Pistalarni maynaga qo‘riqlatayotgan farg‘onalik bog‘bon

Jamiyat 16:37 / 13.06.2022 34142

“Pista g‘arq pishganida hakkalar mevani yeb qo‘yadi. Maynalar esa tabiatan muttaham qush bo‘ladi: u pistani o‘zi yemaydi, o‘g‘rilikka kelgan hakkalarni esa oldiga solib haydaydi. Mayna – yaxshi qo‘riqchi. Pista daraxti ustiga 10 yil avval maynalar uchun atay in qurib berganman. Ular daraxtlarimni begona qush va hasharotlardan qo‘riqlashadi.

Maynalar uchun qurilgan in

 

Maynalar har yili inida bola ochadi. Hovlimizda ular uchun alohida 2 ta in bor”, – deydi bog‘bon.

1953 yilda Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumani Xonqiz qishlog‘ida tug‘ilgan Rahmatjon Usmonov kolxozda omborchi, keyinchalik “O‘zbekiston” MFYda rais bo‘lib ishlagan. 6 farzand – 4 o‘g‘il 2 qizni voyaga yetkazgan. Uning 20 sotix yerida sarxil mevalar parvarish qilinmoqda.

Rahmatjon Usmonov

 

“Farg‘ona vodiysida Eron xandon pistasi ko‘chatlarining rivojlanishiga hissa qo‘shgan inson akam Ermat hoji Kamolov bo‘ladi. U inson 1990 yillarda Erondan 1 kg xom pista olib kelib ko‘chatchilikni shundan boshlagan. Ularni tomorqasiga ekkanida 18 dona ko‘chat chiqqan. Pistalar mevaga kirgunicha odamlar ishonishmagan.

Aholi pista ko‘chat Farg‘ona sharoitida bo‘lmasligini ta’kidlashgan edi o‘sha paytda. Pistalar mevaga kirganida o‘sha odamlar hayratdan yoqa ushlaganlar.

Men ham bundan 22 yil avval Ermat hoji akamdan ko‘chatlarni olib kelgan edim. 22 yildan beri ham dehqonchilik, ham daromad qilib, ko‘chat bilan shug‘ullanib, aholini ham ta’minlayapmiz.

Pista ko‘chatlarini har xil sharoitda ekish mumkin. Ko‘chat qilish uchun issiqxona qilganmiz. Issiqxonaga ekilgan ko‘chatlarni havo isishi bilan tashqariga chiqarib olib, butun yoz davomida odamlarga yetkazib beramiz.

Pista ko‘chati
Pista ko‘chati

Buyurtmaga qarab 1 yoshdan 3 yoshgacha bo‘lgan ko‘chatlarni tayyorlab qo‘yamiz”, – deydi suhbatdoshimiz.

Bog‘bonning ta’kidlashicha, Farg‘ona iqlimiga moslashgan pista daraxti 4-5 yildayoq mevaga kirar ekan.

“Pista pishgan davrda daraxtning tepasida urug‘ini tanlab olamiz. Tanlamay olsa ham ko‘chat chiqaveradi. Lekin “otalik” ko‘chatlari ko‘payib ketadi. Pista ko‘chatlarining otalik va onaligi bo‘ladi. 10 tup pista ko‘chatiga 1 tup otaligi bo‘lmasa, meva qilaveradi. Lekin kam hosil beradi.

Changlatgandan keyin yaxshi bo‘ladi. Shuning uchun urug‘ saralanib ekiladi. Pista ko‘chatini qalamcha qilib ko‘klatish mushkul. Pista ko‘chatini ulamasidan ko‘paytirish ham juda qiyin.

Ko‘chatlarimiz 3 xil bo‘ladi. Bahorgi ko‘chatlar, kuzgilari hamda 3 yillik ko‘chatlar. Uch yillik ko‘chatlar yoshi katta bo‘lganiga qaramay kechroq mevaga kiradi. Bir yoshli ko‘chatlarni eksangiz, 4-5 yili mevaga kiryapti. Chunki pista ko‘chatlari o‘zimizning iqlim sharoitimizga moslashdi. Avvalgi navlar 7-8 yilda mevaga kirardi”, – deydi u.

Bir tup pista daraxti o‘rtacha 5-6 kilogrammdan hosil berar ekan. Tanasi unchalik katta bo‘lmagani bois bog‘bon daraxt tagida boshqa ekinlarni ham parvarishlaydi.

“Bundan 22 yil avval akamdan olib olib kelgan 3 tup pista ko‘chati 8 yilda mevaga kirgan. Undan keyin o‘zimizda boshladik. Hozirda tomorqamda 40 tup pista daraxti bor. Shulardan 20 tupi meva qilyapti. Tupidan o‘rtacha 5-6 kilogrammdan meva olinadi.

Urug‘lik uchun saralab olingan pistalar kilogrammini bugungi kunda 300 ming so‘mdan sotyapmiz. Oddiy qovurilgan pistalar 100-150 mingdan sotilyapti.

Eng yaxshi tomoni – pista daraxtining tagida hamma ekinlar bo‘laveradi. Pomidor, bodring, bulg‘or qalampiri – hammasini ekaverasiz, pistaga hech qanday zarar qilmaydi. Pista daraxtiga hasharot ham kelmaydi.

Pista daraxtiga dori sepib bo‘lmaydi. Dori sepsangiz, qurib qolishi mumkin. Tagiga go‘ng yaqinlashtirib bo‘lmaydi. Chirindi, ozroq fosfor va amafos solib turamiz. Yoshiga qarab daraxtlarni butaymiz.

Pista ko‘chati unchalik katta bo‘lib o‘sib ketmaydi. Bahor faslida butab shakl beramiz. Boshqa faslda butalsa qurib qolishi mumkin. Juda ham nozik bo‘ladi”, – Rahmatjon Usmonov.

Bog‘bonning ta’kidlashicha, pista daraxti 500 yildan ortiq umr ko‘radi. Mevali ko‘chat –50 daraja sovuqqacha bardosh berar ekan.

“Pista daraxti yer tanlamaydi. Xonqiz qishlog‘iga birinchi marta ko‘chatini olib kelganimizda odamlar bu daraxt faqatgina tog‘li hududda bo‘ladi, deyishgandi. Keyinchalik ular ham hosilini ko‘rib qiziqib qolishdi. Hozirda boshqalar ham ko‘chatchilik bilan shug‘ullanishyapti.

Pista sentabr oyining oxirlarida pishadi. Avval pishgan mevasini qo‘l bilan terib olib urug‘likka olib qo‘yamiz. Qolganini silkib-silkib, yerga to‘kilganini terib olamiz. Yana bir nozik jihati, mevasini qo‘l bilan teraman desangiz, qo‘l tekkan meva ochilmay qotib qolishi mumkin. Shuning uchun ham pista mevasi ehtiyotkorlik bilan terib olinadi. Daraxt ustidagi mevalarning barchasi yetilib pishganda silkib tushirib terib olamiz.

Xandon pista mevasi daraxtning tepasida 99 foizi ochilib yorilib qoladi. Tojikiston pistasi va boshqa xil pistalarni yetishtirib ko‘rganman. Ular Eron xandon pistasidek po‘chog‘i daraxtining o‘zida ochilmaydi. Boshqa pista navlarining daraxt ustida 40-50 foizigina ochiladi xolos”, – deydi u.

Sarvar Ziyayev,
Kun.uz muxbiri

Montaj ustasi: Abdusalim Abduvohidov

Ko‘proq yangiliklar: