Estoniya bosh vaziri NATOni tanqid qildi

Jahon 08:38 / 24.06.2022 26573

Estoniya bosh vaziri Kaya Kallas NATOning Boltiqbo‘yi davlatlarini Rossiya bosqiniga uchragan taqdirda himoya qilish bo‘yicha mavjud rejasini tanqid qildi va alyans tasvirlagan ssenariyda mamlakat yer yuzidan yo‘q bo‘lib ketishidan ogohlantirdi. Bu haqda Kallas 23 iyun, payshanba kuni Financial Times gazetasiga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Bosh vazirning so‘zlariga ko‘ra, NATO amaldagi rejasi Rossiya bosqiniga uchragan taqdirda Estoniya, Latviya va Litva 180 kun ichida egallanishi, shundan so‘ng alyans kuchlari ularni ozod etishi mumkinligini nazarda tutadi. Kallas Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishining yuz kunlik natijalariga ishora qildi. «Agar siz Ukraina va Boltiqbo‘yi davlatlarining o‘lchamlarini solishtirsangiz, bu mamlakatlar va madaniyatimiz butunlay vayron bo‘lishini anglatadi. Agar siz Tallinda bo‘lgan bo‘lsangiz va bizning eski shahrimiz, u yerdagi ko‘p asrlik tarix va madaniyatni bilsangiz - bularning barchasi xaritadan o‘chiriladi, jumladan, xalqimiz, millatimiz ham», dedi u.

Kallas Buchadagi qirg‘in va boshqa ehtimoliy harbiy jinoyatlar bosqindan taxminan 80 kun o‘tgach sodir bo‘lganini esladi. Bosh vazirning ogohlantirishicha, «mag‘lubiyatga uchradi, keyin esa ozod qilindi» tamoyilidagi NATO konsepsiyasi aslida ishlamaydi.

Kallas, shuningdek, Estoniyada joylashgan, asosan Buyuk Britaniyadan kelgan xorijiy harbiylar bilan suhbatlashganini aytdi va ular unga «Rossiyaning ehtimoliy bosqini vaqtida o‘lishlari kerakligi haqidagi fikr tinchlik bermayotganini tan oldi».

NATOning 1500 ga yaqin harbiy xizmatchisi Boltiqbo‘yi davlatlarining har birida doimiy joylashgan. Amaldagi mudofaa konsepsiyasi hujumga birinchi reaksiya uchun bunday kuchlarni joylashtirish va qo‘shimcha kuchlar kelishiga tayyorgarlik ko‘rishni o‘z ichiga oladi. Jangovar guruhlar turli mamlakatlardan bo‘lgani to‘xtatuvchi omil bo‘lishi kerak, chunki hujum sodir bo‘lgan taqdirda bu boshqa NATO mamlakatlari harbiylariga ta’sir qiladi, deb yozadi Bloomberg «tortilgan sim» (tripwire) tushunchasiga ta’rif berib.

Madridda bo‘lib o‘tadigan NATO sammiti oldidan Boltiqbo‘yi davlatlari bu konsepsiya Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan keyin eskirganligini ta’kidlamoqda, deb yozadi FT va Bloomberg. «Endi hamma bu tortilgan sim tushunchasi aslida ishlamasligini ko‘rishi mumkin», dedi Kallas. Boltiqbo‘yi davlatlari uni NATO birinchi kundan boshlab har bir qarich hududni himoya qilishga intiladigan strategiyaga o‘zgartirishga chaqirmoqda. Estoniya bosh vaziri, shuningdek, 20 mingdan 25 minggacha NATO askaridan iborat bo‘linmalarni Latviya, Litva va Estoniyaga yuborishni so‘radi, deb yozadi FT. 

NATO rasmiysining nashrga aytishicha, alyans «tahdidlarni ushlab turish va barcha ittifoqchilarni himoya qilish rejalariga ega», ammo NATO «hech qachon operatsiya tafsilotlariga to‘xtalmaydi». Nashr suhbatdoshiga ko‘ra, NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg «tiyib turish va mudofaani kuchaytirish kelasi hafta bo‘lib o‘tadigan NATO sammitining asosiy qarorlaridan biri bo‘lishini aniq aytdi».

«Biz ittifoqdosh hududning har bir dyuymini har doim va har qanday tahdiddan himoya qilish uchun ko‘proq harakat qilamiz. Yuqori tayyorgarlikdagi kuchlar sonini ko‘paytirish orqali NATO kuchlari tuzilmasini moslashtiramiz. Shuningdek, sharqdagi jangovar guruhlarni kuchaytirish uchun ko‘proq NATO old jangovar tuzilmalariga ega bo‘lamiz», - dedi alyans vakili. 

«Hozirgi ko‘rinishdagi tortilgan sim konsepsiyasi yetarli emas. Bizning harbiy mashg‘ulotlarimiz yangi voqelikni aks ettirishi kerak. Ittifoqchilarning butun sharqiy hududi yangi tahdidga duch kelayotganiga javob berishimiz kerak. NATOning janubi-sharqiy Yevropa mamlakatlaridagi ishtirokini oshirish lozim», dedi Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok.

Berlin Litvaga 1000 nafarga yaqin askardan iborat hozirgi batalonga 3500 nafar askardan iborat «ishonchli jangovar brigada»ni qo‘shishni taklif qildi. Harbiylarning aksariyati Germaniyada bo‘ladi va tezkor ravishda Boltiqbo‘yi mamlakatlariga yetib bora oladi, deb yozadi FT.

Ko‘proq yangiliklar: