Xarkiv va Donetskka navbatdagi hujumlar, Kramatorsk uzra uchayotgan samolyotlar. Urush suratlari

Jahon 13:52 / 26.06.2022 37656

Ukrainadagi urush. So‘nggi ma’lumotlar

  • Ukraina razvedkasiga ko‘ra, Rossiya bombardimonchilari ilk bor Belarus ustidan qanotli raketalar uchirdi. Bungacha qanotli raketalar Qora dengiz ustidan, shuningdek Kaspiy dengizi ustidan uchirilardi. 25 iyun tongida Ukraina tomon, jumladan mamlakat shimoli va g‘arbiga ham 48 ta qanotli raketalar uchib kelgan.
  • Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi Severodonetsk hududidagi harbiy harakatlar to‘g‘risida ma’lumot bermay qo‘ygan. Lugansk oblasti rahbari ukrain harbiylari shaharni tashlab chiqqanini ma’lum qilgan. Shuningdek Lisichansk shahriga janubdan hujum qilinmoqda.
  • Ilon oroliga (Zmeiniy) hujum davom etmoqda, Ukraina tomonining navbatdagi zarbalari oqibatida Rossiyaning radiolokatsion stansiyasi, shuningdek ikkita «Pansir» zenit-raketa majmuasi yo‘q qilingan. O‘z navbatida Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimlari orol hududida bir necha dronlar va baravar o‘t ochish reaktiv tizimlari snaryadlari urib tushirilganini ma’lum qilgan.
  • Britaniya harbiy razvedkasi hisoblashicha, iyun oyida Rossiyaning turli harbiy tuzilmalarida qo‘mondonlik qilgan bir necha general lavozimini yo‘qotgan. Masalan, Rossiya mudofaa vazirligi hisobotida general-polkovnik Sergey Surovikin Donbassdagi janubiy guruh qo‘mondoni sifatida keltirilgan. U avvalroq havo-kosmik kuchlari qo‘mondoni sifatida ma’lum edi.
  • Putin va Lukashenko Peterburgda muzokaralar o‘tkazdi. Rossiya prezidenti Belarusga «Iskander-M» raketa majmualari yetkazib berilishini va’da qildi. Bu qurollar yadro kallaklari bilan jihozlanishi mumkin.
  • Rivne oblastiga raketa zarbalari oqibatida uch kishi halok bo‘lib, to‘rt kishi yaralangan.
  • Rossiya armiyasi maktab bitiruvchilari bilan to‘ldirilishi mumkin - Davlat dumasi o‘rta ta’lim diplomini olgandan keyin darhol shartnoma imzolashga imkon beradigan tuzatish tayyorlamoqda.

Quyida Ukrainaning turli hududlarida olingan suratlar.

Xarkiv

Leah Millis / Reuters / Scanpix / LETA

Xarkiv markazidagi Milliy texnika universiteti sport kompleksi tungi otishmalardan keyin. Ukrain nashrlari xabar qilishicha, kompleksga rossiyaliklar raketasi kelib tushgan. Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi 24 iyun kuni Xarkiv yo‘nalishida rossiyaliklar shaharning o‘zidagi infratuzilma obektlari va Vyalovskiy rayonidagi suv omborini o‘qqa tutgani, Uda qishlog‘i atrofida shturm amalga oshirishga uringani va Yavorskoye qishlog‘iga vertolyotlar orqali zarbalar yo‘llagani aytilgandi. 

Ukrain harbiysi sport kompleksi xarobalarini ko‘zdan kechirmoqda.
Andrii Marienko / AP / Scanpix / LETA
Xarkivda bosqin boshida rossiyaliklar raketasi kelib tushgan «Parallel» biznes markazi. So‘nggi kunlarda Xarkiv o‘qqa tutilishi kuchaydi.
Sergey Kozlov / EPA / Scanpix / LETA
Xarkiv markazidagi «Tomdagi skripkachi» haykali vayron bo‘lgan biznes markazi ichidan ko‘rinishi.
Leah Millis / Reuters / Scanpix / LETA
Rossiyaliklar zarbasiga uchragan Xarkiv atrofidagi turar joy binosi.
Sergey Kozlov / EPA / Scanpix / LETA

Kiyev oblasti

Metin Aktas / Anadolu Agency / ABACAPRESS / ddp images / Vida Press

Andreyevka qishlog‘ilik keksa yoshli ayol vayron bo‘lgan uyi oldida. Dnepr daryosining o‘ng sohilidagi bu qishloq, Kiyev oblastidagi boshqa aholi punktlari kabi urushning ilk oyida rossiyaliklar okkupatsiyasi ostida bo‘lgan va undagi qariyb barcha binolar otishmalar chog‘ida shikastlangan.

Andreyevkalik ayol rossiyaliklar zarbasidan buzilib ketgan uyini tuzatmoqda.
Metin Aktas / Anadolu Agency / ABACAPRESS / ddp images / Vida Press

Donbass shimoli 

Marko Djurica / Reuters / Scanpix / LETA

Ukrainlarning Su-25 shturmoviklari Kramatorsk yaqinida parvoz qilmoqda. «Biz Liman, Izyum va Svyatogorsk yo‘nalishlarida 25–30 kilometr masofada kuchli portlashlar ovozini eshitib turibmiz. Hozirda bizning shahrimiz tinch, shikoyat qilish o‘rinsiz. So‘nggi bor bizni 5 may kuni o‘qqa tutishgan, yaxshiki shundan keyin zarbalar bo‘lmadi. Ammo ular shaharni yana o‘qqa tutmasligiga kafolat yo‘q», — degan 24 iyun kuni Kramatorsk meri. 

Scott Olson / Getty Images

Bostondan kelgan terapevt Slavyanskdagi shifoxonada yuzidan yaralangan askarga tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda. Amerikalik shifokor bemorlarni davolash va mahalliy mutaxassislarni o‘qitish uchun Ukrainaga dori-darmonlar bilan kelgan. Rossiya tomonidan egallab olingan hududlardan 13 kilometr masofadagi shifoxona qariyb bir oydan buyon suv ta’minotidan uzilgan. Hozirda uning tibbiy personalining uchdan bir qismi qolgan. Ukraina qurolli kuchlariga ko‘ra, 24 iyun kuni Slavyansk yo‘nalishida ukrain kuchlari rossiyalik harbiylarning Suligovka — Vernopole va Dibrovno — Kurulka yo‘nalishlaridagi hujumlarini qaytargan. Rossiya armiyasining asosiy e’tibori Dolgenkoye — Dolina yo‘nalishida hujum qilishga qaratilgan. 

Rossiyaparast kuchlar harbiysi Severodonetskdagi vayronalar orasida. 24 iyun kuni ukrain harbiylariga shaharni tashlab chiqishga buyruq berildi. Foto: Aleksandr Reka / TASS
Donetsk oblasti Konstantinovka shaharchasida o‘yinchoq avtomat ko‘targan bolakay. Shahar ukrainlar nazoratida va Rossiya tomonidan muntazam o‘qqa tutilmoqda. Foto: Marko Djurica / Reuters / Scanpix / LETA
Scott Olson / Getty Images

Xirurg-ortoped Nikita Kozelskiy ukrainalik harbiyning tizzasidan snaryad parchasini olib tashlamoqda. Kozelskiy boshqa ukrain mediklari kabi Ukraina sharqidagi frontga kelgan va Slavyansk hospitalida ko‘ngilli sifatida ishlamoqda. Bu hospital front chizig‘idan 13 kilometr masofada joylashgan va bir oydan buyon suv ta’minotisiz ishlamoqda.

Ukraina sharqidagi hududlardan aholini Dnepr va Lvivga olib ketayotgan evakuatsiya poyezdi yo‘lovchilari.
Marko Djurica / Reuters / Scanpix / LETA

Donetsk

Donetsklik kishi rossiyaliklar hujumi natijasida shikastlangan kvartirasini ko‘zdan kechirmoqda.
Alexander Ermochenko / Reuters / Scanpix / LETA
Donetsklik ayol otishma chog‘ida singlisi vafot etgan uyda
Alexander Ermochenko / Reuters / Scanpix / LETA

Mariupol 

Yegor Aleyev / TASS

Mariupoldagi «Azovstal» metallurgiya kombinatida harbiy harakatlar chog‘ida yakson qilingan harbiy texnika. 24 iyun kuni «DXR» rasmiylari Mariupol aholisiga xususiy avtomobillarda Ukraina nazoratidagi hududga ketishga ruxsat bergan.

Mariupol hududini minalardan tozalashda ishlayotgan «Kobra» roboti.
Yegor Aleyev / TASS

Xerson 

Vladimir Bondarenko / TASS

Rossiya tomonidan ishg‘ol qilingan Xersonda suiqasd oqibatida halok bo‘lgan Dmitro Savluchenkoning portlatilgan avtomobili. Savluchenko mahalliy amaldorlardan bo‘lgan va rossiyaliklar tomonidan tuzilgan region ma’muriyati bilan hamkorlik qilgan — u oila, yoshlar va sport boshqarmasini boshqargan. 

Ko‘proq yangiliklar: