Qoraqalpog‘istonda noqonuniy lotereya ommalashmoqda. Tegishli organlar negadir bunga ko‘z yumyapti

Jamiyat 17:49 / 31.05.2022 18393

To‘rtko‘l tumanida Youtube va Telegram ijtimoiy tarmoqlarida ochilgan bir nechta kanallar noqonuniy lotereya targ‘ibotiga xizmat qilayotgani ma’lum bo‘ldi. Ularda ta’kidlanishicha, o‘yin tavakkalchilikka asoslangan. O‘yinga bir nechta avtomobil va kichik pul yutuqlari qo‘yiladi hamda 2500-3000 dona chipta (oddiy raqamlangan qog‘oz) chiqariladi. O‘yin ishtirokchilari chipta sotib olish uchun tashkilotchilar tomonidan aytilgan karta raqamiga 200-250 ming so‘m yoki Rossiyada bo‘lsa 1000-1500 rubl atrofida mablag‘ o‘tkazadi. Barcha chiptalar sotib bo‘lingach, o‘yin o‘tkaziladi.

Tegishli organlar bu jarayonga ko‘z yumayotganga o‘xshaydi. Negaki, noqonuniy o‘tkazilayotgan mazkur lotereya o‘yinlari allaqachon 100 tirajga yaqinlashib qolgan. Jumladan, “Turtkul95shov” Telegram kanali joriy yil 27 may kuni 91-tur o‘yinini o‘tkazgan.

Mazkur kanal 2021 yilning boshidan buyon tavakkalchilikka asoslangan ushbu o‘yinni o‘tkazib kelayotgani esa tumandagi huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini shubha ostiga qo‘yadi. Yoki Telegram tarmog‘idagi “Ali egam”kanali ham ochiq-oydin shu turdagi o‘yinni reklama qilib, o‘tkazib kelayotgani ma’lum bo‘ldi.

Har ikki guruh ishtirokchilari o‘yinga qo‘yilgan mashinalarni reklama qilish orqali jalb etilgan. Achinarlisi, tashkilotchilar Rossiyada muhojirlikda ishlab yurganlarni ham kun sayin o‘yin domiga tortib borayotganligini ko‘rish mumkin.

Aslida Vazirlar Mahkamasining 2007 yil 16 avgustdagi «Qimor o‘yinlarini tashkil etish va o‘tkazishni yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston hududida qimor o‘yinlarini va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni (shu jumladan totalizatorlar) tashkil etish va o‘tkazish (tirajli, bir lahzali va raqamli lotereyalardan tashqari), qimor o‘yinlarini va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazish uchun telekommunikatsiya tarmoqlarida, shu jumladan Internet butunjahon axborot tarmog‘i provayderlari tomonidan xizmatlar ko‘rsatish taqiqlangan. Jinoyat kodeksining 278-moddasiga binoan, bunday o‘yinlarni tashkil qilganlik uchun yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanadi. O‘yin tashkilotchilarining noqonuniy daromad olayotgani esa masalaning yana bir tomoni.

Tegishli organlar ushbu “tadbirkorlar” faoliyatiga tezroq chek qo‘ymas ekan, chet elda ishlab yurgan migrantlarning topgan puli oilasiga emas, shu kabi o‘yinlarga hamda olg‘irlarning cho‘ntagiga kelib tushishda davom etadi.

Ko‘proq yangiliklar: