Afg‘onistondagi halokatli zilzila: Qurbonlar soni mingdan oshdi

Jahon 17:13 / 22.06.2022 38247

«Ayrim qishloqlar olis tog‘li hududlarda joylashgan, shunday ekan tafsilotlarni aniqlashtirish vaqt talab etadi», degan mamlakat ichki ishlar vazirligi vakili Salohiddin Ayubiy jurnalistlarga.

Amerika seysmologlarining aniqlik kiritishicha, zilzila 51 km chuqurlikda bo‘lgan, uning epimarkazi esa Afg‘oniston janubi-sharqidagi Xo‘st shahridan taxminan 44 kilometr masofada joylashgan.

Qurbonlarning ko‘pchiligi - mamlakat sharqidagi Paktika viloyatida qayd etilgan, birgina Rayan tumanida 200 dan ortiq kishining jasadi topilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan kadrlarda ko‘chkilar ostida ko‘milib qolgan, vayronaga aylangan uylarni ko‘rish mumkin, qutqaruvchilar xarobalar orasidan omon qolganlarni qidirmoqda.

Foto: Bakhtar News Agency via AP

Toliblar zilzila qurbonlari va jabrlanuvchilar oilalariga yordam uchun 1 mlrd afg‘oniy (11 mln dollar) ajratgan. «Tolibon» FVV rahbari o‘rinbosari Sharafuddin Muslimning ma’lum qilishicha, Paktika, Xo‘st va Nangarhorda halok bo‘lganlarning oilalari hukumatdan 100 ming afg‘oniy (1,1 ming dollar), jabrlanganlarning oilalari esa 50 ming afg‘oniy (550 dollar) oladi.

Yer silkinishi tunda, mahalliy vaqt bilan soat 1:30 atrofida, aksar odamlar qattiq uyquga ketganida ro‘y bergan, zilzila kuchi shunday bo‘lganki, uni epimarkazdan 500 km masofada ham sezishgan.

Xuddi shu vaqtda O‘zbekistonning Surxondaryo viloyatida ham 3 ballik zilzila qayd etilgan, zilzila kuchi Qashqadaryo, Samarqand va Jizzax viloyatlarida 2 ballga teng bo‘lgan.

Afg‘onistonning qishloq hududlarida kapital qurilishlar deyarli yo‘q, turar joy binolarining aksari loy g‘ishtdan, hech qanday poydevorsiz qurilgan, shu tufayli odatda zilzilalar mamlakat uchun talafotli bo‘ladi.

Afg‘oniston seysmik faol mintaqada joylashgan.

BMTning gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish bo‘yicha boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi 10 yilda mamlakatda zilzilalar tufayli 7 mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan. Har yili o‘rtacha 560 kishi zilzila qurboni bo‘ladi.

Ko‘proq yangiliklar: