Nishonda adashgan daydi o‘q. Milliy gvardiya “snayperi” fuqaroni otib qo‘ygan

Jamiyat 19:01 / 07.06.2022 60721

2022 yil 15 mart kuni Toshkent tuman gaz ta’minot bo‘limi xodimi Davron Nosirov tumandagi Bunyodkor mahallasida fuqaroning uyiga xizmat ko‘rsatish uchun borgan. U gaz hisoblagichga plomba o‘rnatayotgan vaqtda beliga o‘q kelib tekkan.

Jabrlanuvchi darhol Toshkent tibbiyot akademiyasi shoshilinch jarrohlik bo‘limiga olib kelinadi. Lekin 16 martga qadar ham shifokorlar uning tanasidagi o‘qni olisholmagan. Shundan so‘ng bemor Mudofaa vazirligining Markaziy harbiy gospitaliga olib kelinadi. U yerda bemor tanasidan o‘q olib tashlanadi.

Bemor tanasidan olingan metall jism

Tayinlangan sud-ballistik ekspertiza xulosasiga ko‘ra, Davron Nosirovning tanasidan olingan metall jism (o‘q) Dragunov merganlik quroli (SVD)ning 7,62 kalibrli o‘q qismi bo‘lib chiqadi. Ma’lum bo‘lishicha, undan 15 mart kuni Davron Nosirov xizmat ko‘rsatayotgan mahalla yaqinida joylashgan Jamoat xavfsizligi universitetining o‘quv mashg‘ulotlari jarayonida foydalanilgan. Bu haqda prokuratura tomonidan jabrlanuvchi ishlaydigan Toshkent tuman gaz ta’minot bo‘limi va u sirtqi ta’limda o‘qiydigan Milliy universitet rahbariyatiga yuborilgan ma’lumotnomada aytiladi.

Foto: Getty Images

7,62 mm kalibrli Dragunov merganlik miltig‘i – 1957-1963 yillarda Yevgeniy Dragunov boshchiligidagi konstruktorlar guruhi tomonidan ishlab chiqilgan. 1963 yildan boshlab SSSR armiyasida foydalanish boshlangan. Hozirgacha MDH davlatlari, Yaqin Sharq, Hindiston va Xitoy kabi yirik davlatlar armiyasidagi asosiy merganlik qurollari sirasiga kiradi.

Yakka jonli nishonlarni yo‘q qilishga mo‘ljallangan qurol optik nishonga olish qurilmasi bilan 1300 metrgacha, ochiq nishonga olish orqali 1200 metrgacha mo‘ljalga oladi.

Samarali otish masofasi – 800 metr, nishonlarni samarali yo‘q qila olishi mumkin bo‘lgan masofa – 3800 metr.

Qurolning og‘irligi 4,3 kg, uzunligi 1220 mm, patron sig‘imi 10 dona o‘q.

Ma’lum qilinishicha, hodisadan ikki hafta o‘tib, 2022 yil 29 mart kuni holat yuzasidan Toshkent harbiy prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 297-moddasi (Atrofdagilar uchun katta xavf manbayi bo‘lgan qurol-yarog‘, shuningdek modda va buyumlar bilan muomalada bo‘lish qoidalarini buzish) 1-qismi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atiladi. Nosirovning aytishicha, tergovchi unga 2,3 km uzoqlikdan daydi o‘q kelib tekkanini aytgan.

Xaritada Nosirov yaralangan joy va Milliy gvardiyaga qarashli ta’lim muassasasi o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri masofa 2 kmga yaqin ekanini ko‘rish mumkin.

“Dastlabki ekspertiza xulosasida yengil jarohat deb yozib berishgan ekan, lekin ancha vaqtgacha og‘riq qolmadi. Bir oyog‘imdagi og‘riq ikkinchisiga ham o‘ta boshladi. Keyin markaziy harbiy gospitalda yana ekspertiza qilishga to‘g‘ri keldi”, – deydi Nosirov.

Qurolli Kuchlar Markaziy Sud-tibbiy ekspertiza markazi tomonidan o‘tkazilgan keyingi tekshiruvda mutaxassislar o‘qotar qurol ta’sirida Davronbek Nosirovning o‘tirg‘ich nervi zararlanganini, o‘qning mexanik va kontuzion ta’siri ostida jarohatlar va uning asoratlari yuzaga kelganini tasdiqlaydi.

Shuningdek, bu jarohatlar, keyinchalik qoldiq asoratlar kechmasa, fuqaroni 10 foizdan 33 foizgacha bo‘lgan mehnat qobiliyatini turg‘un yo‘qotishiga olib keladigan o‘rtacha og‘irlikdagi tan-jarohati sifatida baholanadi.

Ekspertiza xulosasi

Oradan bir hafta o‘tib, 24 may kuni Toshkent harbiy prokuraturasi ish doirasida, Jamoat xavfsizligi universitetida o‘tkazilgan mashg‘ulotlarga mas’ul mansabdor-ofitserlar harakatida JKning 207-moddasida (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) hamda 2-kursantlar bataloni 4-vzvod 242-o‘quv guruhining bir nechta kursantlari harakatida JK 297-moddasida sodir etilgan jinoyat tarkibi mavjud emas deb topadi.

Jinoiy ish JPKning 83-moddasi 2-bandiga asosan harakatdan tugatiladi.

Toshkent harbiy prokuraturasi xabarnomasi

Qurolli Kuchlar Markaziy Sud-tibbiy ekspertizasining yuqoridagi xulosasida fuqaro Davron Nosirovga tekkan o‘q aynan Jinoyat kodeksining 297-moddasida nazarda tutilgan atrofdagilar uchun katta xavf manbayi bo‘lgan qurol-yarog‘, shuningdek, o‘q-dori bilan muomalada bo‘lish qoidalari buzilishi natijasida badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazilganini tasdiqlangan edi.

Shuningdek, tergov xulosasida o‘qotar quroldan jarohatlangan fuqaroga salomatligini tiklash uchun sarflangan moddiy xarajatlar va ma’naviy zararni undirish uchun fuqarolik sudiga murojaat qilishi mumkinligi aytiladi.

Ayni vaqtda ham Toshkent tibbiyot akademiyasi klinikasida davolanayotgan jabrlanuvchi ish yopib yuborilganidan hamda sog‘lig‘ini tiklash uchun tinimsiz sarflanayotgan moddiy zararlar qoplanmayotganidan norozi ekanini aytmoqda.

“Oilamda yolg‘iz boquvchiman, lekin 2,5 oydan beri deyarli yotibman, ortiqcha harakat qilolmayman. “ToshMI”, harbiy gospital va boshqa kasalxonalarda o‘z hisobimdan yotdim, uyda dorilar olib davolandim. Jami 7 ming dollar atrofida pul ketdi, sog‘ligimni tiklayman deb do‘stlarimdan qarz bo‘lib qolganman.

Jabrlanuvchi Davron Nosirov

Kasalxonaga tushganimdan beri biror marta Milliy gvardiyachilar kelib ko‘rishmadi. Tinch zamonda snayperdan o‘q yeb mehnatga yaroqsiz bo‘lib yotibman, bu yerda jinoyat alomatlari yo‘q, deb ishni yopvoryapti. Tergovchi oxirgi xulosani berib, o‘sha yerda familiyasi kelgan xohlagan birortasining ustidan sudga ariza ber, qurolni kim ishlatganini bilmaymiz, deydi. Qanday qilib bilmaslik mumkin, axir qurol kimgadir biriktirilgan bo‘ladi-ku”, – deydi Davron Nosirov.

Kun.uz bilan gaplashgan Milliy gvardiya Jamoat xavfsizligi universiteti prorektori Ikromjon Mahmudov jabrlanuvchiga yordam berilganini ma’lum qildi.

“Bu holatda ekspertiza tomonidan otilgan o‘q aynan bizning universitetdan chiqqani tasdiqlangach, biz o‘sha oilaga 3 marta bordik. Xodimlarimiz o‘rtada 10,5 million so‘m pul yig‘ib, oilasiga tashlab keldik. Keyin sog‘ligi tufayli borolmagani uchun o‘qiyotgan joyi – Milliy universitetda muammolari bor ekan. O‘zMU rektoriga vaziyatni tushuntirib, masalani hal qilishga yordam berdik.

O‘q masalasiga kelsak, tir – o‘q otish joyimiz chuqurlikda joylashgan va xavfsizlik choralari ko‘rilgan. Tepa qismi ochiq bo‘lsa ham, nishonlarning orqasida beton to‘siqlar bor. 30 yildan buyon shu yerda mashg‘ulotlar qilinadi, lekin hech qachon bunaqa holat bo‘lmagan. O‘q qanday qilib chiqib ketganini hech kim bilmaydi.

Shu o‘qni aynan kim otganini ham aniqlashning iloji yo‘q. Chunki tirda kursantlar birdaniga 8 ta yo‘lakdan o‘q otadi. Davron Nosirovga o‘q tekkan vaqtda ham shunday bo‘lgan. Patronning faqat gilza qismida raqam bo‘ladi, uchib chiqadigan o‘q qismida esa hech qanday yozuv bo‘lmaydi.

Biz jabrlanuvchiga qonun doirasida har qanday yordam berishga tayyormiz. Oldilariga borganda ham aytdik, sudga murojaat qilinglar, deb. Sud qarori bilan yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni to‘lab beramiz, biz bundan qochmaymiz”, – dedi Jamoat xavfsizligi universiteti prorektori.

Davron Nosirovning ish beruvchisi hisoblangan “Hududgazta’minot” AJ matbuot kotibi Mehribon Mametova u bilan sodir bo‘lgan voqeadan xabardor ekanini aytdi.

“Hududiy kasaba uyushmasi boshlig‘i tuman bo‘limi rahbarlari uni oldiga borib holidan xabar olishgan. Shuningdek, unga tegishli hujjatlarni taqdim qilganda qonunchilikda ko‘rsatilgan yordamlarni olishi haqida tushuntirishlar berilgan. Hozir u rasman “bolnichniy”da, ishdan bo‘shatilmagan. Biz xodimlarimizni tashlab qo‘ymaymiz”, – dedi u.

Harbiy prokuratura matbuot kotibi Kun.uz muxbiri bilan suhbatda jabrlanuvchining onasi yozgan ariza asosida Toshkent harbiy prokuraturasi tomonidan ishni qayta ko‘rish boshlanganini ma’lum qildi.

Ko‘proq yangiliklar: