Rossiya Markaziy banki «kasallangan» rublni qutqardi. Bu qachongacha davom etadi?

Iqtisodiyot 19:05 / 10.06.2022 74545

Rossiya-Ukraina urushi boshlanganidan keyingi davrdagi o‘ta noaniq vaziyat sabab rubl kursi mart oyi boshlariga kelib keskin darajada qadrsizlanib ketdi. Bunga xorijiy investorlarning Rossiyadagi aktivlarini sotishi va tushgan mablag‘larni dollarga almashtirishga urinishi, mahalliy aholi tomonidan inflatsiyadan himoyalanish maqsadida chet el valutasini xarid qilishga bo‘lgan talabning ortishi, sanksiyalar va zaxiralarning salmoqli qismi muzlatilgani tufayli Rossiya Markaziy bankining xorijiy valuta taklifini oshirib, kursni barqarorlashtira olmagani kabi bir qator omillar ta’sir o‘tkazdi.

Ammo ma’lum muddat o‘tganidan keyin Rossiya milliy valutasi mustahkamlana boshladi. 10 iyun holatiga ko‘ra, 1 dollar – 58,3 rublni, 1 yevro esa 62 rublni tashkil etmoqda. Taqqoslash uchun, harbiy harakatlar boshlanishidan oldingi kun, 23 fevralda 1 dollar – 80,4 rubl, 1 yevro – 90 rubl bo‘lgan. Bugungi kunda rubl kursi Rossiya iqtisodiyotining holatini o‘lchashda foydalaniladigan eng asosiy instrumentlardan biri hisoblanadi. Shu nuqtayi nazardan, G‘arbning dahshatli sanksiyalari o‘z samarasini bermadimi?

23.02. 2022 - 10.06. 2022 davr oralig‘ida rubl kursining AQSh dollariga nisbatan o‘zgarish dinamikasi

Rubl nega mustahkamlandi?

Birinchidan, urush boshlanganidan bir necha kun o‘tib, Rossiya Markaziy banki favqulodda ravishda asosiy foiz stavkasini 9,5 foizdan 20 foizga (hozirda Rossiya MB asosiy stavkasi 9,5 foizni tashkil qiladi) oshirdi. Bu esa rossiyaliklarga o‘z pullarini banklarda saqlashga rag‘bat yaratdi va rubldagi depozitlarni jozibali qildi. Eksportyorlar uchun valuta tushumlarining 80 foizini mamlakat rezidentlariga majburiy sotish tartibi belgilandi. Xorijdagi banklar va moliya tashkilotlarida ochilgan hisobraqam va omonatlarga chet el valutasini o‘tkazish taqiqlandi. Kredit shartnomasi bo‘yicha norezidentlarga xorij valutasini o‘tkazish ham bekor qilindi.

Bundan tashqari, Rossiya banklari mijozlariga hisobraqamlardan naqd valuta berishni cheklab qo‘ydi. Naqd pul yechib olishda 10 ming dollarlik chegara belgilandi. 

Umuman olganda, hukumat amalda kapitalning turli bank vositalari orqali xorijga olib chiqib ketilishi ustidan nazorat o‘rnatdi va «kasallangan» valutaning qayta tiklanishi uchun mavjud bo‘lgan barcha ishni amalga oshirdi.

Ko‘plab tahlilchilar fikriga ko‘ra, Rossiyaning o‘z valutasini himoya qilish harakatlari va kapital nazorati rublni «boshqariladigan» valutaga aylantirib qo‘ydi.

Ikkinchidan, jahon bozorida energiya resurslari narxlari rekord darajada qimmatlashdi. Rossiya umumiy eksportining 63 foizini esa aynan yonilg‘i-energetika mahsulotlari tashkil qiladi.

Embargolar va sanksiyalar tufayli eksportning umumiy hajmi pasaygan bo‘lsa-da, tovarlar narxi qimmatlashishi bu pasayishning o‘rnini qoplabgina qolmay, yaxshigina daromad ham keltirdi. O‘z navbatida, G‘arb kompaniyalarining mamlakatni tark etishi import hajmi sezilarli darajada kamayishiga olib keldi. Birgina aprel oyida eksport va import o‘rtasidagi profitsit rekord miqdor – 37 mlrd dollarni tashkil qilgan. Qisqacha aytganda, eksportdan keladigan daromadlar oshdi va importning xorijiy valutaga bo‘lgan talabi maksimal darajada pasayib ketdi.

Uchinchidan, xalqaro bozorda rublga nisbatan sun’iy talab yuzaga keldi. Xususan, Rossiya gazining «nodo‘st davlatlar»ga eksporti uchun to‘lov rublda amalga oshirilishi ma’lum qilindi. Bu 50 dan ortiq mamlakatni Rossiya ichki bozoridan rubl sotib olishga majburlash edi. Ushbu talabni bajarmagan Bolgariya va Polshaga gaz yetkazib berish to‘xtatildi.

Dastlab, G‘arb davlatlari tomonidan «gaz uchun rubl» sxemasi to‘liq rad etilgan bo‘lsa-da, keyinchalik rus gazining asosiy xaridorlari hisoblangan Italiya va Germaniyaning yirik kompaniyalari to‘lovlarni rublda amalga oshirish uchun «Gazprombank»da hisobraqam ochgani haqidagi xabarlar tarqaldi.

To‘rtinchidan, ilgari savdo profitsiti natijasida yuzaga kelgan mablag‘ xalqaro rezervlarga yo‘naltirilgan bo‘lsa, hozirda bu zaxiralar G‘arb mamlakatlari tomonidan muzlatib qo‘yilgan. Shu sababdan ham ichki bozorda yetarli darajada xorijiy valuta taklifi yuzaga keldi.

Beshinchidan, Rossiya Markaziy banki joriy yilning 28 martidan 30 iyuniga qadar kredit tashkilotlaridan sotib olinadigan 1 gramm oltin uchun 5000 rubl miqdorida o‘zgarmas narx joriy qildi.

Syz bankning investitsiya masalalari bo‘yicha direktori Charlz-Genri Monshauning ta’kidlashicha, oltin savdosi dollarda amalga oshirilishi sababli ushbu amaliyot Rossiya Markaziy bankiga o‘z valutasini oltinga bog‘lash va rublning dollar hisobidagi minimal narxini belgilash imkonini beradi.

«Shu jihatdan, rublning keyingi ko‘tarilishi oltin narxini oshirishi mumkin. Rossiya 2014 yil, Qrimni annexia qilganidan keyingi davrda qimmatbaho metallni jadallik bilan jamg‘arib kelmoqda va hozirda dunyodagi beshinchi eng yirik zaxiraga ega davlat hisoblanadi», deydi mutaxassis.

Rublning «istiqboli» qanday bo‘ladi?

Urush bilan bog‘liq misli ko‘rilmagan noaniqlik sharoitida valuta kursi qanday bo‘lishini prognoz qilish qiyin. Mutaxassislar fikricha, kuchli rubl Rossiya bilan savdo qilishda davom etayotgan mamlakatlardan import qilishni arzonlashtiradi va qisman sanksiyalar ta’sirini yumshatadi. Shuningdek, barqaror valuta kursi inflatsiyani nazorat qilish va inflyatsion kutilmalar o‘sishini cheklash imkonini beradi.

G‘arb davlatlari joriy yil oxirigacha Rossiyadan gaz importini uchdan ikki qismga qisqartirishni rejalashtirmoqda. Urushgacha bo‘lgan davrda Rossiya eksport qilayotgan gazning 70 foizi Yevropa mamlakatlari hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Shuningdek, YeI Rossiya neftiga nisbatan qisman embargo joriy qildi va 2022 yil oxirigacha Rossiyadan neft olishni 90 foizgacha kamaytirmoqchi. Rossiya budjetining yarmi aynan neft va gaz savdosidan to‘ldirilishini inobatga oladigan bo‘lsak, energiya resurslari uchun boshqa potensial xaridorlarni topish qiyin bo‘lishi mumkin. Yevropaga gaz G‘arbiy Sibirdan eksport qilinadi va ushbu konlar va Osiyo mamlakatlari o‘rtasida gaz o‘tkazgichlar ulanmagan. Eksport qisqarishi esa vaqt o‘tishi bilan Rossiya bozoriga kirib kelayotgan valuta oqimini sezilarli darajada kamaytiradi.

Shuningdek, Yevropa mamlakatlarining Rossiyaga nisbatan qaramligi qanchalik kamaysa, ularning bosimi ham ortib boraveradi. Agar Rossiya kompaniyalarining xorijdagi hisoblari muzlatib qo‘yiladigan bo‘lsa, bu ichki bozordagi chet el valutasi taklifi sezilarli darajada qisqarishiga va rubl kursi pasayishiga olib keladi. Ular davlat yordamisiz xorijiy valutadagi depozitlar bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajara olmaydi.

Ba’zi mutaxassislar tomonidan aytilayotganidek, rubl kursi sun’iy ravishda ushlab turilgan bo‘lsa, bu mamlakatdagi eksportchilar uchun ham zararli hisoblanadi. Ushbu omil ularning tashqi bozordagi raqobatbardoshligiga ta’sir o‘tkazadi va Rossiyadan mahsulot import qilish qimmatlashishiga olib keladi.

Bundan tashqari, sanksiyalarning bir qismini bekor qilish bo‘yicha muzokaralar ijobiy ko‘rinish olsa ham, istiqbolda Rossiya bozoriga importning ortishi nuqtayi nazaridan rubl kursi qadrsizlana boshlashi mumkin.

Rossiya Markaziy banki bilan suhbatlashgan ekspertlar 2022 yildan 2024 yilgacha dollarning o‘rtacha kursi har yili 5 rublga o‘sishi, joriy yil yakuni bo‘yicha esa 1 dollar o‘rtacha 75 rublni tashkil etishini prognoz qilishgan.

Ma’lumot uchun, joriy yil boshidan beri o‘zbek so‘miga nisbatan ham Rossiya rubli qariyb 25 foizga mustahkamlandi. 2022 yilning 5 yanvar holati ko‘ra, 1 rubl 144,6 so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 10 iyun holatiga ko‘ra, 1 rubl 190,3 so‘mgacha mustahkamlangan. 24 fevral kuni 1 rubl 136,4 so‘mni tashkil qilgandi.

Doston Ahrorov tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: