Jyenevada O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ishchi guruh yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Iqtisodiyot 10:49 / 22.06.2022 24207

Kecha, 21 iyun kuni Shveytsariyaning Jyeneva shahrida O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ishchi guruhning 5-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda so‘zga chiqqan JST bilan ishlash bo‘yicha idoralararo komissiya raisi – bosh vazir o‘rinbosari Sardor Umrzoqov JSTga a’zo bo‘lish O‘zbekiston uchun ustuvor maqsad ekanini ta’kidladi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar bermoqda.

O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi jarayonini faol ilgari surish va yaqin kelajakda tashkilotga a’zo barcha manfaatdor davlatlar bilan ikki tomonlama muzokaralarni yakunlash bo‘yicha qarori qat’iy ekanini tasdiqladi, deyiladi rasmiy xabarda.

Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi

Ishchi guruh yig‘ilishda O‘zbekiston tashqi savdo rejimi bo‘yicha taqdim etilgan hujjatlar, jumladan, Faktologik xulosa, JSTga a’zo-davlatlar savollariga javoblar, iqtisodiy siyosat bo‘yicha ma’lumot, davlat aktivlarini xususiylashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, bojxona-tarif siyosati, qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va sanoat subsidiyalari masalalarini muhokama qildi.

O‘zbekiston delegatsiyasi Jyenevada AQSh, Yevropa ittifoqi, Kanada, Braziliya, Shveytsariya, Indoneziya, Saudiya Arabistoni, Mo‘g‘uliston va boshqa JSTga a’zo yirik davlatlar – O‘zbekistonning tashkilotga a’zo bo‘lish bo‘yicha ishchi guruhi a’zolari bilan tovar va xizmatlar bozoriga chiqish yuzasidan qator ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazmoqda.

Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lish uchun 1994 yilda ariza bergan. Hozirda dunyoning 164ta davlati, shu jumladan Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston ham JST a’zosi sanaladi.

O‘tgan yili Sardor Umrzoqov jurnalistlar bilan suhbatda O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi “5 yil emas, undan ancha tezroq” vaqt ichida hal bo‘lishini aytgandi.

Ko‘proq yangiliklar: