Uloqtirilgan reklama bannerlaridan internet do‘koni ochishdagi muammolargacha - SSPda kreativ sanoat muammolari muhokama qilindi

Jamiyat 16:30 / 02.06.2022 11481

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tashabbusi bilan ijodiy sanoatning og‘riqli nuqtalari qayerda ekani, xizmat ko‘rsatish iqtisodiyoti sohasi rivojiga qanday turtki berish mumkinligini bevosita o‘rganish maqsadida mamlakatimiz tadbirkorlari bilan navbatdagi uchrashuv tashkil etildi.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2022-2026 yillarda Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasi to‘g‘risida”gi qarorida ko‘zda tutilgan maqsadlardan biri xizmat ko‘rsatish iqtisodiyoti sohasida 3,5 million ish o‘rnini yaratishdan iborat.

Kreativ sanoat – iqtisodiyotning asosan g‘oyalar va texnologiyalar hisobiga rivojlanuvchi intellektual faoliyat bilan bog‘liq tarmog‘i hisoblanadi. Bularga turizm, umumiy ovqatlanish, hunarmandchilik, arxitektura va dizayn, moda va dizayn, galereya va ko‘rgazmalar, kino, teatr, prodyuserlik, reklama va boshqalar kiradi.

O‘zbekistonda ushbu soha jadal sur’atlarda rivojlanmoqda, har kuni dizayn va prodyuserlik xizmatlarini taklif etuvchi kompaniyalar, xalqaro ko‘rgazma, festival va tanlovlarda mamlakatimiz sharafini himoya qiluvchi ko‘plab ijodkor yoshlar, moda sanoati bozorida ham ichki, ham eksport uchun talab va takliflar soni ko‘payib bormoqda. Biroq hali ham hal qilinishi kerak bo‘lgan tizimli muammolar mavjud.

Tadbirkorlar bilan ochiq muloqot qilishning yangi formati Savdo-sanoat palatasining yangi an’anasiga aylanib bormoqda.

Shu jumladan, navbatdagi uchrashuvda kreativ sanoat vakillari Savdo-sanoat palatasi faoliyati haqida ko‘plab yangi ma’lumotlar oldi. Tadbirkorlar palataning yangi raisi Davron Vahobov bilan shaxsan tanishdilar. Shundan so‘ng, rais soha vakillarining duch kelayotgan muammolari haqida suhbat olib bordi.

Individual va davlat darajasida hal qilinishi kerak bo‘lgan tizimli muammolar borligi aniqlandi. Yig‘ilishda tashkil etilgan an’anaga ko‘ra, tadbirkorlardan soha rivojiga to‘sqinlik qilayotgan sabablar bo‘yicha takliflar va vakolatli organlarga tahliliy bayonnomalar tuzib chiqish uchun aniq yechimlar yig‘ib chiqildi.

Navbatdagi yig‘ilish O‘zbekiston hududlarida go‘sht-sut, non sanoatini rivojlantirish va qishloq xo‘jaligi birjalarini tashkil etish masalalariga bag‘ishlanadi.

Eksportni rivojlantirish, qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha o‘tkazilgan avvalgi yig‘ilishlar yozuvlari Savdo-sanoat palatasining YouTube'dagi sahifasida mavjud.

Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati Ⓣ

Ko‘proq yangiliklar: