Amnesty International Litvani qochqinlarga yomon munosabatda bo‘layotganlikda aybladi 

Jahon 08:07 / 27.06.2022 8770

Amnesty International inson huquqlari tashkiloti Litva rasmiylarini Yaqin Sharqdan kelgan qochqinlarning huquqlarini buzayotganlikda aybladi, ular mamlakatda qamoqqa olinmoqda va shafqatsiz munosabatga duch kelmoqda, deya xabar berdi Dpa tashkilotning 27 iyun, dushanba kungi hisobotiga tayanib.

«Ukrainadan kelgan qochqinlar Litvada quchoq ochib kutib olinsa-da, Iroq yoki Suriya kabi davlatlardan himoya so‘raganlar noqonuniy ravishda qamoqqa tashlanadi, yomon munosabatga duch keladi va deportatsiya qilinadi», — deyiladi huquq faollari bayonotida. Tashkilot Litvadagi ikkita hibsxonaga borgan muhojirlar bilan suhbatdan so‘ng shunday xulosaga keldi. 

Huquq faollari hisobotiga ko‘ra, odamlar hokimiyat vakillari tomonidan kamsitilgani va qamoqxonalardagi g‘ayriinsoniy sharoitlardan shikoyat qilgan. «Litva hukumati minglab odamlarni o‘zboshimchalik bilan oylar davomida vayronaga aylangan harbiy markazlarda hibsda ushlab turibdi, ular qiynoqlar va boshqa shafqatsiz munosabatga duchor bo‘lmoqda», — deyiladi Amnesty hisobotida. «Ular boshpana berishning adolatli tartib-qoidalaridan mahrum qilinmoqda, bu esa «ixtiyoriy ravishda» qochib ketgan mamlakatlariga qaytishga majbur qilmoqda», deb yozadi huquq faollari. 

Shu bilan birga, Amnesty Yevropa ittifoqini Litva rasmiylari harakatlariga nisbatan passiv munosabatda bo‘layotganlikda aybladi, deya xabar berdi Dpa. 

Litva rasmiylari qo‘shni Belarus rahbari Aleksandr Lukashenkoni o‘tgan yoz oxirida chegarada ataylab migratsiya inqirozini yuzaga keltirganlikda ayblamoqda. Yevropalik siyosatchilarning fikricha, Belarus hukumati Yevropa ittifoqiga bosim o‘tkazish maqsadida Yaqin Sharq davlatlaridan qochqinlar «tranziti»ni tashkil qilgan. 

Germaniya IIV ma’lumotlariga ko‘ra, bu mamlakatlarda qochqinlarga Yevropa ittifoqi davlatlari bilan chegarani kesib o‘tish uchun Belarusga yo‘l ochib beruvchi maxsus «sayohat agentliklari» paydo bo‘lgan. Yevropa ittifoqida Lukashenkoning bunday harakatlari «gibrid hujum» deb ataldi. Natijada, minglab muhojirlar Belarusning Polsha va Litva bilan chegarasida to‘planib, Yevropa ittifoqiga noqonuniy kirishga harakat qilishdi. Litvada chegaradagi vaziyat tufayli favqulodda holat joriy etildi. 

2021 yil sentabr oyida Litva Belarus bilan chegarada 508 km uzunlikdagi panjara qurilishini boshladi. Rasmiylar 2022 yilda balandligi taxminan to‘rt metrga yaqin devor o‘rnatilishini rejalashtirgan, uning usti tikanli simlar bilan mustahkamlanadi. 

Ko‘proq yangiliklar: