Jahon banki degradatsiyaga uchragan yerlar va o‘rmonlarni tiklash uchun O‘zbekistonga 142 mln dollar ajratadi

Iqtisodiyot 08:31 / 10.06.2022 22492

Xalqaro moliya tashkiloti matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ushbu mablag‘lar mamlakatning turli hududlarida landshaftlar barqarorligini yaxshilash va o‘rmonlarni qayta tiklashga ko‘maklashuvchi loyihani moliyalashtirishga, shuningdek, O‘zbekiston va Markaziy Osiyo boshqa davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikni transchegaraviy tabiiy zonalarni tiklash bo‘yicha rivojlantirishga yo‘naltiriladi.

Loyiha Jahon bankining Markaziy Osiyo landshaftlarini barqarorlik bilan ta’minlash dasturi bir qismidir. Uning maqsadi cho‘llanish va yer degradatsiyasining oldini olish, shuningdek, iqlim o‘zgarishi oqibatlariga tayyorgarlikni oshirish orqali landshaftlarning mustahkamligini oshirishdan iborat. 

Loyihani amalga oshirish uchun Jahon banki guruhiga a’zo bo‘lgan Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi O‘zbekiston hukumatiga past foiz stavkasida, muddati 30 yil, shu jumladan besh yillik imtiyozli davr bilan imtiyozli moliyalashtirishni taqdim etadi. 

Loyiha faoliyatini amalga oshirish uchun qo‘shimcha moliyalashtirish maqsadli jamg‘armalar – Koreya-Jahon banki hamkorlik jamg‘armasi (3 million dollar) va Barqaror landshaftlar bo‘yicha global hamkorlik (8 million dollar) hisobidan ajratiladi. 

Tasdiqlangan loyiha Jahon banki guruhining O‘zbekistondagi 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan yangi hamkorlik dasturida belgilangan maqsadlarga erishishga xizmat qiladi. 

Hukumatga inklyuziv va barqaror bozor iqtisodiyotiga o‘tish bo‘yicha islohotlarning navbatdagi bosqichini amalga oshirishda yordam ko‘rsatiladi. Dastur ustuvor yo‘nalishlaridan biri – mamlakat ekologik barqarorligini oshirish hamda iqlim o‘zgarishining odamlar turmush tarzi va iqtisodiyotiga ta’siriga javob berishga tayyorligini oshirishdan iborat. 

Ko‘proq yangiliklar: