Kambag‘allikka qarshi kurash: nima to‘g‘ri, nima noto‘g‘ri bo‘lyapti? - Behzod Hoshimov bilan suhbat

Jamiyat 14:14 / 03.06.2022 28877

Suhbatimiz may oyi oxirida Buxoroda o‘tkazilgan O‘zbekiston Kambag‘allikni qisqartirish xalqaro forumi doirasida bo‘lib o‘tdi. AQShda istiqomat qiluvchi, Viskonsin universiteti doktoranti bo‘lmish Hoshimov bu forumdagi sessiyalardan birida moderator sifatida ishtirok etdi.

Behzod Hoshimov — O‘zbekistonlik iqtisodchi va jamoat faoli. «Iqtisodchi kundaligi» blogi, YouTube’dagi Hoshimov’s Economics (Hoshimov Iqtisodiyoti) videoblogi muallifi. U Daron Ajyemo‘g‘li va Jyeyms Robinsonning «Mamlakatlar tanazzuli sabablari: Qudrat, farovonlik va kambag‘allik manbalari» kitobining o‘zbekcha tarjimasiga muharrilik qilgan. «Yuksalish» umummilliy harakati o‘tkazgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra? O‘zbekiston blogerlar va inflyuyenserlarining 30 talik ro‘yxatidan joy olgan. Behzod Hoshimov Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha Oksus jamiyati, Amerika Iqtisodchilar Assotsiyatsiyasi va AQShdagi Strategik menejment jamiyati a’zosi. AQSh Patent va Tovar belgilari idorasidan iqtisodiy model patenti sohibi va Xalqaro iqtisodiyot olimpiadasi (IEO) hakamlar hay’ati a’zosi. U ayni vaqtda O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zosi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Budjet masalalari qo‘mitasi huzuridagi ekspertlar kengashi va «Mikrokreditbank» kuzatuv kengashi a’zosi hisoblanadi.

— Bu kabi forumlar muammolar yechimiga yaqinlashtiradimi, o‘zi ularni o‘tkazishdan maqsad nima?

— Hamma forumlar haqida bir xil gap aytolmayman. Konferensiya, forum kabi fikr almashish maydonlarining juda ham oliyjanob maqsadlari bor – mutaxassislar, olimlar, ekspertlarni bir maydonchaga jamlab, ularga qandaydir masalani berish. O‘zbekistonda kambag‘allik mavjud va uni qanday yechsa bo‘ladi, qanday tajribalarni o‘rgansak bo‘ladi va kelajakda iqtisodiy siyosatni tuzayotganimizda boshqa jamiyatlar qilgan xatolarni qilmaslik kabi masalalar ko‘tarilishi uchun bunday forumlarning foydasi bor, desam bo‘ladi.

Keyingi qadamlarda, biz iqtisodiy kambag‘allikka qarshi kurashish siyosati ustida o‘ylayotganimizda forumda yangragan mutaxassislar fikrini ishlata olamiz. Agar haqiqiy mutaxassislar fikrini eshitsangiz, ular bir necha yillik xatolar va necha milliardlik yo‘qotishlar oldini olish borasida maslahat berishadi.

Ilmga yondashib siyosat olib borishning yaxshi tarafi shundaki, oldingi jamiyatlar qilgan xatolarni takrorlamaysiz. Bunday maydonlarning afzalliklari qisqa vaqt ichida bir necha odamlarning bir masala yuzasidan fikrlashga va bergan takliflarini tahlil qilish imkoniyatiga ega bo‘lasiz.

Forumlarning samarali yoki samarasiz o‘tishida bir muhim kriteriya bor – agar siz hammani forumga chaqirib, bizda hammasi zo‘r, hech qanaqa muammomiz yo‘q, deydigan bo‘lsangiz, bunday forumlar samarasiz bo‘ladi. Muammolar bor va ularni qanday yechsak bo‘ladi, deb sidqidildan gapirsangizgina o‘sha xalqaro ekspertlar sizga taklif berishi mumkin.

Kasal bo‘lib, shifokorlarning oldiga borsangiz, o‘zingizdagi muammolarni aytasiz va shifokor sizga tashxis qo‘yadi. Lekin siz doktorga borib, menda hammasi yaxshi, bir necha yildan beri o‘zimni yaxshi his qilyapman, desangiz, bundan foyda yo‘q. Nazariyada forumlarning foydasi bormi desangiz, javob – ha, hamma forumlar har doim foydalimi desangiz, javob – yo‘q.

Bu forumning hamma sessiyalarida qatnasha olmadim, chunki 2ta sessiya bir paytda bo‘ladi, ikkinchidan, ayrim sessiyalarda moderatorlik qilganim uchun tayyorlandim. Ikkita fikr eshitdim: O‘zbekistonda hammasi yaxshi, mana shunday narsalar qilib kelyapmiz, deb o‘zimizni maqtaganimiz ham bo‘ldi, lekin muammolar haqida samimiy suhbatlar ham bo‘ldi.

Xulosam, bizda hech qachon muvaffaqiyat, yaxshi narsalar bo‘lmadi, deya olmayman, balki qilingan narsalar haqida gapirish kerakdir, ammo ekspertlardan fikr eshitmoqchi bo‘lsak, ularga yutuqlarimiz haqida gapirish ma’noga ega emas. Tanqidiy tahlil eshitishimiz kerak, maqtov uchun boshqa platformalar bor.

— Kambag‘allikni qisqartirish iqtisodiy o‘sishga teng, degan nazariyaga ko‘p to‘xtalasiz. Buning uchun esa savdodagi to‘siqlar olib tashlanishi kerak, deb hisoblaysiz. Kambag‘allikka savdodagi to‘siqlarning bog‘liqligi qanday?

— Har doim ixtiyoriy mamlakatda, ayniqa, O‘zbekistonda kambag‘allik muammosi iqtisodiy o‘sishga teng. Agar biz iqtisodiy o‘sishga erishsak, albatta, shartli ravishda kambag‘allik qisqarib boradi. Jamiyatda resurslar ko‘p bo‘lsa, u jamiyatning qiynalgan aholiga yordam berish imkoniyatlari ham ko‘p bo‘ladi.

Hamma boy bo‘lsa, qiynalgan odamlarga yordam berishga imkoniyatlarimiz kengayadi. Resurslarimiz kam bo‘lsa, kimga qanday yordam beramiz – bu birinchi masala.

Kambag‘allikka qarshi kurash deganda, qanday qilib nogironlarga, beva ayollarga pul tarqatish tizimi haqida emas, yomon iqtisodiy ahvoldan yaxshi iqtisodiy ahvolga olib chiqish haqida qayg‘uraman va aytib kelaman. Kambag‘allikni qisqartirish va iqtisodiy o‘sishga erishish – ayni tushunchalar, ularning farqi yo‘q.

Savdoga cheklovlar haqida gapiradigan bo‘lsak, erkin savdoga bo‘lgan bojlar, notarif barerlar, logistik cheklovlar – hammasi zarar, zarar va zarar. Bu degani mamlakatimizning iqtisodiy ko‘lamini qisqartiruvchi choralar.

Albatta, kambag‘allik haqida qayg‘ursak, iqtisodni qisqartiruvchi choralarni ko‘rmasligimiz kerak. Ulardan biri bu – savdoga to‘siqlar.

Agar kambag‘alligimizga sabab faqat savdoga to‘siqlarmi, desangiz, javob – yo‘q. Savdoga to‘siqlar qabul qilingan va qabul qilinayotgan qarorlarning natijasi va oqibati. Moliyaviy nuqtayi nazardan qiynalgan, ya’ni kambag‘al insonlarning iste’moli juda ham savdo cheklovlariga bog‘liq. Qanaqa ma’noda? Kam pul topadigan insonlarning yagona maqsadi – o‘zi va bolalarining qornini to‘yg‘azish, ya’ni yetarli miqdorda kaloriya iste’mol qilib jon saqlash. Ularning daromadi asosiy qismi oziq-ovqat sotib olishga ketadi. Oziq-ovqat masalasida savdoga cheklov qo‘yish o‘sha odamlarning daromadini qisqartiradi.

Deylik, kambag‘al odam 100 so‘m pul topsa, 90 so‘mini oziq-ovqatga ishlatadi. Savdoga cheklovlar tufayli 90 so‘mlik oziq-ovqati 99 so‘m bo‘lib qoladi. Bu ularning sharoitini keskin yomonlashtiradi. Lekin boy odam 1000 so‘m topsa, 300 so‘mini oziq-ovqatga sarflaydi. Boj oshsa, ularga atigi 10 foizga oshadi – 330 so‘m, nisbiy ravishda narx daromadiga nisbatan sezilarsiz oshadi. Shuning uchun kambag‘al insonlarga bunday cheklovlar juda sezilarli bo‘ladi.

Xulosa qilib aytganda, bojlar iqtisodiy o‘sishga to‘sqinlik qiladi, ikkinchidan, tarif va notarif barerlar kambag‘allarning ahvolini yanada yomonlashtiradi. Shartli inflatsiya haqida gapirsak ham, kambag‘allarga inflatsiyaning ta’siri kuchliroq bo‘ladi. Shuning uchun bu narsa juda muhim.

— Savdoga cheklovlar keyingi yillarda aksincha oshib borgandek. Kambag‘allikni qisqartirishni maqsad qilgan O‘zbekiston savdoga cheklovlarni yumshatishi kerak emasmidi?

— Kerak edi. Lekin kambag‘allikka qarshi kurash bilan bojlar bitta iqtisodiy siyosatning g‘oyasida bo‘layotgan masala emas. Ularni bir-biridan alohida harakat qilib kelayotgan mexanizmlar desak bo‘ladi, bizda bojlarni oshirishyapti – kambag‘allikni ko‘paytirish uchun ham emas, kamaytirish uchun ham emas, balki boshqa maqsadlarda. Lekin bu bevosita iqtisodiyot hajmiga, kambag‘allarning ahvoliga shu bojlar albatta salbiy ta’sir qilmoqda.

O‘rtacha boj oshdimi-oshmadimi deb so‘rayapsiz – o‘rtacha bojlar deganda yaxshi formulamiz yo‘q. Chunki o‘rta arifmetik qiymat xato bo‘ladi. Mamlakatda ikkita tovar bo‘lsa, bittasiga 10, yana biriga 100 foiz boj bo‘lsa, o‘rta arifmetik qiymat – 55 foiz. Lekin bu ma’noga ega emas. Chunki 10 foiz boj qo‘yilgan tovarlar olib kiriladi, 100 foiz boj qo‘yilgan tovarlar esa olib kirilmaydi.

Masalan, O‘zbekistonda mashina va shakar mavjud deylik. Mashinaga 100, shakarga 5 foiz boj bor deb tasavvur qilaylik. O‘rta arifmetik bojimiz 55 foiz bo‘ladi. Bu ma’noga ega emas, chunki biz mashinalardan ko‘ra shakarni ko‘proq iste’mol qilamiz. Endi tasavvur qiling, biz shakarni mashinadan ko‘ra ancha ko‘proq iste’mol qilamiz, shunda o‘rta arifmetik hisoblasangiz, o‘rtacha boj 5 foiz bo‘ladi. Mashinaga boj oshgani sari o‘rtacha boj tushib borishi mumkin, chunki odamlar mashinani olib kirmay qo‘yadi. Bu formula bizga bojlar oshdimi, degan savolga yaxshi javob bera olmaydi.

Istalgan amaldor sizga bojlar tushdi deyishi mumkin, yo o‘rtacha hisoblanganini aytadi yoki o‘rta arifmetikni aytadi – o‘ziga qulay tarzda istalgan natijani aytishi mumkin. Ikkovi ham ma’noga ega emas.

O‘zbekistonda katta savdoga cheklovlar notarif to‘siqlar orqali ham bo‘ladi. Xabaringiz bo‘lsa kerak, utilizatsiya yig‘imi bor; yoki qaysidir mamlakatda ishlab chiqarilgan dorini olib kirmoqchi bo‘lsangiz, siz “O‘zstandart” degan agentlikdan sertifikatsiya olib kelishingiz kerak. Bu tarif emas, lekin xarajat. Qancha litsenziyalar ko‘p bo‘lsa, tovar olib kirish shuncha qiyin bo‘ladi. Masalan, biror davlat boshqa davlatga cheklovni sanitar qoidalar orqali qo‘llaydi, sanitar talablarga to‘g‘ri kelmaydi degan cheklovlar mavjud. Bundan tashqari, logistik cheklovlar – O‘zbekistonda transport va logistika masalasida davlatning o‘rni katta bo‘lgani uchun transport xarajatlari katta, chunki chetda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni O‘zbekistonga olib kirishni bular qimmat qilib qo‘yadi. Shuning uchun umumiy qilib savdoga to‘siqlar degan so‘zni ishlatgim keladi, chunki boj bu to‘siqlarning bittasi.

— O‘zbekistonda ijtimoiy himoyaga muhtojlar bandligini ta’minlash uchun ularga imtiyozli kreditlar ajratilib, tadbirkorlikka yo‘naltirilyapti. Biroq amalda bu ijobiy natija bermayotgandek. Buni tovuq boqish mojarolarida ham ko‘rsa bo‘ladi. Shu borada fikringiz qanday?

— O‘zbekistonda pulning narxi qimmat, ya’ni inson kredit olib nimadir ish boshlashi qimmat turadi. Bankda foizlarni bilamiz. Uning ustiga, qandaydir kafolatlar berishingiz kerak, biror mulkingiz bo‘lishi kerak kredit olish uchun. Hukumat shunday qarorga keldiki, bankdan qarz oladigan qismini soliq to‘lovchilar hisobiga qoplaymiz deb, chunki pulning narxi qimmat. Lekin iqtisodda bir prinsip bor: tekinga hech narsa yo‘q. Qaysidir narsani arzonlashtirish, nimadirni qimmatlashtirish evaziga bo‘ladi.

Hozirgi O‘zbekistondagi siyosatning asosiy ma’nosi shuki, kreditlar siyosati hamma uchun pulning narxini qimmat qilib qo‘yadi. Mavjud pul mablag‘laridan qaysidir qismini imtiyozlar uchun bersangiz, umumiy narx chiqishi uchun tijoriy qismining narxi oshishi kerak. Qandaydir balans bo‘lishi kerak.

Ikkinchidan, moliyaviy institutlar qanday ishlaydi – siz ulardan mablag‘ olmoqchi bo‘lsangiz, ular sizni tadbirkor sifatida o‘rganadi. Ya’ni siz kreditni to‘lay olasizmi deb. Keyin sizga qarz berish yoki bermaslik borasida bir qarorga kelishi mumkin. Agar moliyaviy tashkilotlar sizga yoki shartli dehqonga pul bermaslik qaroriga kelgan bo‘lsa, demak ularning risklari sizdan oladigan foydadan ko‘ra balandroq. Agar bu jarayonga davlat aralashib, qarzni kimga berish yoki bermaslik kerakligini hal qilsa, demak davlat mavjud axborotni chalg‘itadi.

Inson o‘zi ham bilmaydi kreditni to‘lay oladimi-yo‘qmi, bankka borgandan keyin ular o‘ylab aytishadi: “sizga bera olamiz, yoki yo‘q”. Bunga davlat aralashsa, rag‘batlarni noto‘g‘ri qo‘yadi va qurbi yetmaydigan odam ham o‘sha kreditni olishga imkoniyati bo‘ladi.

Bu – mablag‘larni samarasiz tarqatish bilan birga, o‘sha insonlarni bilmagan holda, ba’zan xohlamagan holda juda chuqur moliyaviy o‘ra ichiga tushirib qo‘yadi. Shuning uchun, o‘ylaymanki, kredit va qarz pullarini tarqatishda davlat institutlari, ayniqsa, davlat hokimiyati institutlari aralashmasligi maqsadga muvofiq. Shunda moliyaviy bozorda resurslar to‘g‘ri taqsimlanadi.

— Hozir hukumat kambag‘allikni odamlarni tadbirkor qilish bilan hal qilmoqchi. Bu borada fikringiz qanday?

— Bizda masala – ish joylarini yaratish. Hukumat o‘ylayaptiki, odamlarni tadbirkorlikka o‘rgatsak, ular ish joyini yaratadi, deb. O‘zbekistondagi muammo – nechta odam tadbirkor bo‘lib ishlashi emas, odamlar bor korxonalarini kengaytira olmasligi.

Hozir mavjud xo‘jalik sub’yektlarining va ularda ishlaydigan ishchilar sonini oling. Bitta korxonaga 2tadan ko‘p ishchi to‘g‘ri kelmaydi. Ya’ni O‘zbekistonda o‘rtacha firmaning hajmi – 2 kishi. Bu degani O‘zbekistonda odamlar tadbirkor bo‘lishi muammo emas, tadbirkorlar o‘z ishini yuritib ketishi va kengayishi qiyin.

Bizda hech qachon tadbirkorlik qilmagan odamni tadbirkorlikka olib kelish masalasi ko‘rilyapti. Undan ko‘ra, boshqa tadbirkorlarga imkoniyatlarni kengaytirish kerak. Qanday qilib? Bozordagi risklarni kamaytirish orqali.

Hozir odamlarga kredit berish muammo bo‘lmasdi, agar bu boshqa tadbirkorlar uchun xarajat bo‘lmasa. Siz kimgadir imtiyozli kredit beryapsizmi, mavjud tadbirkorlar uchun kredit narxi oshyapti, xolos.

Dunyo tajribasidan kelib chiqsak, eng yirik kompaniyalar – eng ko‘p ish joylarini yaratuvchilar bo‘ladi. Ya’ni ularda odam ko‘p ishlaydi va birinchi 5 yilda 90 foiz tadbirkorlik sub’yektlari bankrot bo‘ladi. Bu normal narsa.

O‘zbekistonda kambag‘allikka qarshi kurashda asosiy muammo odamlarni ko‘proq tadbirkor qilish emas, tadbirkorlarni iloji boricha samarali qilish.

— O‘tgan davr mobaynida kambag‘allikni qisqartirish uchun turli choralar ko‘rildi. Lekin ularning hammasi ham samarali emasligi ko‘rinib qolyapti. Bu borada siz qanday choralardan voz kechilishi kerak va qaysi choralarni qo‘llashni davom ettirish lozim, deb o‘ylaysiz?

— Ixtiyoriy maxsus loyihalar asosiy muammomizni yechmasligimizga sabab bo‘lmoqda. Kambag‘allikni qisqartirishning yagona yo‘li – iqtisodiy farovonlikni ta’minlash. Biz kambag‘allikni qisqartirishda qandaydir dasturlar, ijtimoiy mablag‘larni tarqatish bilan yondashsak, o‘zimiz uchun muammoni hal qilayotgandek his qilamiz, lekin asosiy masalani yechmaymiz.

Asosiy masaladan chalg‘itadigan dastur va loyihalar maqsadning ildiziga olib kelmaydi. Mening nazdimda ular samarasiz, ma’muriy va aql resurslarimiz hamda boshqa nuqtayi nazardan. Biz barcha resurslarimizni, kuch va aqlimizni iqtisodiy taraqqiyotga sarflashimiz kerak. Qanaqadir kichik dasturni rivojlantirishga katta ma’muriy resursni ishlatishimizning, o‘ylaymanki, alternativ xarajatlari nihoyatda baland. Qanaqadir manzilli dasturlar ko‘pincha yaxshi choralarga olib kelmaydi.

Yaxshi narsa shuki, ko‘p masalalarda insonlarga subsidiyalar, pul orqali yordam berishni boshlayapmiz. Masalan, hammaga subsidiyalashgan non bermayapmiz, kimgadir non olishga emas, kambag‘allik ro‘yxatiga kirgan odamlarga ixtiyoriy narsa sotib olishga samaraliroq. Chunki u o‘ziga nima kerakligini biladi – non, kartoshka yoki kiyim. Lekin kartoshkaga subsidiya qilsak, u odam haftasiga 2 kg kartoshka yesa yeydi, lekin uning iqtisodiy xarajatlari ko‘p.

Xuddi shunday, elektrga subsidiyalar iqtisodiyotni qimmatlashtirib, hammamizga qimmatga tushgan. Shu narsalardan voz kechib, haqiqatan qiynalgan insonlarga nogironlarga, shu kabi guruhlarga yordam berishimiz yaxshi bo‘ladi.

Yana bir narsani esdan chiqarmaslik kerak: imtiyozlar, ayniqsa, imtiyozli kreditlar yoki imtiyozlar orqali qandaydir imkoniyatlar berish doim xarajati bilan keladi. Imtiyoz so‘zi bormi, bu kimdandir nimadir olayotganimizni anglatadi. Masalan, imtiyozli kredit degani boshqalarga qimmat kredit, imtiyozli elektr kimdir qimmat to‘layapti degani. Har bitta imtiyozning manfaatdorlari bo‘lsa, zarar oladiganlari ham bo‘ladi, biz zarar ko‘rayotganlar haqida o‘ylamaymiz. Iloji boricha, imtiyozlar va imtiyozli kreditlardan voz kechishimiz kerak.

— Lekin odamlarga baliq bergandan ko‘ra, baliq berishni o‘rgatish foydali, degan fikrlar ham bor.

— Odamlarga pul beramiz, ular boqimanda bo‘lib qoladi, degan qarashlar O‘zbekistonga xos emas. O‘z mehnati bilan pul topa olmaydigan odamlar – deylik, nogironlarga pul bermaslik uchun kontrargument yo‘q. Yoki 18 yoshgacha bo‘lgan oilasi kambag‘allikda yashaydigan bolalar uchun pul berishni hech narsa rad eta olmaydi.

“Mehnatga layoqatli shaxslar davlatdan ko‘p pul olib yuborsa, ular ishlamay, boqimandalikka olib keladi”, deb o‘ylash mumkindir, lekin O‘zbekistonda hayot shunchalik qimmat va hukumat resurslari shunchalik cheklanganki, unchalik ko‘p pul berib odamlarni boqimandalikka olib kela olmaymiz. Bu – AQSh, Norvegiya singari boy davlatlarda bor, lekin hozirgi O‘zbekistonda, o‘ylaymanki, bu masala kun tartibida emas.

Pul tarqatish imtiyoz berishdan ko‘ra foydali. Hammaga subsidiyalashgan non bergandan ko‘ra, manzilli tarzda haqiqatan qiynalgan odamlarga non uchun pul bergan yaxshiroq. Chunki ular orada pul yo‘qotmaydi, subsidiya berish teshik chelakda suv tashishdek gap, orada ko‘p to‘kilib ketadi.

Madina Ochilova suhbatlashdi.
twitter.com/MBahadirovna

Operator va montaj ustasi – Muhiddin Qurbonov.

Ko‘proq yangiliklar: