Pentagon Rossiya Ukrainada 1000 ga yaqin tankni yo‘qotganini ma’lum qildi 

Jahon 08:55 / 27.05.2022 12856

Rossiya armiyasi Ukrainada harbiy harakatlar boshlanganidan beri 1000 ga yaqin tankini yo‘qotdi. Bu haqda 26 may, payshanba kuni Financial Times va CNN AQSh Mudofaa vazirligining yuqori martabali xodimiga tayanib xabar berdi.

Vashington ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya, shuningdek, 30 dan ortiq qiruvchi samolyot, 50 ta vertolyot va 350 ta artilleriya qurilmasini yo‘qotdi. Shunga qaramay, Pentagon vakilining so‘zlariga ko‘ra, Rossiyada hujum qilish uchun «ko‘p imkoniyatlar» mavjud. 

«Ular bu jangga dahshatli miqdorda o‘z texnikasi va xodimlarini yo‘naltirdi. Ukrainlar ham yo‘qotishlarga uchramoqda, ruslar ham yo‘qotishlarga duchor bo‘lmoqda. Ruslar bu jangda foydalanishi mumkin bo‘lgan vositalar - odamlar, texnika va qurollar miqdori bo‘yicha haqiqatan ham ustunlikka ega, biz buni yodda tutishimiz kerak», deya qo‘shimcha qildi amaldor.

Uning so‘zlariga ko‘ra, urush boshlanganidan beri Rossiya Ukrainaga 110 ta batalon taktik guruhini jo‘natgan, bu mamlakat jangovar tayyor kuchlarining qariyb 80 foizini tashkil qiladi. 

Ukraina bosh shtabi ma’lumotlariga ko‘ra, urush boshlanganidan beri Rossiya 1315 ta tank, 800 dan ortiq yalpi o‘t ochish qurilmasi va raketa tizimlari, 206 ta samolyot va 170 ta vertolyotni yo‘qotgan. 

Britaniya razvedkasi hisob-kitoblariga ko‘ra, Ukrainadagi harbiy harakatlarning dastlabki uch oyida Rossiya Afg‘onistondagi to‘qqiz yillik urush paytida sovet ittifoqi tomonidan halok bo‘lgan askarlar bilan bir xil miqdordagi harbiylaridan ayrildi. Bunga «noto‘g‘ri taktika, havodan yordam cheklangani va qo‘mondonlik moslashuvchanligining yo‘qligi» sabab bo‘ldi, deya ma’lum qildi Britaniya harbiylari. 

Aprel oyi oxirida Pentagon Rossiya Ukrainada harbiy harakat boshlash uchun yig‘ilgan jangovar kuchlarning chorak qismini yo‘qotgan bo‘lishi mumkinligi haqida xabar berdi. O‘sha paytda texnikaning yo‘qotilishi 500 ga yaqin tank, 300 ta zirhli texnika, 20 ta qiruvchi samolyot va 30 ta vertolyot atrofida baholangan. 

Ko‘proq yangiliklar: