Birjada shakar narxi 5 kunda 27 foizga arzonladi

Iqtisodiyot 21:39 / 15.06.2022 38235

15 iyun kuni Respublika tovar-xomashyo birjasining ertalabki savdo sessiyasida o‘tkazilgan birja savdo natijalariga ko‘ra, shakarning narxi 14 iyun kuniga nisbatan 123,8 so‘mga pasayib, mahsulotning bir tonnasi uchun 10 mln 631,1 ming so‘mni tashkil qildi.

Bu savdolarda shakar bo‘yicha shakllangan minimal narx mahsulotning bir tonnasi uchun 9 mln 700 ming so‘m atrofida qayd etilgan.

Birja axborotiga ko‘ra, 10-15 iyun savdo kunlarida shakarning barcha kategoriyasi bo‘yicha shakllangan o‘rtacha kunlik narxi mahsulotning bir tonnasi uchun 14 mln 554,5 ming so‘mdan 10 mln 631,1 ming so‘mgacha yoki 27 foizga pasaygan.

Infografika: Respublika tovar-xomashyo birjasi

Ta’kidlanishicha, 15 iyunda birjaning kechki savdo sessiyasida sotuvchi korxonalar tomonidan 1 000 tonna qo‘shimcha mahsulot birja savdolariga qo‘yilishi kutilmoqda.

“Ko‘pchilik iste’molchilarda nega birjada arzonlayotgan shakar savdo do‘konlari narxida aks etmayotgani bo‘yicha savol tug‘ilishi tabiiy. Gap shundaki, chakana savdo nuqtalarida hozir sotilayotgan 14 ming so‘gacha bo‘lgan shakar o‘tgan haftadagi potolok narxlarda olingan zaxiralarning qoldiqlari. Qimmat narxlarda olingan zaxiralar arzonlari bilan o‘rin almashishi uchun 5-10 kun vaqt kerak bo‘ladi”, deya izoh berdi iqtisodchi Otabek Bakirov.

Ma’lumot uchun, joriy yilning 6 yanvar holatiga ko‘ra, birja savdolarida shakarning bir tonnasi 8 mln 202,1 ming so‘mni tashkil etgan. O‘tgan davr mobaynida mahsulot narxi qariyb 23 foizga oshgan. Yillik nisbatda esa shakar narxi 30,8 foizga qimmatlashgan.

Avvalroq, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi shakar narxlarining oshishiga bir qator omillar ta’sir qilayotgani haqida ma’lumot bergandi.

Unga ko‘ra, shakar narxining o‘sishiga avvalo mazkur mahsulot va uning xomashyosini Markaziy Osiyo mintaqasiga yetkazib berish bo‘yicha transport va logistika bilan bog‘liq muammolar hamda yoqilg‘i resurslari narxlarining o‘sishi ta’sir ko‘rsatgan — O‘zbekistonga shakar xomashyosining deyarli 90 foizi Braziliyadan import qilinadi.

“An’anaviy dengiz portlarining yopilishi hamda alternativ portlar o‘tkazuvchanlik sig‘imlarining pastligi tovarlarni uzoq muddat qolib ketishi hamda saqlash bilan bog‘liq qo‘shimcha xarajatlarni yuzaga keltirmoqda”, deyilgandi vazirlik xabarida.

Shuningdek, Rossiya hukumatining 2022 yil 14 martdagi tegishli qaroriga asosan 2022 yil 31 avgustgacha, Qozog‘iston Qishloq xo‘jaligi vazirining 2022 yil 4 maydagi buyrug‘iga asosan 6 oy muddatga shuningdek, Hindistonda 2022 yil 25 maydan shakar eksportiga cheklov o‘rnatilganligi ham O‘zbekiston ichki bozoridagi narxlarga bosim o‘tkazgan.

So‘nggi kunlarda shakar narxi keskin oshib ketgach, respublikadagi bozor va savdo nuqtalarida arzonlashtirilgan shakar sotuvlari yo‘lga qo‘yildi, bunday yarmarkalarda turnaqator navbatlar yuzaga keldi.

Ko‘proq yangiliklar: