayanib xabar berishicha, ariza 22 iyun kuni Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko nomiga ariza Sapega jazo muddatini o‘tayotgan Gomeldagi 4-koloniya ma’muriyatiga yuborilgan.

Advokatning so‘zlariga ko‘ra, qiz olti yillik qamoq jazosini o‘tashdan ozod qilishni yoki uni yengilroq jazo bilan almashtirishni so‘ragan. «Men shunchaki oilamga yaqin bo‘lishni xohlayman. Erkin nafas olishni xohlayman», deyiladi arizada. 

Sapega «Belarus qora kitobi» telegram-kanali ma’muriyatidagi ishtirokini «yoshlik va ahmoqlik», shuningdek, «buzg‘unchi odamlar guruhi ta’siriga tushib qolgani» bilan izohladi. Murojaatga shaxsiy kafolatlar ilova qilingan, kafillarning ism-shariflari oshkor etilmagan. 

Vilnyusdagi Yevropa gumanitar universiteti talabasi Sapega 2021 yilning may oyida muxolifatdagi Nexta telegram-kanalining sobiq muharriri Roman Protasevich bilan birga Ryanair aviakompaniyasi samolyoti Minskka qo‘nishga majbur bo‘lganidan keyin qo‘lga olingan edi. Dekabr oyida Belarus Tergov qo‘mitasi unga nafrat uyg‘otish moddasi bo‘yicha yakuniy ayblov e’lon qildi. 

3 iyun kuni Lukashenko Sapegani Rossiyaga topshirish mumkin, deb hisoblashini ma’lum qildi. «Qizga achinaman. Bu masalani hal qilish kerak. U rossiyalik, bizda tegishli amaliyot bor. Rossiya fuqarosini Rossiyaga topshirishimiz mumkin. U yerda jazo muddatini o‘tasin. Bu unga dars bo‘ladi», deya uning so‘zlarini keltirgan «Interfaks» agentligi.

Ko‘proq yangiliklar: