Britaniya razvedkasi: «DXR» urushda o‘z kuchlarining yarmidan ayrilgan

Jahon 21:10 / 22.06.2022 20243

Britaniya harbiy razvedkasining yangi hisobotida aytilishicha, Ukrainaga qarshi urushayotgan Rossiya qo‘shinlari va o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan «DXR» kuchlari Donetsk oblastida og‘ir talafotlarga uchragan.

Britan harbiylari baholashicha, «DXR» ayirmachilari dastlabki shaxsiy tarkibning 55 foizgacha bo‘lgan qismini yo‘qotgan (halok bo‘lganlar va yaralanganlar), bu ularning kuchlari o‘ta yuqori darajada holdan toyganini anglatadi. Bu xulosa «DXR» rasmiylari tomonidan e’lon qilingan ma’lumotlarga asoslangan.

Razvedkaning hisoblashicha, Rossiya qismlari bo‘yicha ham shu kabi xulosalar berish mumkin, ular ham katta yo‘qotishlarga uchragan.

Shu bilan birga Rossiya qo‘shinlari Lisichansk shahrini to‘liq qurshovga olish va butun Lugansk oblasti ustidan nazorat o‘rnatish uchun keng ko‘lamli amaliyotni davom ettirmoqda.

Britaniya razvedkasi Rossiya katta ehtimol bilan Donbass sharqida katta miqdordagi zaxira kuchlarni joylashtirishga tayyorlanayotganini ham taxmin qilgan.

Rossiya anchadan buyon Ukrainadagi urushda berilgan qurbonlari sonini ochiqlamayapti.

Ammo «DXR»ning inson huquqlari bo‘yicha vakili Darya Morozova o‘tgan haftada 2022 yil boshidan buyon ayirmachilar 2128 qurbon bergani va 8897 kishi yaralangani haqida ma’lumot bergandi.

Bir necha oydan buyon Donetsk oblastidan tinch aholi majburiy tartibda harbiy xizmatga jalb etilayotgani va jangga tashlanayotgani haqida xabarlar kelmoqda. Qolaversa, ularga eski kiyim-kechaklar va o‘n yillar oldin foydalanishdan chiqarilishi kerak bo‘lgan qurollar beriladi, shuning uchun «xalq militsiyasi»dan yuqori jangovar ruh kutish o‘rinsiz.

Ukraina xavfsizlik xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, «DXR»ning ayrim harbiy xizmatchilari harbiy xizmatdagi o‘z sharoitlarini qullikka tenglashtirgan va dezertirlik qilishga tayyor (bu ma’lumotni mustaqil manbadan tekshirishning imkoni yo‘q).

«DXR»ning sobiq amaldorlaridan biri, o‘z rahbariyati olib borayotgan siyosatdan hafsalasi pir bo‘lgan Yevgeniy Mixaylov may oyida donetsklik zaxiradan chaqirilgan, harbiy tayyorgarlik kurslaridan o‘tmagan askarlar oldingi chiziqlarga yuborilayotgani, Rossiya esa frontga yangi chaqirilganlarni yuborishni to‘xtatgani haqida aytgandi.

Joriy haftada esa «DXR» ma’muriyati «DXR» armiyasiga qo‘shilishni istagan barcha xorijliklar uchun bir yillik shartnoma taklif qila boshladi.

Ko‘proq yangiliklar: