Samarqandda me’yoridan ortiq somon ortib ketayotgan yuk mashinasi yonib ketdi

Jamiyat 15:02 / 10.06.2022 12972

Samarqand viloyati IIB axborot xizmatining xabar berishicha, 2022 yil 9 iyun kuni soat 10:00 larda Urgut tumanining “Guliston” MFY hududida somon ortilgan yuk mashinasi yonib ketgan.

Jizzax viloyati Zomin tumanida yashovchi, 1991 yilda tug‘ilgan fuqaro X.J.ga tegishli bo‘lgan “ZIL” mashinasiga 400 dona somon toylari ortilgan bo‘lgan.

Dastlabki surishtiruvda aniqlanishicha, haydovchi yuk mashinasiga me’yordan ortiq balandlikda yuk ortgani uchun “ZIL” harakatlanib ketayotganda somon toylari elektr tarmoqlaridagi simlarga tegib qolgan.

Shundan so‘ng, elektr simini yog‘och kaltak yordamida tepaga ko‘tarmoqchi bo‘lishganida qisqa tutashuv hamda chaqnash sodir bo‘lgan va somon toylar yonib ketgan.

Qayd etilishicha, yong‘in tuman FVB xodimlari tomonidan bartaraf etilgan. Hodisa oqibatida hech kim jarohat olmagan. Faqat somon toylar yonib ketgan va yuk mashinasi jiddiy shikastlangan. Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq, Toshkent viloyati Qibray tumanida somon toylari ortilgan to‘rtta yuk mashinasi yonib ketgandi.

Ko‘proq yangiliklar: