Germaniya yadro qurolini taqiqlash to‘g‘risidagi shartnomaga qo‘shilmasligini ma’lum qildi 

Jahon 14:32 / 22.06.2022 6712

Germaniya hukumati yadroviy qurolni taqiqlash to‘g‘risidagi shartnomaga qo‘shilmaydi. Bunday harakat Germaniyaning NATOga a’zoligidan kelib chiqadigan majburiyatlariga mos kelmaydi, qurolsizlanish xavfsizlik siyosati sohasidagi vaziyatni hisobga olgan holda amalga oshirilishi kerak, deyiladi Germaniya hukumatining Bundestagdagi so‘llar partiyasidan deputat Sevim Dagdelen so‘roviga javobida.

Hujjatda aytilishicha, Rossiyaning Ukrainaga hujumi Moskvadan kelayotgan tahdidlarni ko‘rsatyapti. Shu bilan birga, Germaniya hukumati yadrosiz dunyo g‘oyasiga sodiqligini ta’kidladi. 

Yadro qurolini taqiqlash to‘g‘risidagi shartnoma 2021 yil yanvar oyida kuchga kirdi. Ushbu taqiq yadro qurolini ishlab chiqish, sinovdan o‘tkazish, saqlash, olish, tashish va ishlatishni o‘z ichiga oladi. Shartnomaga 65 ta davlat qo‘shilgan, biroq AQSh, Rossiya, Xitoy, Buyuk Britaniya, Fransiya, Hindiston, Pokiston, Shimoliy Koreya va Isroilni o‘z ichiga olgan «yadro klubi»ning birortasi ham unga a’zo emas. 

Germaniya o‘zining yadro quroliga ega emas, ammo uning hududida Amerika yadroviy kallaklari joylashgan. «Germaniya va uning ittifoqchilari yadro qurolidan foydalanish tahdidi ostida ekan, NATO doirasida ishonchli yadroviy tiyib turish zarurati saqlanib qolmoqda», — deyiladi hukumatning deputat so‘roviga javobida. 

Ko‘proq yangiliklar: