Rossiya davlat dumasi parallel import to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi

Jahon 08:29 / 22.06.2022 4456

21 iyun, seshanba kuni Rossiya davlat dumasi ikkinchi o‘qishda va umumiy jihatdan parallel import to‘g‘risidagi yangi qonunni qabul qildi, unga ko‘ra chet elda muomalaga chiqarilgan original mahsulotlar mualliflik huquqi egalarining roziligisiz Rossiyaga olib kirilishi mumkin. Hukumat bunday tovarlar ro‘yxatini belgilashi kerak.

Yangi qonunga muvofiq, davlat ro‘yxatiga kiritilgan tovarlar yoki tovarlar guruhlarida ifodalangan intellektual faoliyat natijalaridan foydalanish Rossiyada huquqbuzarlik hisoblanmaydi. Shuningdek, bunday tovarlar markalangan individuallashtirish vositalaridan foydalanish qoidabuzarlik hisoblanmaydi, deb yozadi «Interfaks». Qonun rasmiy e’lon qilingan paytdan e’tiboran kuchga kiradi.

Shu bilan birga, Rossiya Sanoat va savdo vazirligining endilikda mamlakatga mualliflik huquqi egalari ruxsatisiz olib kirishi mumkin bo‘lgan tovarlarning keng ro‘yxatini tasdiqlovchi buyrug‘i 7 maydan kuchga kirdi. 96 banddan iborat ro‘yxatga organik va noorganik birikmalardan tortib o‘yinchoqlar va musiqa asboblarigacha bo‘lgan mahsulotlar kiradi.

Unga, jumladan, Apple, Samsung, Sony, Intel kompaniyalari smartfonlari va jihozlari, Chevrolet, Mitsubishi, Renault, Tesla, Toyota, Rolls-Royce, Bugatti avtomobillari va ehtiyot qismlari, Miele, Siemens, Philips maishiy texnikasi va boshqa mahsulotlar kiradi.

Avvalroq, 30 mart kuni Rossiya hukumati import qilinadigan mahsulotlarni yetkazib beruvchilarga ularni tovar belgisi egasining ruxsatisiz Rossiyada sotish imkonini beruvchi parallel importni qonuniylashtirishni ma’qullagani haqida xabar berilgan edi. 

Bundan oldin, Rossiyada parallel import yashirin kontrabanda deb hisoblangan va Rossiya Fuqarolik kodeksining 1487-moddasida taqiqlangan, unga ko‘ra tovarlar mualliflik huquqi egasi tomonidan yoki uning roziligi bilan bevosita olib kirilishi mumkin. Brend egalarining ruxsatisiz tovarlarning bunday importi mualliflik huquqi egasi tomonidan ruxsat etilgan dilerlar orqali rasmiy import bilan «parallel ravishda» amalga oshiriladi. 

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi boshlanganidan so‘ng, ko‘plab g‘arb kompaniyalari o‘z tovarlarini yetkazib berish va Rossiyada ishlashni to‘xtatganini e’lon qildi. 

Ko‘proq yangiliklar: