«Qaysi tomonda ekanimizni tanlashimiz kerak» - Italiya parlamentidagi yirik partiyada Ukrainaga yordam masalasida bo‘linish yuz berdi

Jahon 21:47 / 23.06.2022 26774

Italiya parlamentidagi eng yirik partiya, hukmron koalitsiya tarkibiga kiruvchi «Besh yulduz harakati»da 21 iyun kuni Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib berish masalasi bilan bog‘liq ravishda (kamida so‘zlarda shunday) bo‘linish ro‘y berdi.

Iyun oyi boshida partiya yetakchisi, Italiyaning sobiq bosh vaziri Juzeppe Konte Italiya Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilishga e’tibor qaratishi kerakligini aytgandi. «Biz uch marta qurol yetkazib berish jarayonida ishtirok etdik va endi bizga diplomatiya sohasidagi hissamiz qimmatliroqdek tuyulmoqda», — degandi u. Partiyaning sobiq rahbari va hozirda Italiya tashqi ishlar vaziri hisoblangan Luidji Di Mayo qurol yetkazib berilishi to‘xtatilishiga qarshi chiqqan, Il Post nashri uni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning yevropalik siyosatchilar orasidagi eng ashaddiy tarafdori deya ta’riflagan.

Bu ziddiyat 23-24 iyun kunlari bo‘lib o‘tayotgan Yevropa kengashi yig‘ilishi (bu yig‘ilishda Ukrainaga YeI a’zoligi uchun nomzod maqomi berilishi kutilmoqda) oldidan Italiya hukumatiga maslahat berish maqsadida parlament rezolyutsiyasini tayyorlash jarayonida ro‘y bergan. «Besh yulduz harakati» rezolyutsiyaga kelgusida qurol-yarog‘ yetkazib berishni taqiqlash bo‘yicha band kiritishni taklif qilgan, ammo Di Mayo va uning tarafdorlari bunga qarshi chiqqan. TIV rahbari, xususan, uning partiyasi rezolyutsiyaga Italiyani NATO va Yevroittifoqdan uzoqlashtiruvchi, bu orqali davlat xavfsizligiga tahdid soluvchi taklif kiritayotganini aytgan.

21 iyun kuni Italiya Senatidagi uzoq muzokaralardan keyin qurol yetkazishni cheklovchi punkt tushirib qoldirilgan rezolyutsiya qabul qilindi. Shunga qaramay, Luidji Di Mayo boshqa o‘nlab parlamentariylar bilan birgalikda partiyadan chiqishini va «Kelajak uchun birga» nomi ostida yangi parlament guruhi tuzilganini e’lon qildi. Matbuot anjumanida siyosatchi o‘z sobiq partiyadoshlarini reytingdagi «bir necha foiz punkt» uchun hukumat faoliyatini shubha ostida qoldirishga behuda urinishda aybladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, partiya a’zolari kimni qo‘llashi borasida aniq tanlov qilishi kerak edi: hujumga uchragan Ukrainani yoki agressor — Rossiyani.

«Urush — media shousi emas. Bu urush dahshatli shafqatsizlik, dahshatli reallikdir. Va qurbonlar — chindan o‘lishgan. Bu oylarda parlamentdagi birinchi siyosiy kuch butun hukumatning diplomatik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashi va dudmollikdan qochishi kerak edi. Ammo bunday bo‘lmadi», — degan u. Di Mayo partiyadan chiqish to‘g‘risidagi qaror og‘ir bo‘lganini, hech qachon bunday bo‘lishi haqida o‘ylamaganini ta’kidlab, shunday qaror qabul qilishga to‘g‘ri kelganini aytgan.

Komik Beppe Grillo tomonidan asos solingan «Besh yulduz harakati» 2010-yillarda saylovchilar orasida keng mashhurlikka erishgan. Bu avvaliga korrupsiyaga va siyosiy isteblishmentga qarshi chiquvchi populistik loyiha bo‘lgan. 2018 yilda esa parlamentda eng ko‘p o‘ringa ega bo‘lgan partiyaga aylangan va saylovlarda ikkinchi o‘rinni olgan millatchilarning «Liga» partiyasi bilan birgalikda koalitsion hukumat shakllantirgan. Bosh vazirlik lavozimini o‘shanda bu partiyalarning hech biriga mansub bo‘lmagan Konte egallagan; Di Mayo va «Liga» yetakchisi Matteo Salvini esa vitse-premerlar bo‘lishgan.

2021 yilda parlament inqirozidan keyin Konte iste’foga chiqqan; hukumat rahbarligiga Yevropa Markaziy bankining sobiq rahbari Mario Dragi kelgan. Sobiq bosh vazir esa «Besh yulduz harakati» rahbari lavozimini egallagan. Natijada, Il Post nashrining yozishicha, Konte partiyani radikalizm tomon boshlagan, bu vaqtda butun siyosiy faoliyatini «Besh yulduz harakati»da qurgan Di Mayo esa nisbatan mo‘’tadil qarashlarni ifoda etib, hukumatparast qanot vakiliga aylangan.

Il Post nashrining yozishicha, «Besh yulduz harakati»dagi parchalanish hukumat faoliyatiga turlicha ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Birinchidan, endilikda parlamentda eng yirik partiya bo‘lib qolgan — «Liga» — koalitsion hukumatdagi vakolatlari kengaytirilishini so‘ray boshlashi mumkin. Ikkinchidan, hukumatdagi qator vakillari partiyani tark etgan «Besh yulduz harakati» koalitsiyadan chiqishi va muxolifatga o‘tishi mumkin. Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Juzeppe Konte bu variantni istisno qilmoqda, ammo kuzda budjet muhokamasi vaqtida shunday bo‘lishi ham mumkin. Il Post nashri qayd etishicha, shunday bo‘lgan taqdirda ham Mario Dragi parlamentdagi ko‘pchilikka tayanishi mumkin bo‘ladi, ammo hukumat tarkibini o‘zgartirishga to‘g‘ri keladi.

Saylovlardan keyingi to‘rt yilda «Besh yulduz harakati»ning parlament quyi palatasidagi fraksiyasi tarkibi 220 deputatdan 105 deputatgacha qisqargan (so‘nggi parchalanish ham hisobga olinganda). Partiya reytingi, Politico nashri ma’lumotiga ko‘ra, 2018 yildagi 34 foizdan 12 foizgacha tushgan. Italiya parlamenti uchun keyingi saylovlar 2023 yilda bo‘lib o‘tishi kerak — Politico nashri mualliflari fikricha, siyosatchilarning Ukrainadagi urush va Vladimir Putinga munosabati bo‘yicha pozitsiyasi ovozlar uchun kurashda muhim rol o‘ynaydi.

Hozirda mamlakatda eng yuqori reyting (22 foiz) — «Italiya birodarlari» o‘ng konservativ partiyasi hisoblanadi, 2018 yilda bu partiya atigi 4 foiz atrofida ovoz olgan va hukumatga muxolif pozitsiyani egallagandi. Politico nashri partiya yetakchisi, immigratsiya va jinsiy ozchiliklar masalasida radikal pozitsiya tanlashini yashirmaydigan Jorj Meloni iqtisodiy masalalarda mo‘’tadil qarashlarga egaligi hamda Ukrainaga qurol yetkazib berishni faol qo‘llab-quvvatlashiga (garchi, so‘rovlarga ko‘ra italiyaliklarning qariyb yarmi bunga qarshi) e’tibor qaratgan.

Jurnalistlar fikricha, Meloni hukumatning u qadar ommabop bo‘lmagan qarorini qo‘llash orqali kelgusida o‘ziga yordam berishi mumkin bo‘lgan salobatli imij yaratishga harakat qilmoqda. Taqqoslash uchun, yetakchisi Matteo Salvini muhim masalada pozitsiyasini o‘zgartirgan va hozirda Ukrainaga qurol yuborishni qo‘llamayotgan «Liga» partiyasi reytingi 2019 yildagi 37 foizdan 15 foizgacha tushib ketgan.

Ko‘proq yangiliklar: