Britaniyaning The Daily Telegraph gazetasi sayti Rossiyada bloklandi 

Jahon 14:28 / 21.06.2022 6801

Rossiyada Roskomnadzor talabi bilan Britaniyaning The Daily Telegraph kundalik gazetasi sayti bloklab qo‘yildi, deb xabar berdi «Roskomsvoboda» jamoatchilik loyihasi 21 iyun, seshanba kuni. «Roskomsvoboda» ma’lumotlarini GlobalCheck xizmati tasdiqladi, unga ko‘ra Rossiyadan The Daily Telegraph saytiga kirish imkoni 0 foizni tashkil etadi. 

Rossiya Federatsiyasi hududida Britaniya nashrining saytiga endi faqat VPN orqali kirish mumkin. Bloklanishga Rossiyaning Ukraina hududidagi harbiy amaliyotlari haqida 23 fevraldagi maqola sabab bo‘lgan. 

The Daily Telegraph Rossiyaning Ukrainadagi urushini faol yoritib boryapti. Xususan, 15 iyun kuni nashr Ukraina tomonida jang qilgan amerikaliklar Aleksandr Dryuke va Endi Hyuyn rossiyalik harbiylar tomonidan asirga olingani haqida xabar bergandi. Bu amerikaliklar, The Daily Telegraph nashri yozishicha, iyun oyi boshida Xarkov shimoli-sharqidagi jangda dushmanning o‘zidan ustun kelgan qo‘shinlariga duch kelgan guruh bir qismi bo‘lgan.

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi boshlanganidan keyin Roskomnadzor Rossiyada mustaqil va xorijiy ommaviy axborot vositalarining saytlarini bloklashni boshladi. Xususan, regulyator Germaniyaning Bild tabloidi, Finlandiyaning Yle teleradiokompaniyasi, «Ozodlik radiosi»ning arman xizmati, Deutsche Welle, Euronews va Delfi saytlarini bloklab qo‘ygan. 

Ko‘proq yangiliklar: