Ham ishlaysan, ham to‘laysan. Navoiylik o‘qituvchilardan hashar uchun ikki marta pul undirilmoqda

Jamiyat 16:51 / 08.06.2022 17779

Kun.uz'ga o‘qituvchilar ikkinchi marotaba “hashar puli” ushlab qolishga majburlanayotgani haqida murojaat kelib tushdi. O‘rganish jarayonida mas’ullar tomonidan bunday majburlov bo‘layotgani o‘z tasdig‘ini topdi.

Xususan, Karmana tumanidagi 24-maktab direktori Dilfuza Sharipova o‘qituvchilarga hashar uchun yana 20 ming so‘mdan to‘lash kerakligini aytgan.

Shanbalik uchun yana 20 ming so‘mdan to‘lashimiz kerak. 10 iyun kuni mehnat ta’tili pullari to‘lab beriladi. Bu albatta, sizlarning mehnatingiz... Rozilik xatini yozib, maktabga jo‘natib yuboringlar. O‘zim hisobchiga yetkazaman. Hamma maktabga topshiriq berildi. Ertagayoq olib borishim kerak rozilik xatlarini. Ertangi sana bilan yozinglar. Mehnat ta’tilidan saqlanadi. To‘g‘ri qabul qilinglar. Yana bir hafta kutmay, ertagayoq berib yuboringlar”, – deya topshiriq bergan direktor o‘qituvchilarga.

Hasharda ishladik, pul berish kerak ekan, deyishdi, shunga ham janjal qilmaylik, deya 20 ming so‘mdan to‘lashga rozilik xati berdik. Oyligimizdan ushlab qolishdi. Endi esa yana aytilyapti. Bitta hasharga ikkinchi marotaba pul yig‘ish nima degan gap?”– deydi maktab o‘qituvchilaridan biri.

Ma’lum bo‘lishicha, bunday topshiriq maktab direktorlariga XTB hisobchisi Zuvay Shokirov tomonidan berilgan.

Hurmatli maktab direktorlari, sizlardan iltimos, 2022 yil 8 iyun kuni soat 10 gacha xodimlarning rozilik arizasiga asosan shanbalik ro‘yxatini shakllantirilgan va summasi ko‘rsatilgan holda XTB hisobxonasiga jo‘natishlaringizni so‘raymiz”, – deyiladi Shokirovning topshirig‘ida.

Kun.uz holatga izoh olish uchun Karmana tumani XTB mudiri Sarvar Ochilov bilan bog‘landi. Mudirning aytishicha, Zuvay Shokirov tumandagi 16-, 21-, 22-, 24-, 3-umumta’lim maktablariga xizmat ko‘rsatadi.

Tumandagi shu 5 ta maktabning ayrim o‘qituvchilariga o‘z roziligi bilan hasharga ikkinchi bor pul o‘tkazish tavsiya qilingan, majburlash holati kuzatilmagan, dedi XTB rahbari.

Foto: Karmana tumani hokimligi

Surishtiruv jarayonida Karmana tumanidagi 24-umumta’lim maktabida mehnat qonunchiligi buzilgan yana bir holatga duch kelindi. Maktab direktori Dilfuza Sharipovaning shar’iy turmush o‘rtog‘i Lutfullo Xo‘jaqulov shu maktabda qorovul sifatida ishlashi ma’lum bo‘ldi. Bu esa qonunchilikka zid.

Mehnat kodeksining 79-moddasiga ko‘ra, o‘zaro yaqin qarindosh yoki quda-anda bo‘lgan shaxslarning (ota-onalar, aka-ukalar, opa-singillar, o‘g‘il va qizlar, er-xotinlar, shuningdek er-xotinlarning ota-onalari, aka-ukalari, opa-singillari va bolalari), basharti ulardan biri ikkinchisiga bevosita bo‘ysunib yoki uning nazorati ostida xizmat qiladigan bo‘lsa, bir davlat korxonasida birga xizmat qilishlari taqiqlanadi.

Bunda istisnolar bor, albatta. Vazirlar Mahkamasining 1997 yil 11 martdagi 133-sonli qarori bilan birga xizmat qilishlarini cheklash qoidalaridan istisno etilishi mumkin bo‘lgan xodimlar ro‘yxati tasdiqlangan. Unga ko‘ra, barcha o‘quv va tarbiya muassasalaridagi pedagog xodimlar, o‘qituvchilar, bibliograflar va kutubxonachilar yaqin qarindoshlarining qo‘l ostida yoki nazorati ostida ham ishlashi mumkin. Demak, bir maktabda er-xotin direktor va qorovul bo‘lib ishlashi mumkin emas.

O‘tgan oyda Kun.uz Karmana tumanidagi umumta’lim maktablarida qiziqchi Zokir Ochildiyevning konsertiga majburiy chipta sotilgani haqida xabar bergandi.

Ko‘proq yangiliklar: