“O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan OAV xodimlari uchun Buxoro neftni qayta ishlash zavodida press-tur tashkil qilindi

Jamiyat 12:09 / 12.06.2022 11272

Tadbir ishtirokchilari dastlab Bahovuddin Naqshband ziyoratgohida bo‘ldilar. Majmuada Qur’on tilovat qilinib, qurbonlik qilindi. 

Tan olish kerak, ochiqlikka intilayotgan jamiyat so‘nggi paytlarda qator viloyatlarda pres-turlar tashkil qilib, tizim faoliyatini keng ommaga ko‘rsatib kelmoqda. Xususan, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi ham muhim obektlardan hisoblanib, shu vaqtga qadar deyarli yopiq holatda faoliyat ko‘rsatgan. Jurnalist va blogerlar zavod mas’ul xodimlari bilan muloqot davomida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.

Ta’kidlash joiz, “O‘zbekneftgaz” AJ tabiiy gaz, neft va gaz kondensati qazib chiqarish, neft-gaz mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha belgilangan prognoz ko‘rsatkichlari ijrosini bajarib, iste’molchilarning tabiiy va suyultirilgan gaz, neft mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish uchun zarur choralarni ko‘rmoqda.

Tadbir davomida Buxoro neftni qayta ishlash zavodining bugungi kunda ishlab chiqarish quvvati, benzin narxlarining shakllanishi, mahsulot taqchilligiga yo‘l qo‘ymaslik uchun qilinayotgan harakatlar tashrif buyuruvchilarni ko‘proq qiziqtirdi va shu haqida ko‘proq ma’lumotlar berildi.

Zavod bosh muhandisi Baxtiyor Mustafoyevga ko‘ra, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi respublika iste’molchilarini sifatli neft mahsulotlari bilan ta’minlagan holda neft mahsulotlari narxi barqaror bo‘lishi uchun ham xizmat qilmoqda. Zavod bir yil davomida 2,5 mln tonna neft va gaz kondensatini qayta ishlash quvvatiga ega. 2022 yilda respublika iste’molchilarining avtobenzinga bo‘lgan talabi 1,3 mln tonna bo‘lib, 2022 yil davomida “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan jami 835,2 ming tonna avtobenzin ishlab chiqarilishi iste’molchilar talabining 65 foizini qondiradi. Shuningdek, 861 ming tonna dizel, 480 ming tonna mazut, 300 ming tonna aviakerosin tayyorlanadi. Zavod respublikaning dizelga bo‘lgan ehtiyojini 48-50 foizga ta’minlamoqda.

Aytish mumkinki, “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan 2022 yilning 5 oyida 623,9 ming tonna suyuq uglevodorodlar qazib chiqarilishi belgilangan bo‘lsa, amalda 657,5 ming tonna qazib chiqarilgan. Jamiyat tasarrufidagi neftni qayta ishlash zavodlarida joriy yilning 5 oyida 603,1 ming tonna uglevodorod xomashyosi qayta ishlanishi belgilangan bo‘lsa, amalda 626,1 ming tonna qayta ishlangan. Joriy yilning 5 oyida 353,9 ming tonna avtobenzin ishlab chiqarilishi belgilangan bo‘lsa, amalda 381,4 ming tonna ishlab chiqarilgan.

Buxoro neftni qayta ishlash zavodi direktori o‘rinbosari Nurali Primovning aytishicha, “O‘zbekneftgaz” AJ raisining 2021 yil 7 iyundagi buyrug‘iga asosan mablag‘larni tejash maqsadida Gazli neft va gaz qazib olish boshqarmasidan Buxoro neftni qayta ishlash zavodiga 27 dona gaz kondensati tashiydigan maxsus transport o‘tkazilgan. 2022 yilning besh oyi davomida 2155 ta reys amalga oshirilib, 44 419 tonna mahsulot tashilgan. O‘g‘riliklarning oldini olish maqsadida har bir transport vositasi GPS bilan jihozlangan.

Aytish mumkinki, zavodning benzin ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanishi o‘rtacha 120-125 foizni tashkil qilmoqda.

Press-tur davomida zavodda favqulodda vaziyatlar vaqtida qanday harakatlanish, yong‘inni o‘chirish bo‘yicha taktik-mashg‘ulot namoyish etildi.

Zavodda yuqori oktanli benzin (AI-80, AI-91, AI-92, AI-95, AI-98), dizel yoqilg‘isi (EKO, Yevro-4, 5), aviakerosin (Djyet A-1), mazut, suyultirilgan gaz, oltingugurt, pirolizli gazolin, uglevodorod eritkichi kabi neft mahsulotlari ishlab chiqariladi.

Press-tur davomida “O‘zbekneftgaz” AJ rahbariyati tizimga ilg‘or innovatsion texnologiyalar, yuqori samarali uskunalar, shu jumladan yangi katalizatorlar, eskirgan uskunalarni almashtirish, yirik investitsiya loyihalarini jalb etish orqali neft va gaz sanoatini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan maqsadli ishlarni olib borayotganining guvohi bo‘ldik.

Jurnalist Isomiddin Po‘latov
Operator va montaj ustasi Faxriddin Hotamov

Ko‘proq yangiliklar: