Maradonaning shifokorlari uning o‘limiga sababchi bo‘lganlikda ayblanib sudga tortiladi 

Jahon 07:43 / 23.06.2022 9970

Argentinalik sobiq futbol yulduzi Diyego Armando Maradonaning tibbiy jamoasi sakkiz nafar a’zosi ehtiyotsizlik oqibatida o‘limga sabab bo‘lganlikda ayblanib, sudga tortilishi kerak, deb xabar berdi AFP 22 iyun, chorshanba kuni suddagi manbasiga tayanib. Bo‘lajak jarayonning aniq boshlanish sanasi hozircha aytilmagan. 

Ayblanuvchilar orasida neyroxirurg va Maradonaning shaxsiy shifokori Leopoldo Luke ham bor. Maradona 2020 yilning noyabrida 60 yoshida vafot etdi, o‘limning rasmiy sababi yurak-qon tomir tizimining buzilishi bo‘ldi. Bundan uch hafta oldin Luke Maradonaga miyadagi trombni olib tashlash uchun operatsiya o‘tkazgan edi. 

Tergov shuni ko‘rsatadiki, bemor kasalxonadan juda erta chiqarilgan va uning shifokorlar guruhi unga yetarlicha yordam ko‘rsatmagan, Maradona e’tiborsizlik tufayli bir o‘zi qolib ketgan. Ayblanuvchilar orasida psixiatr Agustin Kosachov, psixolog Karlos Dias, tibbiy koordinator Nensi Forlini, Maradona bilan ishlagan hamshiralar va sanitarlar ham bor. Ularning barchasi o‘z ayblarini inkor etyapti. Agar aybdor deb topilsa, ular 8 yildan 25 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin. 

2020 yilning 26 noyabr kuni Diyego Maradona bilan vidolashuv marosimi tartibsizliklarga aylanib ketdi. O‘shanda marosim bo‘lib o‘tgan prezident saroyi oldidagi maydonga yig‘ilgan o‘n minglab muxlislari o‘z kumiri bilan xayrlashishga yo‘l qo‘ymasliklaridan qo‘rqib, kordonni yorib o‘tishdi. Politsiya bilan to‘qnashuvlar sodir bo‘lib, bir necha kishi yaralandi. 

Ko‘proq yangiliklar: