«Oilamdagilarning barchasi vafot etdi». Afg‘onistonda zilziladan keyin nimalar bo‘lmoqda?

Jahon 12:41 / 24.06.2022 25932

Afg‘onistonda kuchli zilzila mingdan oshiq kishini hayotdan olib ketdi, ularning orasida xarobalar ostidan chiqib keta olmagan ko‘plab bolalar bor. Vaziyat kuchli yomg‘irlar tufayli yanada og‘irlashmoqda.

Foto: Getty Images

6,1 balli zilzila chorshanba tongida Xo‘st shahridan taxminan 44 km masofada ro‘y bergan, uning kuchi Pokiston, Hindiston va O‘zbekiston shaharlarida sezilgan.

Zilzila ortidan boshlangan kuchli yomg‘irlar, qutqaruvchilar yetishmasligi, aloqa yo‘qligi va murakkab relef qutqaruv amaliyotini qiyinlashtirdi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 1000 dan ortiq kishining o‘limi tasdiqlangan, ammo loydan qurilgan uylar xarobalari ostida qancha odam qolib ketgani ma’lum emas.

«Tolibon» hukumati xalqaro hamjamiyatdan yordam so‘rab murojaat qilgan. YeI, Yaponiya, Xitoy, Hindiston, Turkiya, Buyuk Britaniya, Germaniya va O‘zbekiston darhol afg‘onlarga gumanitar yordam ko‘rsatishga tayyorligini ma’lum qilgandi, 23 iyun kuni Hindistondan insonparvarlik yuklarining ilk partiyasi yetib keldi.

Toliblar halokat oqibatlarini o‘z kuchlari bilan bartaraf etishga qodir emasliklarini tan olishgan. Foto: EPA

BMT hozirda tabiiy ofatdan eng ko‘p jabrlangan Paktika viloyatiga oziq-ovqat va tibbiy yordam yetkazishga harakat qilmoqda - Afg‘onistonda sog‘liqni saqlash sohasi halokatgacha ham kollaps yoqasida ishlayotgandi.

Omon qolganlar va qutqaruvchilar BBC bilan suhbatda butkul vayron bo‘lgan qishloqlar, yo‘llar va mobil aloqa minoralari, shuningdek qurbonlar soni ortishi borasidagi o‘z xavotirlarini aytib o‘tishgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, halok bo‘lgan mingdan oshiq kishidan tashqari 1,5 ming kishi turli darajada tan jarohatlari olgani qayd etilgan.

Vayronalar oldida bolasi bilan o‘tirgan ayol. Foto: EPA

Eng jiddiy vayrongarchiliklar Paktikaning Gayan va Barmal tumanlariga to‘g‘ri keladi. Mahalliy aholi xabar qilishicha, bu hududlarda o‘nlab qishloqlar kunpayakun bo‘lgan.

Yaradorlardan biri, Paktika markazi Sharan shahri shifoxonasida yotgan ayol oila a’zolaridan 19 kishini yo‘qotganini aytadi.

«Bir xonada yetti kishi, boshqasida besh uchinchisida to‘rt, keyin yana bittasida uch kishi - butun oilam halok bo‘ldi», deydi u.

Yana bir omon qolgan kishi zilzila qanday boshlanganini eslaydi.

«Gumburlash ro‘y berdi va mening karavotim silkina boshladi. Shift bosib tushdi. Men qopqonda qoldim, ammo osmonni ko‘ra olardim. Tushundimki, yelkam chiqqan va boshim yorilgan, ammo men chiqa oldim. Men bilan bir xonada bo‘lgan oila a’zolarim, yetti yoki to‘qqiz kishi vafot etgan», degan u.

Ko‘plab afg‘onlar o‘z oilalarining barcha a’zolarini yo‘qotgan. 

Mamlakatda so‘nggi yigirma yillikda ro‘y bergan eng ajalvor zilzila o‘tgan yil avgustida G‘arb qo‘llovidagi hukumat qulagach, hokimiyatga kelgan toliblar uchun jiddiy muammoga aylandi.

Afg‘oniston gumanitar va iqtisodiy inqirozni boshdan kechirmoqda va «Tolibon»ning yuqori martabali mulozimlaridan biri Abdul Qahhor Balxiy ma’lum qildiki, hukumat moliyaviy jihatdan odamlarga zarur yordamlarni ko‘rsata oladigan holatda emas.

Tirik qolganlardan yana biri Zaytullo Gurzival BBC bilan suhbatda odamlar zilzila natijasida bor-yo‘g‘idan ayrilganini aytadi.

«Bu yerda hech narsa qolmadi. Bizning buyumlarimiz hamon xarobalar ostida yotibdi. Yopinchiqlar yo‘q, palatka va boshpanalar ham. Odamlar ochiq osmon ostida uxlashmoqda. Bizga oziq-ovqat va suv kerak. Bizning suv uzatish tizimimiz butkul vayron bo‘lgan. Barchasi vayron bo‘lgan, uylar buzilib ketgan», deydi Gurzival.

Afg‘onistonda odamlarni qutqarish uchun resurslar yetishmaydi. Foto: Getty Images

BMT rahbari Antoniu Guterrish tashkilot ushbu falokat munosabati bilan to‘la safarbar qilinganini ma’lum qilgan. BMT rasmiylariga ko‘ra, zilzila hududiga allaqachon tibbiy brigadalar, dori-darmonlar, oziq-ovqat mahsulotlari va vaqtincha boshpanalar yetib borgan.

Ammo Paktika viloyati axborot bo‘limi rahbari Muhammad Amin Huzayfa «Frans press» agentligiga aytishicha, qutqaruvchilar zilzila ortidan qattiq jala quygan hududlarga yetib borishi juda murakkablashgan.

«Hozirda iyun va ob-havo bunday bo‘lmasligi kerak edi. Ammo bu yerda hozir do‘l ham, qor ham yog‘moqda va bu vaziyatni juda murakkablashtiryapti», degan BBC bilan suhbatda «Afg‘onlarni ochlikdan qutqaring» nodavlat tashkiloti vakili Ubaydulla Baxir.

Paktika viloyati markazi Sharan shahri aholisi zilziladan jabrlanganlar uchun qon topshirmoqda. Foto: Getty Images

Mobil aloqa minorasi vayron bo‘lgani tufayli telefonlar ishlamayapti va ko‘plab odamlar shunchaki ularning qarindoshlari ayni damda qayerda ekanidan bexabar.

«Mening ukam va uning oilasi halok bo‘lgan, men bu haqda ancha vaqt o‘tib xabar topdim», degan mahalliy jurnalistlardan biri.

Afg‘onistonda zilzilalar tez-tez ro‘y berib turadi, mamlakat tektonik faol mintaqada, qator yoriqlar, jumladan Chaman, Xarirud, Markaziy Badaxshon va Darvaz yoriqlari ustida joylashgan.

BMTning gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish bo‘yicha boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi o‘n yillikda mamlakatda yer silkinishlari oqibatida 7 mingdan oshiq kishi vafot etgan. Har yilgi qurbonlar soni o‘rtacha 560 kishini tashkil etadi.

Odamlar o‘z uylari xarobalari orasidan yaroqli buyumlarni qidirmoqda. Foto: EPA

Toliblar hokimiyatga kelguncha ham Afg‘oniston avariya-qutqaruv xizmatlari tabiiy ofatlarga qarshi kurashda qiyinchiliklarga duch kelar, qutqaruvchilar uchun samolyotlar va vertolyotlar yetishmasdi.

Shuningdek, mamlakat tibbiy maqsadlar uchun mo‘ljallangan vositalar va oziq-ovqat mahsulotlari yetishmovchiligini boshdan kechirmoqda.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Afg‘onistondagi xo‘jaliklarning 93 foizi oziq-ovqat xavfsizligi bilan ta’minlanmagan - bu esa afg‘on oilalarining mutlaq ko‘pchiligining dasturxonida har kuni ham yegulik bo‘lmasligini anglatadi.

Ko‘proq yangiliklar: