Fransiyani boshqarish qiyinlashadi: Makron parlamentdagi hukmronlikni boy berdi

Jahon 15:27 / 21.06.2022 19774

So‘lchilar va radikal o‘ngchilardan iborat alyans saylovlarda kutilganidan ko‘p ovoz olib, Makron Fransiya rahbari sifatida ikkinchi muddatida amalga oshirishni ko‘zlagan islohotlar kelajagini so‘roq ostida qoldirdi. Tahlilchilar Fransiya qonun chiqaruvchi organlarida tushunmovchilik paydo bo‘lishi va Makron tezda koalitsiya tuzishga kirishishini taxmin qilishmoqda.

Putinni urushni to‘xtatishga chaqirishga, G‘arb siyosatchilari orasida mas’uliyatni o‘z gardaniga olishga urinayotgan 44 yoshli Makron endi uzoq vaqt ichki siyosiy jarayonlar bilan band bo‘lib qoladiganga o‘xshamoqda.

Makronning «Birlik» koalitsiyasi hamon Fransiya Milliy majlisining eng katta partiyasi bo‘lib turibdi, lekin Makron tarafdorlari yangi tarkibda 245 ta o‘ringa ega bo‘lishdi, ya’ni 100 taga yaqin o‘rinni boy berishdi. Quyi palatada ko‘pchilikka ega bo‘lish uchun esa 577 nafar deputatning kamida 289 nafari bir partiya vakili bo‘lishi kerak. Kamida 44 ta kam ovoz to‘plagan Makron yetakchiligidagi harakat endi boshqalar bilan hamkorlik qilishga majbur.

Prezidentlik saylovlarida ketma-ket ikki marta Makronga yengilgan Marin Le Pen boshchiligidagi radikal o‘ngchilar partiyasi quyi palatada o‘z tarixidagi eng ko‘p ovozga ega bo‘ldi. Qayta tashkil etilgan «Nupes» so‘lchilar bloki esa parlamentdagi eng yirik muxolif fraksiya sifatida shakllandi.

Endilikda Makronning oldida qiyin tanlov turibdi: yoki boshqaruv koalitsiyasini tashkil etish yoki ko‘pchilikni qo‘lga kirita olmagan hukumatni boshqarib, parlamentga kiritiladigan har qanday qonun uchun talashishga majbur bo‘lish.

Bunaqasi prezidentlik vakolati kengaytirilgan Beshinchi respublika tarixida faqat bir marta sodir bo‘lgan: 1988 yil sotsialistlar yetakchisi bo‘lgan prezident Mitteran partiyasi parlamentda ustunlikni boy bergan va ikkinchi muddatda boshqa partiyalar bilan murosa qilishga majbur bo‘lgan.

Bunday holatda tomonlar kelisha olmasa, qonun chiqaruvchi organlar faoliyatida uzilish paydo bo‘ladi. Hukmron partiya parlamentda ozchilikda qolgani sabab faqat nomigagina yetakchilikni saqlab qoladi, aslida esa yil oxirida budjet to‘g‘risidagi qonunni ham mustaqil qabul qila olmaydi. Makron davlat rahbari sifatida muddatidan oldin parlament saylovlari haqida e’lon qilishi mumkin, ammo bunda ham uning g‘alabasini hech kim kafolatlay olmaydi.

1997 yil Jak Shirak ham parlamentdagi ustunlikni boy beradi. Keyin ikkinchi urinishda g‘alabaga umid qilib muddatidan avval parlament saylovlari e’lon qiladi. Oqibatda esa yangi ko‘pchilik bilan kelishib ishlashga majbur bo‘lib, hukumatdagi deyarli barcha boshqaruv richaglarini yo‘qotadi. Ammo hozirda Makron qayta saylovni e’lon qilishi to‘g‘ri yechim emas. Birinchidan, uning g‘alabasi kafolatlanmagan, ikkinchidan, qayta saylovda ham yengilsa, prezident keyingi saylovlarni bir yildan avval e’lon qila olmaydi. Uchinchidan, o‘z manfaati uchun qayta saylov e’lon qilishi nafaqat Makronning islohotlariga soya soladi, balki uning iste’fosiga olib kelishi mumkin.

Makron aprelda prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonganida atrofidagilar u g‘oliblik kayfiyatida bo‘lmaganiga e’tibor bergandi. Hatto g‘alaba uchun maxsus nutq tayyorlamagan Makron parlament saylovidagi natijalar uning uchun yaxshi bo‘lmasligini oldindan bilgandek. Fransiya prezidentining oldindan sezish qobiliyati bu gal ham, o‘z foydasiga bo‘lmasa-da, uni uyaltirmadi.

Parlament saylovlaridagi natijalar shuni anglatadiki, ikkinchi muddat birinchisidan keskin farq qiladi. Makron endi «gapiga kiradigan» qonun chiqaruvchi organga buyruq berib ishlay olmaydi. Aksincha uning islohotlariga qarshilik qilishga urinadigan Milliy majlisdagi ko‘pchilik bilan kurashishga majbur. Endi Makron muxolifatchilar bilan, konservativ respublikachilar bilan muzokara o‘tkazishga majbur.

Reuters'ning Fransiya hukumatidagi manbasi Makron o‘tgan haftada Senat raisi bo‘lmish respublikachilar vakili Jyerar Larshe bilan e’lon qilinmagan uchrashuvda ishtirok etganini aytgan. Manbaning taxminicha, tomonlar tuzilishi mumkin bo‘lgan koalitsiyani muhokama qilgan. Partiya yetakchilari saylovlardan keyin Makron bilan hamkorlik qilishga tayyorligi haqida esa gapirayotgani yo‘q.

Sobiq prezidentlar Nikolya Sarkozi va Jak Shirakning partiyasi bo‘lmish respublikachilar partiyasi Makron bilan qator sohalarda, xususan, pensiya yoshini 65 yoshga yetkazish bo‘yicha muzokara o‘tkazishi mumkin. Ammo bu kelishuvning to‘lovi ham bor. Taxmin qilishicha, Makronning markazlashgan boshqaruv tizimi bu kelishuvlar sabab asta-sekin o‘nglasha boradi. Hatto ichki koalitsiyada ham prezident mustahkam pozitsiyada bo‘lmaydi.

Fransiya konstitutsiyasi Makronga uchinchi marta prezidentlikka o‘z nomzodini qo‘yishni taqiqlaydi, shu sabab uning ittifoqchilari, masalan, sobiq bosh vazir Eduar Filipp prezidentlik dasturini boshlab yuborishi mumkin.

Asosiy muammo esa qayta tiklanayotgan muxolifat tomonidan kutilmoqda. Oddiy muxolifat emas, butun boshli so‘lchi kuchlar koalitsiyasiga aylangan, yosh, radikal Jan-Lyuka Melaneshon yetakchiligidagi muxolifat. Shuningdek, ultra o‘ngchilar ham Makronga muammo tug‘dirishi mumkin. Ikki tomondan bo‘ladigan bosim esa Makronning ba’zi yirik islohotlariga chek qo‘yadi, masalan, pensiya yoshini oshirish islohotiga.

Endi o‘zining legitimligiga tayangan muxolifat istalgan vaqtda qarshiliksiz odamlarni ko‘chaga olib chiqishi mumkin. Bir so‘z bilan aytganda, Fransiyani boshqarish juda qiyin bo‘lib qoladi.

Jan-Lyuk Melanshon kommunistlar, sotsialistlar, yashillar va o‘zining o‘ta so‘l partiyasidan koalitsiya shakllantirdi.
Foto: Reuters

O‘z muammolarining me’mori

Ko‘pchilik Makron bugun duch kelayotgani muammolarni o‘zi yaratdi deb hisoblaydi. Avvalo u prezidentlik saylovidagi g‘alabadan foydalangan holda o‘z partiyasining parlamentda ko‘pchilik bo‘lishini ta’minlay olmadi. Bundan tashqari, Makron saylovoldi kampaniyasida deyarli ishtirok etmadi. Bosh vazirlikka Elizabet Bornni tayinlashni esa bir necha hafta kutdi. Uning talanti saylovchilar bilan yaxshi munosabatda emasligini yopib keta olish uchun yetarli emas deb hisoblashmoqda.

OAVda ham Makronga qarshi zarbalar yog‘dirildi. Hukumatdagi vazirlardan biri juda noo‘rin vaqtda zo‘rlashda ayblandi. Parijda o‘tgan YeChL finalidagi janjal esa mahalliy jinoyatchilik oshib borayotgani, jamoat tartibini saqlashdagi muammolarni ko‘rsatib qo‘ydi. Hukumat bu muammoda har qancha «Liverpul» muxlislarini ayblashga urinmasin aslida odamlar barchasini ko‘rib bo‘ldi.

Shu va shunga o‘xshash boshqa mojarolar odamlarni Le Penning partiyasiga ovoz berishga undagan bo‘lishi mumkin. Chunki saylovlardan avval eng optimistik taxminlarda ham Le Penning «Milliy birlashish» harakati ko‘pi bilan 40 ta o‘rin olishi taxmin qilingandi. Natijalar esa Le Pen bundan ikki baravar ko‘p ovoz olganini ko‘rsatdi.

Fransiyada prezidentning vakolatlari oshgan Beshinchi respublika davriga o‘tilganidan buyon prezidentlarning ikkinchi muddati odatda muvaffaqiyatli kechmagan. Hozir ayniqsa bunga ishonish qiyin, chunki Makronga unga bo‘lgan muhabbat sabab emas, raqobatchilariga bo‘lgan nafrat sabab ovoz berishgani haqiqatga yaqinroq.

Ko‘proq yangiliklar: